Jahon | 22:14 / 19.01.2024
9172
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Oyga kosmik kemani muvaffaqiyatli qo‘ndirgan beshinchi mamlakat bo‘ldi 

Qurilma kelajakda Oy qutblari mintaqasida kislorod, yoqilg‘i va suv manbalari mavjudligini o‘rganish imkonini beradigan texnologiyalarni sinab ko‘rish uchun mo‘ljallangan. 

Foto: JAXA

Yaponiya ilk bor Oyga o‘z kosmik kemasini qo‘ndirdi va shu tariqa buni amalga oshirgan beshinchi davlatga aylandi, deb xabar berdi Reuters. 

Qo‘nish nishondan yuz metr radius ichida amalga oshirildi. Yaponiyaning JAXA kosmik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, SLIM («Oyni o‘rganish uchun mo‘ljallangan aqlli qo‘nish moduli») Yer tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga Grinvich vaqti bo‘yicha soat 15:20 da qo‘ndi. Biroq modul bilan aloqa borligi hali tasdiqlanmadi. 

Qurilma kelajakda Oy qutblari mintaqasida Oy ekspeditsiyasi hayotini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan kislorod, yoqilg‘i va suv manbalari mavjudligini o‘rganish imkonini beradigan texnologiyalarni sinab ko‘rish uchun mo‘ljallangan. SLIM o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarishi uchun bir necha oy kerak bo‘ladi. 

Yaponiyadan tashqari, AQSh, SSSR, Xitoy va Hindiston Oyga o‘z kosmik kemalarini muvaffaqiyatli qo‘ndira olgan.

2023 yil 23 avgustda Hindiston Oy yuzasiga Chandrayan-3 missiyasi modulini muvaffaqiyatli qo‘ndirgan edi. U Oyning seysmik faolligini o‘rganish va Oy regolitining termofizik xususiyatlarini aniqlash uchun mo‘ljallangan. 

Mavzuga oid