O‘zbekiston | 17:34 / 19.01.2024
27929
6 daqiqa o‘qiladi

“Bitta samolyot chiptasining puliga 2 kishi avtomobilda ketamiz” - Rossiyaga qatnovchi o‘zbeklar

Oxirgi vaqtlarda Rossiya yo‘llarida o‘zbekistonliklar ishtirokidagi bir nechta avtohalokatlar ro‘y berdi. Kun.uz bilan gaplashgan haydovchilar YTHlarga asosan mavsumiy muzlamalar va tezlikni oshirish sabab bo‘layotganini aytishmoqda. Yo‘lovchilar esa havo va temiryo‘l chipta narxlari qimmatligi uchun avtotransport orqali RF oblastlariga chiqish qulayligini bildirishdi. 

11 yanvar kuni Rossiyaning Penza viloyatida, 16 yanvar kuni esa Samara viloyatida ichida hamyurtlarimiz bo‘lgan yengil avtomobil ishtirokida daxshatli avariyalar sodir bo‘ldi. 10 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi, yana 6 nafari turli darajada jarohatlari oldi. 

O‘tgan 2023 yil yilda ham Rossiya hududlarida o‘zbekistonlik yo‘lovchilari bo‘lgan yengil avtomobil miniven yoki avtobuslar ishitrokida ayanchli oqibatlarga olib kelgan yo‘l transport hodisalari kuzatildi. 

Jabrlanayotganlarning aksariyati ishlash va pul topish uchun Rossiya shaharlariga yo‘l olgan hamyurtlarimizdir. Xo‘sh, nega ular bir muncha xavfsiz bo‘lgan samolyot yoki poyezd kabi transport xizmatlari bo‘la turib, xatarli, hamda mashaqqatlarga boy yo‘l usti transportlarini tanlashmoqda? 

Yengil avtomobillarga minib, nasiba izlagancha o‘zga yurtlarga otlangan hamyurtlarimiz bilan suhbatlashdik. Manzilimiz esa “G‘ishtko‘prik” O‘zbekiston-Qozog‘iston chegara o‘tkazish punkti bo‘ldi. 

“2 nafar haydovchi almashib 3 kun yuramiz. Ko‘p haydovchilar qishki balonni taqmay chiqyapti, [yo‘llarda qor ko‘p, muz bor, shuning evaziga yahmalak bo‘lib avtohalokat bo‘lyapti”, – deydi Qashqadaryodan Moskvaga ketayotgan haydovchi. 

“Yo‘ldagi eng katta qiyinchilik bu – tirbandliklar. Keyin yo‘llarda muzlamalar uchrab turadi. [Yo‘llarda] avtohalokat bo‘ladigan jarayonni kuzatolmaymiz-u, lekin yo‘lda muzlamalardan chiqib ketgan avtomobillar uchrab turadi, ko‘p bo‘ladi. Uxlab qolish ham sabab bo‘ladi, lekin asosan shu muzlamalardan-da”,– dedi Isfaradan Rostovga yo‘l olgan tojikistonlik fuqaro. 

Moskvaga qatnovchi andijonlik hamyurtimiz bu yo‘llardagi muzlamalarni tuzlar orqali eritish kerakligi yoki maxsus mashinalar bilan tozalanishini taklif qildi. 

“[Yo‘llarga] qor kuraydigan mashina qo‘yish kerak. Bu avtohalokatlarning oldini oladi-da. YTHlariga asosan tezlik, uxlab qolish sabab bo‘ladi”,– dedi u. 

“Yo‘l yaxshi bo‘lsa, 2 kun yuramiz. Agar yo‘l yomon bo‘lsa, 3 kun bo‘ladi. [Rossiyaga] Tez-tez qatnab turaman. Yo‘kira narxlari 100 dollar, eng arzoni 1 mln – 1 mln 300 ming so‘m.

Yo‘lda bo‘ladigan qiyinchilik shu: ob-havo yomon bo‘lsa, bo‘ron yoki “gololed” bo‘lsa, qiyinchilik bo‘ladi. Ovqatlanish, dam olish tomonidan hech qanday muammo yo‘q. Hamma kafelarning yotoqxonasi bor, haydovchilar uchun sharoitlari bor”,– dedi yana bir o‘zbekistonlik. 

Umuman olganda, aksariyat haydovchilar chegara yo‘llaridagi YTHlar sabablarini yo‘llarning muzlashi, transportga mavsumiy ballonlar taqilmagani, tezlikni oshirish hamda uyqusizlik bilan bog‘lashdi. 

Shuningdek, tahririyat muxbirlarining savollariga Rossiyaga ketayotgan yo‘lovchilar ham javob berishdi. Ularning aytishicha, samolyot yoki poyezddan ko‘ra, avtomobilda safarga chiqish arzonroq tushgani uchun ham aynan shu transport vositasi tanlangan. 

“Nexiada ketyapman, 1 mln 400 ming so‘mga gaplashdim. Samolyotlarning narx-navosi qimmatroq, 3 mln – 3 mln 800 ming so‘m bo‘lyapti”,– dedi Samaraga ketayotgan surxondaryolik yo‘lovchi. 

“Avtomobilda ketish – azob. Yaxshisi, samolyot yoki poyezdda ketish kerak. Bojxonani qarang [tirbandlik nazarda tutilyapti], 1 sutkadan beri turibmiz. 2 sutkada Rostovga yetgan bo‘lardik”,– dedi yana bir yo‘lovchi. 

“Rossiya Federatsiyasi Qozon shahriga ketyapman. Doim qatnayman. Samolyotning bir kishi uchu ketadigan puliga 2 kishi avtomobilda ketsa bo‘ladi”, – dedi andijonlik hamyurtimiz. 

Asli Tyumen shahriga ishlagani ketayotgan asli namanganlik fuqaro ham yo‘lkira narxlari arzonligini, 1 mln so‘mdan 100 dollargacha ekanini aytdi. 

“O‘zi 2 yildan beri [Rossiyaga] chiqaman, avtomobilda qatnayman. Ham arzon, ham qulay”,– deydi u. 

Xo‘sh, avtomobilda qatnash xarajatlari samolyot yoki poyezd chipta narxlaridan qanchalik farq qiladi? Shu savolga javob izlab ko‘ramiz. Ayni vaqt Toshkentdan Rossiyaning 2 ta viloyati: Samara va Volgogradgacha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent-Samara yo‘nalishidagi poyezdning plastkart chipta narxi 1 mln 794 ming 220 so‘m, kupe esa 2 mln 774 ming 560 so‘mni tashkil etadi.  

Havo yo‘llarida ham narxlar yengil avtomobil yoki avtobusnikiga nisbatan qimmatroq. Samaraga borib-qaytish narxlari 3 mln 800 mingdan 4,5 mln so‘mgacha, Orenburgga ikki tomonlama reys esa 4 mln 800 ming so‘mdan, 6 mln 600 ming so‘mgacha deb ko‘rsatmoqda. 

Nima deb o‘ylaysiz: odamlar jonini xatarga qo‘yib ketishi faqat chipta narxlari qimmatligi bilan bog‘liqmi? Yoki biz bilmagan yana boshqa sabablar ham bormi? Tez kunlarda ekspertlar bilan shu mavzuni muhokama qilamiz. 

Dilshoda Shomirzayeva, Baxtiyor To‘xtayev tayyorladi,
Tasvirchilar Abduqodir To‘lqinov, Asror Almurodov,
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid