Jahon | 17:39 / 24.01.2024
8548
2 daqiqa o‘qiladi

Belgorod oblasti gubernatori: Il-76 bortidagilarning barchasi halok bo‘lgan

U bortdagilar ukrain harbiy asirlari bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

Foto: Videodan kadr

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov Korochanskiy rayonida halokatga uchragan Il-76 samolyoti bortida bo‘lganlarning barchasi halok bo‘lganini ma’lum qildi. 

«Korochanskiy rayonida transport samolyoti halokatga uchradi. U aholi yashash manzili yaqinidagi dalaga qulagan. Bortdagilarning barchasi halok bo‘lgan. Hozirda halokat joyi o‘rab olingan. Barcha operativ xizmatlar voqea joyida bo‘lib turibdi, tergov tadbirlari o‘tkazilmoqda. Halokat sabablarini o‘rganish uchun komissiya voqea joyiga yo‘l olgan», — deyiladi Gladkovning postida.

Rossiya mudofaa vazirligi samolyot bortida almashuv uchun Belgorod oblastiga olib kelingan ukrainalik 65 nafar harbiy asir, samolyot ekipajining olti nafar a’zosi hamda asirlarni kuzatib borayotgan uch nafar harbiy bo‘lganini xabar qilgan. Vazirlik halokat sabablari bo‘yicha hozircha ma’lumot bermagan.

Ukraina razvedkasi ham 24 yanvar kuni asirlar almashinuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lganini tasdiqlagan, bortda aynan ukrainalik asirlar bo‘lgani haqidagi ma’lumot esa rad etilmagan va tasdiqlamagan. «Ukrainskaya pravda» samolyot qulashi — Ukraina qurolli kuchlari «ishi» ekani haqidagi ma’lumotini o‘zgartirib qo‘ygan. 

Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov Il-76 «Patriot yoki IRIS-T tizimlarining uchta raketasi» bilan urib tushirilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu samolyot ortidan ichida 80 nafarga yaqin harbiy asirlar bo‘lgan yana bir samolyot havoga ko‘tarilgan, ammo uni ortga qaytarishga ulgurishgan. Deputat Kiyevdagilar «asirlar qanday yetkazilishi»dan xabardor bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. 

Mavzuga oid