Jahon | 22:02 / 22.01.2024
11768
10 daqiqa o‘qiladi

“Isroil G‘azoda beqaror vaziyat saqlanib qolishidan manfaatdor” - Shavkat Ikromov

Yevroittifoqning bosh diplomati Isroilning o‘zi HAMASni moliyalashtirganini dunyo jamoatchiligining yodiga soldi. Isroil bosh vaziri mustaqil Falastin davlati tuzilishiga qarshi ekanini yana bir bor ta’kidladi. Saudiya tashqi ishlar vaziri esa Falastin davlati evaziga Isroilni tan olishiga sha’ma qildi. Kun.uz “Geosiyosat” dasturida ekspert Shavkat Ikromovdan G‘azo atrofidagi so‘nggi voqealarni sharhlab berishni so‘radi.

— Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri: “Mintaqa, falastinliklar va Isroil uchun ancha yaxshi kelajak sari yo‘l bor, bu tinchlikdir va biz bunga to‘liq sodiqmiz”, dedi. Bu Saudiya Arabistoni mustaqil Falastin davlati tuzilishi evaziga Isroilni tan olishini bildiradimi? Isroil bunga rozi bo‘ladimi?

— Saudiya uzoq vaqtdan beri mintaqadagi barqarorlik uchun harakat qilyapti. Xuddi shu ma’noda Isroil bilan ham munosabatlarni yaxshilashga urinayotgan edi. Saudiya tashqi ishlar vaziri aniq aytdiki, Falastin davlati tashkil topishi va falastinliklar tinchligi kafolati evaziga Isroil tan olishi mumkinligini bildirdi.

Yaqin Sharqdagi beqarorlik masalasi yuzasidan Saudiya o‘z xavotirlarini bildiryapti, bunga asoslari bor. 2016 yildan beri Saudiya iqtisodiy barqarorlashish, iqtisodning neftga bog‘liq bo‘lmagan sektorlarini ko‘paytirish, sayyohlar oqimini jalb qilish, savdo yo‘llaridan foydalanish bo‘yicha ishlab kelyapti. G‘azodagi, Qizil dengizdagi bo‘layotgan ishlar uning qilgan ishlari, rejalariga xavf solmoqda.

2020 yildagi Ibrohim kelishuvlariga ko‘ra, BAA, Bahrayn va bir qator arab davlatlari Isroilni tan olib, savdo aloqalari o‘rnatgan edi, bundan zarar ko‘rishgani yo‘q. Saudiya ham iqtisodiy manfaatlar nuqtai nazaridan bu hamkorlikka kirishmoqchi. Umuman, Saudiya mintaqadagi barqarorlikni istaydi, faqat bunga Falastin mustaqilligi evaziga erishmoqchi.

— 18 yanvar kuni Netanyahu Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohilida, ya’ni Falastin davlati hududi bo‘ylab xavfsizlikni nazorat qilishi kerakligini aytdi. Bu bilan Isroil defakto mustaqil Falastin davlati masalasini rad etyaptimi?

— Netanyahu hukumatiga kelganining ilk kunlaridayoq ikki davlat g‘oyasini rad etib keladi. Netanyahu umumiy Falastin davlatining birlashishini Isroil uchun xavf sifatida ko‘radi. Falastin davlati tashkil topishi Isroilni bosqichma-bosqich yo‘q qilish bo‘ladi, deb hisoblaydi. Shu qarashdan tashqari hech bir masalani muhokama qilmoqchi ham emas.

AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha strategiyasida o‘zgarishlar deyarli yo‘q. Uning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatini Isroil, Turkiya, Misr, Saudiya belgilab beradi. Hozirda bu to‘rtta davlat bilan AQSh munosabatlari eng boshida qanday strategik maqsadlarda bo‘lsa, hozir ham shunday. Masalan, Isroilni davlat sifatida qo‘llashni aytgan, hozir ham shu pozitsiyada. Ammo Isroilda AQShga nisbatan strategiya o‘zgarib boryapti. AQSh birinchi otashkesimdan so‘ng ikki mustaqil davlat g‘oyasini ilgari suryapti. AQSh Isroilga urushni to‘xtatishni emas, shiddatini pasaytirishni talab qilib qo‘yyapti.

Urushdan keyin nima bo‘ladi, degan savolga Isroilning o‘zida ham javob yo‘q. Ekspertlar aytyaptiki, Isroil urush tugagach, qolgan masalalarni o‘ylab ko‘rmoqchi. Bundan keyin ham G‘azo mintaqasi shu turishda qoladi, Falastin davlati tashkil qilinmaydi, deyapti Isroil tomoni. Isroil G‘azo, Sharqiy Quddus, g‘arbiy sohil birlashishiga qarshi. Xalqaro bosimlar, Yevropa davlatlari, AQSh tanqidlariga qaramasdan, Netanyahu qat’iy pozitsiyada turibdi.

— Isroilning ittifoqchilari bo‘lmish AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arb ikki davlat tamoyilini qo‘llashini aytib keladi. Ular bu g‘oyani rad etayotgani uchun Isroilga nisbatan munosabatini yoki qo‘llovini o‘zgartirishi mumkinmi?

— Qo‘llashni nol darajaga tushirmaydi baribir, umuman, pozitsiya keskin o‘zgarmaydi. Yuqorida aytganimdek, Netanyahu hukumatining o‘zi ham bilmaydi urush nima bilan tugashini. HAMASni yo‘q qilmoqchimi yoki shunchaki Falastin davlati birlashishiga qarshi turibdimi, degan savollar turibdi.

— “HAMAS Falastin ma’muriyatini zaiflashtirish maqsadida Isroil hukumati tomonidan moliyalashtirilgan”, dedi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Jozep Borrel. Bu fikrlar qanchalik asosli?

— Jozep Borrel – Yaqin Sharq tarixini yaxshi biladigan siyosatchi. 1987 yilda tashkil topganda Isroil uni moliyaviy qo‘llagani, o‘ziga hamkor sifatida qabul qilgani ma’lum. Hozirgi kunda buni Isroil hukumati rad etadi, ammo bunga dalillar bor, tarixiy fakt bu. Isroil 1987 yildan 2005 yilgacha HAMASni bilvosita moliyalashtirib turgan. Isroil Falastinni bo‘lib tashlab hukmronlik qilmoqchi edi va shuning uchun ham HAMASni moliyaviy qo‘llagan. Bundan tashqari, Isroil doimiy ravishda o‘ziga qarshi kuch bo‘lishini ham istagan. Ya’ni biz Falastin bilan muzokara qilmoqchimiz, ammo o‘zlari bizga qarshi turibdi, degan iddao bilan chiqish uchun. Israel times gazetasi ham «Netanyahuning o‘zi moliyalashtirgan HAMAS oxir-oqibat o‘z yuzimizda portladi» deb yozdi, yana bir muxolif gazeta ham «Netanyahu o‘zi moliyalashtirgan tashkilot bilan o‘zi urishyapti», degan.

HAMASni moliyalashtirish, uni sababchi kuch sifatida ushlab turish Isroil nazoratidan chiqib ketgan. HAMAS tashkilotining o‘zida ham nazorat yo‘qolishi bor, garchi yaxlit bir tizim sifatida ko‘rinsa ham, uning ichida ham guruhlar bor, ularning nazorati ham izdan chiqqan.

Isroilga AQSh yordam beryapti, kollektiv G‘arb qo‘llayapti, ammo hali ham HAMAS nazorati saqlanib qolyapti. Nazoratga olingan shimoliy hududlar yana HAMAS nazoratiga o‘tib ketayotganini Isroilning o‘zi ham aytdi. Isroil armiyasi qudratini, AQSh kuchini hamma biladi, HAMASni Eron qo‘llayapti, degan taqdirimizda ham, Eronning o‘zi bir nechta frontlardagi urushga aralashgan. Shunday bir vaziyatda qanday qilib HAMASga pozitsiyani bu darajada boy berish mumkin?

HAMAS ko‘p davlatlarda, ba’zi arab davlatlarida ham terrorchi tashkilot sifatida e’tirof etiladi. Misr, Saudiya, Qatar tomonidan berilgan bayonotlarda HAMASni qo‘llash haqida gap ketmaydi ham. Arab davlatlari tinchlik yo‘li bilan, Mahmud Abbos ma’muriyati bilan Falastin davlatini tuzish haqida gapiryapti.

— Ibrohim kelishuvlari orqali Isroil Saudiya bilan tarixiy kelishuvga yaqin edi. Shunday vaziyatda muammoni ko‘paytirish Netanyahuga nega kerak?

— Yuqorida aytganimdek, HAMASning harakatlari allaqachon Isroil nazoratidan chiqib ketgan. Isroil va Saudiya o‘rtasidagi kelishuvdan manfaatdor bo‘lmagan tashqi kuchlar bo‘lishi mumkin, aytaylik, Eron bo‘lishi mumkin. Eron tomonidan HAMAS qo‘llanayotgan ekan, uni eshitayotgan ekan, bu harakatlar Eron taklifi bilan boshlagan degan taxmin ham paydo bo‘ladi.

Yana bir narsani e’tiborga olish kerak. Isroil va Saudiya o‘rtasidagi kelishuv bu chuqur strategik hamkorlik emas, balki ko‘proq iqtisodiy masalalar muhim hisoblanadi. Saudiya uchun Isroilning fan-texnologiyada erishgan yutuqlari foydali bo‘ladi, yangi kelajak shahri barpo etmoqchi, mana shunda ham Isroilning texnologik imkoniyatlaridan foydalanmoqchi. O‘z navbatida Saudiya Isroildagi istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritmoqchi. Umuman, shu doiradagi aloqalar ko‘zda tutilgan. Bu aloqalarga G‘azodagi vaziyat u qadar ta’sir qilmaydi. Ikki davlat bayonotlarida ko‘rish mumkinki, bu urush bilan aloqalar, rejalar to‘xtab qolgani yo‘q, balki ma’lum muddatga to‘xtab turibdi, baribir muzokaralar o‘tkaziladi, deyilyapti.

— HAMAS va Isroil munosabati, moliyalashtirganlik haqida dalillar bor, dedingiz. Nega bu sud jarayonida ko‘rilmayapti yoki AQSh kabi davlatlar bu masalani kun tartibiga olib chiqmayapti?

— Bu dalillar asosiy darajaga olib chiqiladigan dalillar emas. 2007 yilda Fath va HAMAS o‘rtasidagi nizo paytida Fath tomonidan HAMASga sanksiyalar e’lon qilinib, kirish-chiqish yo‘llari yopilganda Isroil o‘zi tomonidan yo‘l ochgandi va G‘azo aholisi uchun deb Qatar vositachiligida 30 mln dollar yuborgan edi. Ammo gazetalarda, xususan, Al-Jazeeraʼda bu pullar HAMAS tashkilotini qayta tiklash uchun ketgani haqida aytadi. Isroil bu pullar humanitar maqsadlarda edi, deb aytib keladi. Ya’ni aniq isbotlovchi dalillar yo‘q, ammo ekspertlar, nashrlar bu narsani o‘sha davrdan buyon yoritib kelyapti. Isroilliklar o‘rtasida shunday tushuncha bor: HAMAS kelishsa bo‘ladigan dushman, Falastin ma’muriyati esa kelishib bo‘lmaydigan dushman. Falastinning 3 qismi birlashishida G‘azo qo‘shilishi muhim bo‘lib, shunday bo‘lsa, Falastin davlati tashkil topadi, deb qarashadi isroilliklar. Shuning uchun ham ular G‘azoda beqaror vaziyat saqlanishidan manfaatdor.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid