Jahon | 13:46 / 22.01.2024
3422
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha va Litva harbiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Polsha va Litva qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi, qurolli kuchlarning birgalikdagi tayyorgarligini rivojlantiradi va harbiy harakatchanlikni mustahkamlaydi.

Foto: anti-maidan.com

Vilnyusda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Polsha va Litva prezidentlari Anjyey Duda va Gitanas Nauseda harbiy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi, deb xabar qildi ikki davlat rahbarlari 21 yanvar, yakshanba kuni.

«Biz harbiy hamkorlikni mustahkamlaymiz. Qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazamiz, qurolli kuchlarimizni birgalikda tayyorlashning qo‘shimcha shakllarini izlaymiz, harbiy harakatchanlikni kuchaytiramiz», - dedi Nauseda.

Dudaning ta’kidlashicha, ikki davlat chegarasining Kaliningrad viloyati va Belarus o‘rtasidagi qismi bo‘lgan Suvalki yo‘lagi alohida e’tibor, monitoring va diqqatni jamlashni talab qiladi, uning ehtimoliy egallab olinishi Boltiqbo‘yi mamlakatlarini NATO quruqlikdagi kuchlaridan uzib qo‘yishi mumkin, deb ta’kidladi dpa agentligi. 

Litva prezidenti Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish masalasini sharhlar ekan, buni siyosiy, moliyaviy va harbiy yo‘llar bilan amalga oshirish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

Mavzuga oid