Axios: Isroil HAMASga 2 oylik otashkesim taklif qildi
Kelishuv HAMAS tomonidan garovga olingan va G‘azo sektorida ushlab turilgan barchani ozod etish hamda halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarish evaziga ikki oylik otashkesimni nazarda tutadi, deb yozadi Axios.
Isroil HAMAS harakatiga G‘azo sektorida garovga olingan barcha odamlarni ozod qilish evaziga ikki oylik otashkesim taklif qildi. Bu haqda 22 yanvar, dushanba kuni Axios axborot sayti ismi sir qolishni istagan ikki Isroil rasmiysiga tayanib xabar berdi. Bu taklif Misr va Qatardagi vositachilar orqali yetkazilgan, deya ta’kidlaydi u.
Kelishuv barcha tirik qolgan garovga olinganlarni ozod qilishni va hayotdan ko‘z yumganlarning jasadlarini bir necha bosqichda qaytarishni o‘z ichiga oladi, dedi Axios manbalari. Ularga ko‘ra, birinchi bosqich ayollar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va og‘ir ahvoldagi garovga olinganlarni ozod qilishdan iborat. Keyingi bosqichlarda ayol askarlar, 60 yoshga to‘lmagan va harbiy bo‘lmagan erkaklar, erkak harbiy xizmatchilar qo‘yib yuborilishi va halok bo‘lgan garovga olinganlarning jasadlari qaytarilishi kerak.
G‘azo sektoriga tinch aholining qaytishi
Bundan tashqari, taklif Isroil mudofaa kuchlarini (TsAHAL) qayta joylashtirishni, xususan, uning bo‘linmalarini G‘azo sektoridagi asosiy aholi punktlaridan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi. Bu falastinlik tinch aholiga asta-sekin G‘azo shahri va sektorning shimoliy qismlariga qaytish imkonini beradi, deya ma’lum qildi Axios.
Isroil va HAMAS vakillari isroillik garovga olinganlar evaziga ozod qilinadigan falastinlik mahbuslar soni bo‘yicha kelishib olishi kerak bo‘ladi. Biroq taklif Isroil harbiy operatsiyani to‘xtatishga yoki Isroil qamoqxonalaridagi 6000 nafar falastinlik mahbusning hammasini ozod qilishga rozi bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi, dedi Axios suhbatdoshlari. Isroil rasmiylari HAMASdan javob kutmoqda, ammo ular yaqin kunlarda oldinga siljish bo‘lishi mumkinligiga ehtiyotkorlik bilan qarashini qo‘shimcha qildi.
Ynet nashri shunga o‘xshash ma’lumotlarni taqdim etdi: unga ko‘ra, Isroil taklifi uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishni va garovga olinganlarni bosqichma-bosqich ozod qilish evaziga TsAHAL bo‘linmalarining G‘azo sektoridagi harakat yo‘nalishlarini vaqtinchalik o‘zgartirishni o‘z ichiga oladi. Isroil muzokaralarda muayyan tashabbus ko‘rsatgani haqida bosh vazir Benyamin Netanyahu 22 yanvar kuni garovga olinganlarning qarindoshlari bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Isroil matbuoti.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 25 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
08:08 / 14.11.2024
Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
16:38 / 12.11.2024
Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
12:00 / 11.11.2024