Jahon | 15:05 / 19.01.2024
4186
5 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament: Vengriya YeKga raislik qila olmaydi

Yevropa kengashi Vengriyaga Yevroittifoq shartnomasining 7-moddasini qo‘llashi kerak, u mamlakat Yevropa qadriyatlariga rioya qilmagani uchun ovoz berish huquqini to‘xtatib turishni nazarda tutadi, deyiladi Yevroparlament rezolyutsiyasida.

Foto: Reuters

Yevroparlament Budapeshtning «Yevropa Ittifoqining asosiy qadriyatlariga putur yetkazishga» qaratilgan «qasddan, qat’iyatli va tizimli» harakatlarini qoralaydi va Yevropa kengashini YeI shartnomasining 7-moddasiga muvofiq, Vengriya hukumati demokratiya tamoyillari va qonun ustuvorligi huquqlarini «jiddiy va qat’iy» buzayotganini aniqlashga chaqiradi. Bu haqda Yevroparlamentning 18 yanvar, payshanba kuni Strasburgda qabul qilingan «Vengriyadagi vaziyat va muzlatilgan YeI mablag‘lari» rezolyutsiyasida aytiladi.

Yevropa Ittifoqi shartnomasining 7-moddasi bandlaridan biri, agar Yevropa yetakchilari Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat demokratiyaning asosiy me’yorlarini muntazam ravishda buzyapti degan xulosaga kelsa, Yevropa kengashi uning ayrim huquqlari, masalan, ovoz berish yoki raislik qilish huquqini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Rezolyutsiyani 345 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 104 nafari qarshi chiqqan, 29 nafari betaraf qolgan.

Ukraina uchun 50 milliard yevroni blokdan chiqarish

Bunday qattiq rezolyutsiyaning qabul qilinishiga so‘nggi yillarda Vengriyada qonun ustuvorligi bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashgani asos bo‘ldi. Bu «zaif guruhlar, jumladan, ayollar, lo‘lilar, migrantlar, boshpana izlovchilar va qochqinlar» hamda ommaviy axborot vositalari erkinligi holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. «So‘nggi o‘n yil ichida Vengriya saylov avtokratiyasining gibrid rejimiga aylandi», — deyiladi rezolyutsiyada.

Yevroparlament deputatlari hujjatda alohida «Vengriya bosh vazirining qarshiligi» tufayli Yevropa kengashi o‘tgan yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida Yevropa Ittifoqi budjetiga o‘zgartirishlar kirita olmaganini eslatib o‘tdi, bu esa Ukrainaga moliyaviy yordam uzluksizligiga xavf tug‘dirdi. 

Rezolyutsiya Vengriya hukumati rahbari Viktor Orbanning bu xatti-harakatlarini «to‘liq hurmatsizlik va Yevropa Ittifoqining strategik manfaatlarini buzish» deb atadi. «Hech qanday sharoitda Yevropa Ittifoqi o‘z qadriyatlaridan voz kechgan holda strategik manfaatlari va ittifoqchilarining manfaatlarini shantaj qilish va savdolashishga yo‘l qo‘yishi mumkin emas», — deyiladi hujjatda.

Yevroparlament deputatlari Yevropa kengashidan 1 fevral kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari YeI sammiti chog‘ida Yevropa Ittifoqi budjetiga o‘zgartirishlar kiritishga chaqirdi. U, jumladan, Ukrainaga kelgusi to‘rt yil davomida 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi.

Vengriya uchun 10 mlrd blokdan chiqarilgani qonuniyligini tekshirish

Yevropa komissiyasining o‘tgan dekabr oyida Vengriyaga ajratilgan 10 milliard yevro miqdoridagi YeI mablag‘larini blokdan chiqarish to‘g‘risidagi qarori Yevroparlament a’zolari tomonidan salbiy qabul qilindi. Ular fikricha, bu qaror to‘g‘ri asoslanmagan va «so‘nggi islohotlardan keyin ham Vengriya sud mustaqilligi standartlariga javob bermaydi». Shu munosabat bilan, Yevropa parlamenti huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasiga Yevropa Ittifoqi Adliya sudida Yevrokomissiyaning Vengriya uchun 10,2 milliard yevroni blokdan chiqarish to‘g‘risidagi qarori qonuniyligini tekshirish bo‘yicha «tezkorlik bilan zarur choralarni ko‘rish»ni topshirdi.

Joriy yilning iyul oyidan boshlab Yevropa kengashiga raislik Belgiyadan Vengriyaga o‘tadi. Biroq, Yevroparlament deputatlari Budapesht ushbu funksiyalarni «yetarlicha bajara olishi»ga shubha bildirdi, chunki Vengriya hukumati «Yevropa qonunchiligi normalarini va Yevropa Ittifoqi shartnomasining 2-moddasida mustahkamlangan qadriyatlarni hurmat qilmayapti».

Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi institutlarida «veto huquqini suiiste’mol qilish va shantaj»ga chek qo‘yish vaqti keldi deb hisoblaydi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni «zudlik bilan Yevropa kengashida qaror qabul qilish jarayonini isloh etish tartibini boshlashga» chaqirdi.

Mavzuga oid