G‘azo tunnellarini buzgan Misr, Ukrainaga yordam va Shvetsiyaning NATOga arizasini ma’qullagan Turkiya - kun dayjesti
So‘nggi kun ichida jahonda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalar, bayonotlarning kundalik sharhi bilan odatdagidek dayjestimiz orqali tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil G‘azo sektoridagi Xon Yunus shahri yaqinida HAMAS tunnellari yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Bu tunnellardan hamaschilar qurol va raketa ishlab chiqarishda foydalangani ta’kidlanmoqda.
Qayd qilinishicha, hamaschilar Isroil harbiylarini o‘qqa tutgan va qurol bilan raketa ishlab chiqarish obektiga qo‘shinlarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir necha tunnellarning kirish qismini portlatib yuborgan. Keyinchalik Isroil harbiylari baribir tunnellarga kirish imkoniga ega bo‘lgan. Bu inshootlar sapyorlar tomonidan vayron qilingan.
Misr G‘azo sektoridan Sinay yarimoroliga yetkazuvchi 1,5 mingdan ortiq tunnellarni buzib tashlagan, deb xabar bermoqda arab ommaviy axborot vositalari.
Shuningdek, Misr G‘azo bilan chegaradagi devorni yana 6 metrga ko‘targan, chuqurligini ham 6 metrga betonlagan. Devor ustiga tikanli sim o‘rnatib, falastinliklar o‘ta olmasligi uchun 5 kilometrlik bufer zonasi yaratgan.
G‘azo sektorida Isroil agressiyasi tufayli qurbon bo‘lgan falastinliklari soni 25 ming 490 nafarga yetagan. Yaradorlar soni 63 ming 354 nafarni tashkil etgan, deb xabar beradi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi.
Qatar vositachiligida HAMAS va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi muzokaralar esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Isroilning yo‘qotishlari
Isroil armiyasi o‘z askarlari orasida so‘nggi 24 soat ichida katta yo‘qotishlar haqida xabar bergan edi. G‘azo sektoridagi ikkita binoning portlashi va qulashi oqibatida 21 askar halok bo‘lgan. Portlash uchun javobgarlikni HAMAS harakatining harbiylashtirilgan qanoti «Izzaddin al-Qassam» brigadalari vakillari o‘z zimmasiga oldi. Keyin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu harbiylar G‘azo sektoridagi hujumlarini davom ettirishini aytdi.
Shu bilan birga, Livanning «Hizbulloh» harakati Isroil shimolida Meron tog‘idagi bazaga raketa hujumi uyushtirganini e’lon qildi. Harakatning qayd etishicha, bu hujum HAMAS siyosiy byurosi raisi o‘rinbosari Solih al-Aruriyning o‘ldirilishiga, shuningdek, Isroilning Suriya va janubiy Livanga bergan zarbalariga javob bo‘lgan.
TsAHAL «Hizbulloh»ning snaryadlari va raketalari bu safar bazadagi obektlarga ozgina zarar yetkaza olganini ma’lum qildi. Qurbonlar yo‘q. Raketalarning bir qismi «Temir gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan.
Isroil harbiy kabinetida G‘azo sektoridagi operatsiya borasida bo‘linish yuzaga kelmoqda. «Agar G‘azoda yer usti operatsiyasi tugasa, bizning partiyamiz hukumat tarkibidan chiqadi. Biz hech qachon va hech qanday sharoitda mustaqil Falastin davlati tuzilishini qo‘llab-quvvatlamaymiz», – degan Isroil madaniyat vaziri Miki Zoxar.
Shvetsiyaning NATOga arizasi
Turkiya parlamenti bosh assambleyasi uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng Shvetsiyaning NATOga a’zoligi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi.
287 nafar turkiyalik parlamentariy ratifikatsiyani yoqlab chiqdi, yana 55 nafari esa qarshi bo‘ldi.
«Bugun biz NATOning to‘laqonli a’zosi bo‘lishga bir qadam yaqinlashdik», — deya Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson Anqarada ovoz berish natijalariga izoh berdi.
Shvetsiya va Finlandiya Rossiyaning Ukrainaga hujumi munosabati bilan 2022 yilda NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Finlandiya rasman 2023 yil 4 aprelda Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘ldi. Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi hozirgacha ikki davlat – Turkiya va Vengriya tomonidan ma’qullanmay kelayotgan edi.
Avvaliga Turkiya Stokholm arizasini ma’qullashdan bosh tortdi, chunki u Shvetsiyani Anqara terrorchi deb hisoblagan kurd faollarini qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Shvetsiya, o‘z navbatida, siyosatini qat’iylashtirib, Anqara shartlarini bajarganini da’vo qildi. Uzoq davom etgan muzokaralar va shartlarni muhokama qilishdan so‘ng Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiya arizasini Turkiya parlamentiga ko‘rib chiqish uchun topshirib, ushbu hujjatni imzoladi.
Endi Vengriya Shvetsiyaning arizasini ma’qullamagan yagona davlat bo‘lib turibdi.
Budapesht Skandinaviya davlatini Vengriyani «tahqirlash» siyosatida ayblab, uning qonun ustuvorligiga rioya qilmayotganini muntazam tanqid qilmoqda. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban shved hamkasbi Ulf Kristerssonni u bilan Shvetsiya taklifini muhokama qilish uchun Budapeshtga taklif qildi. Ammo Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Bilstryom muhokama uchun o‘rin yo‘qligini, Vengriya 2022 yil yozida Madridda o‘tgan ittifoq sammitida Shvetsiyaga hech qanday sharsiz NATOga a’zo bo‘lish taklifini rasman topshirganini eslatdi.
Ukrainaga yordam
Belgiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan foizlardan Ukrainaga 611 million yevro o‘tkazadi. Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi muzlatilgan aktivlarining umumiy miqdori taxminan 180 milliard yevroni tashkil etadi, ularning aksariyat qismi Belgiyada joylashgan.
Germaniya hukumati birinchi marta Ukrainaga harbiy vertolyotlar yetkazib berishga qaror qildi. Ukraina qurolli kuchlari (UQK) oltita ko‘p maqsadli Sea King Mk41 vertolyotlari, zarur jihozlar va ular uchun ehtiyot qismlar to‘plamini oladi, deb xabar berdi Germaniya mudofaa vazirligi 23 yanvar, seshanba kuni navbatdagi «Ramshtayn» formatida yig‘ilish yakunlanganidan ko‘p o‘tmay.
Bundan tashqari, ukrainalik harbiylar parvoz texnikasini boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zaruriy tayyorgarlikdan o‘tadi. Germaniya mudofaa vazirligi rahbari Boris Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, dengiz Sea King Mk41 — «ukrainaliklarga ko‘plab sohalarda yordam beradigan tasdiqlangan va ishonchli vertolyot».
«U Qora dengiz uzra razvedkadan tortib, askarlarni tashishgacha qo‘llanishi mumkin». Bu Germaniyadan birinchi shunday yetkazib berish», - dedi Pistorius.
Germaniya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan keyin Germaniya Ukrainaga umumiy qiymati qariyb olti milliard yevroga teng harbiy yordam yetkazib bergan. Avvalroq, 2023 yil boshida Britaniya tomonidan ushbu rusumdagi ikkita vertolyot Ukrainaga topshirilgan edi.
2024 yilda Ukraina hozircha o‘zida yo‘q bo‘lgan, biroq Rossiya qo‘shinlari va ularning logistika tugunlarini yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘larni oladi, – degan Ukraina Mudofaa vazirligi spikeri Illarion Pavlyuk “Ramshtayn” yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra.
Shuningdek Ukraina mavjud havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun yetarli raketalar oladi. G‘arblik hamkorlar o‘zlarida ishlab chiqarilgan raketalarni sovet davrida ishlab chiqarilgan uchiruvchi qurilmalar uchun modernizatsiya qilib berish ustida ham ish olib bormoqda, degan Pavlyuk.
Uzoq turmush uchun mukofot
Rossiyada uzoq muddatli turmush uchun pul mukofoti joriy qilinishi mumkin. Shunday mazmundagi qonun loyihasi Rossiya Davlat Dumasiga kiritilgan.
Qonun loyihasi mualliflari to‘lovlarni turmushning yigirmanchi yilidan boshlab belgilashni taklif qilmoqda. Misol uchun, 20 yillik nikoh uchun er-xotin 20 ming rubl, 25 yil uchun 25 ming rubl oladi va hokazo. Maksimal miqdor — 70 ming rubl bo‘lib, 70 yillik nikoh uchun belgilangan.
Rossiyada doimiy yashovchi er-xotin, agar ularning nikohi bekor qilinmagan bo‘lsa, to‘lovlarni olish huquqiga ega bo‘ladi. Agar er yoki xotin yubiley yilida vafot etgan bo‘lsa, uning bevasi to‘lovni olishi mumkin.
Qonun mualliflari tomonidan taqdim etilgan tushuntirish xatida aytilishicha, tashabbus «qiyin kunlarni boshidan kechirayotgan» nikoh institutini rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan. Agar yangi qonun qabul qilinsa, 2024 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.
Mavzuga oid
13:18 / 23.12.2024
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024
Suvsiz qolayotgan g‘azoliklar, Polshaga borishdan cho‘chiyotgan Netanyahu va G‘arbiy Afrikaning yagona valutasi - kun dayjesti
14:33 / 20.12.2024
Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti
13:16 / 19.12.2024