O‘zbekiston | 20:46 / 22.01.2024
8314
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning uchta tumanidagi 160 ta korxona changni ushlab qoluvchi filtrlar o‘rnatishga muhtojligi ma’lum bo‘ldi

Ekologiya vazirligi Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlarida joylashgan, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub 160 ta korxonaga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish haqida ogohlantirish berdi.

Foto: Ekologiya vazirligi

O‘zbekiston Ekologiya vazirligi Toshkent shahridagi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalarda monitoring o‘tkazilgani haqida xabar berdi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, Chilonzor tumanidagi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub 70 ta korxonaga, jumladan, beton, un mahsulotlari, keramika va kafel, mato-gazlama va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilgan.

Xuddi shunday xatlar Sergeli tumanida 68 ta korxonaga, Yangihayot tumanidagi 22 ta korxonaga ham jo‘natilgan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Vazirlik xabarida aytilishicha, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga asosan, 2024 yil 12 yanvar holatiga Toshkent shahrida joylashgan 42 ta korxona tomonidan chora-tadbirlar rejasi taqdim etilgan. Shundan atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha 75 ta tadbir belgilangan.

Har chorakda korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, jumladan 1517 ta atrof-muhitga ta’sirni ko‘rib chiqish, 221 ta atrof-muhitga ta’sir oqibatlarini me’yorlashtirish, 371 ta atmosfera havosiga tashlanadigan tashlamalarni me’yorlashtirish, 651 ta chiqindilarning hosil bo‘lishi va joylashtirilishini me’yorlashtirish va 3 ta ochiq suv havzalariga tashlanadigan oqovalarni me’yorlashtirish to‘g‘risida ma’lumot berib boriladi.

Foto: Ekologiya vazirligi

Qayd etilishicha, yuqoridagi loyiha hujjatlaridan 2392 tasiga ijobiy xulosa berilgan. 321 tasi qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarilgan va 50 tasiga salbiy xulosa berilgan. 189 ta obekt ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etganidan keyin ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi berilgan.

2022 yilda 2460 ta hujjatga ekologik xulosalar berilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 303 taga ko‘paydi. Jumladan, Chilonzor, Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi korxonalar hududida o‘rganish ishlari o‘tkazilib, ekologik normativ hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi”, – deyiladi xabarda.

Foto: Ekologiya vazirligi

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ekologiya vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida jurnalistlar Toshkent shahri va viloyatida havoni ifloslantiruvchi nechta korxona borligi, ularning atmosferaga tashlanmalarni tozalovchi filtrlar bilan jihozlanganlik holati, ulardan qanchasi belgilangan talablarga javob bermasligini so‘ragan edi. Vazirlik vakillari qo‘llarida aniq statistika yo‘qligini, bu ma’lumotni Kun.uz'ga tez orada taqdim etishlarini ma’lum qilgandi. Biroq bu so‘rovga hali javob berilganicha yo‘q.

Mavzuga oid