O‘zbekiston | 17:17 / 25.01.2024
13959
5 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt atrofida “yashil halqa” o‘rniga issiqxona xo‘jaliklaridan iborat “kulrang halqa” shakllandi - Ekologiya vazirligi

Toshkent shahri atrofida ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar sabab “yashil halqa” o‘rniga “kulrang halqa” hosil bo‘lgan. Buning asosiy sabablari sifatida issiqxona xo‘jaliklari va Angren IESda ko‘mirdan foydalanish oshgani, issiqlik bilan ta’minlash uchun issiqlik stansiyalari va Toshkent IESda mazutning ko‘proq yoqilayotgani kabi bir nechta omillar ko‘rsatilgan.

Oldinroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahri havosining ifloslanish sabablari va ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralar haqida tahlillarini e’lon qilgan edi. Vazirlik shaharni ifloslayotgan manbalar haqida batafsil Gazeta.uz’ga ma’lumot bergan.

Toshkent atrofidagi issiqxonalarning joylashuvi.
Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Nashrning vazirlikka tayanib yozishicha, Toshkent atrofida ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar sabab “yashil halqa” o‘rniga “kulrang halqa” hosil bo‘lgan. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘mirga bo‘lgan talabi ortib borayotgani, xususan, issiqxona xo‘jaliklarining ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishga o‘tkazilgani ko‘rsatilgan.

Ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalar va Angren IES

Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda iqtisodiyotda ko‘mir iste’molining o‘sish sur’ati 22 foizdan oshgan. Agar 2018 yilda 6,8 million tonna iste’mol qilingan bo‘lsa, 2022 yilda 8,3 million tonnadan ortgan.

“Poytaxt atrofida “yashil halqa” o‘rniga haqiqatda issiqxona xo‘jaliklaridan iborat “kulrang halqa” shakllandi va ular ko‘mirdan foydalanishga o‘tgandan so‘ng atrofdagi hududlar, shu jumladan, poytaxtning havo sifatiga nihoyatda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — degan vazirlik.

Vazirlik tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda issiqxonalar soni 2,5 barobarga yetdi (Toshkent viloyatida — 2 barobar) va bu issiqxonalarning 60 foizi isitish tizimining asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanmoqda.

Bundan tashqari, 2018 yildan 2023 yilgacha Toshkent viloyatidagi Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida ko‘mirdan foydalanish 2 barobarga oshdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 10 tonna ko‘mir yoqilganda 220 kg qurum, 360 kg oltingugurt oksidi, 80 kg uglerod va azot oksidi hosil bo‘ladi.

Mazutdan foydalanishning oshishi

Aholini issiqlik bilan ta’minlash uchun issiqlik stansiyalari tomonidan mazutdan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida foydalanish ifloslanishning ikkinchi sababi ekani ma’lum qilingan.

Agar 2018 yilda Toshkent IESda 118,9 ming tonna mazut sarflangan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 270 ming tonnadan oshgan (o‘sish 2,3 barobar). So‘nggi besh yilda Angren issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanish qariyb 2 barobar oshgan.

Sanoat korxonalari

Vazirlik Toshkent shahrida sanoatning o‘sishi va buning natijasida har yili atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining ko‘payayotganini ham qayd etgan. Agar 2018 yilda Toshkent shahrida mamlakat jami sanoat mahsulotining 18,4 foizi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 19,7 foizga yetdi.

Avtotransport vositalari zahari

Avtotransport vositalari sonining keskin o‘sishi ifloslanishning yana bir asosiy sababidir. 2021 yilda O‘zbekistonda 3,14 million avtomobil ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 32 foizga oshib, 4,6 millionga yetdi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi Ai-80 benzinidan foydalanadigan avtomobillar atmosferaga karbonat angidrid va mayda PM2,5 zarralari chiqindilarining salmoqli qismini tashkil qilishini qayd etdi.

Toshkent bo‘ylab har kuni o‘rtacha 730 mingga yaqin avtomobil harakatlanadi. Bundan tashqari, viloyatlardan poytaxtga kuniga 300 mingtagacha avtomobil kirib keladi.

Noqonuniy kesilayotgan daraxtlar

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilinganiga qaramay, nisbatan past jarimalar tufayli 2020 yildan buyon 49 mingga yaqin daraxt (jumladan, 10,5 ming qimmatbaho tur) noqonuniy ravishda kesilgan. Zarar 45 milliard so‘mga baholanyapti.

Bosh rejaning yo‘qligi

Vazirlik atrof-muhit ifloslanishining yana bir sababi Toshkent shahrini rivojlantirishning tasdiqlangan bosh rejasisiz jadal sur’atlarda olib borilayotgan qurilishlar ekanini aytgan.

“Ijtimoiy va davlat ahamiyatiga ega bo‘lmagan yangi turar joy majmualari va boshqa obektlarni o‘zboshimchalik bilan qurish holatlari kuzatilmoqda. Yangi binolarga moratoriy joriy etish rejalari e’lon qilindi, ammo bu hali hujjatlashtirilmadi”, – degan mas’ullar.

So‘nggi besh yilda birgina poytaxtda 5400 ta obekt — turar joy binolari, savdo, maishiy va ijtimoiy soha obektlari (o‘sish 33 foiz) barpo etildi.

Bundan tashqari, vazirlik qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda chorva mollarining nazoratsiz va tizimsiz boqilishi, yer osti suv resurslaridan asossiz foydalanish holatlarini qayd etgan.

Vaziyat iqlim o‘zgarishi va ekotizimga antropogen ta’sir natijasida yuzaga kelgan ekstremal ob-havo hodisalari, yerlarning sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari tufayli yanada og‘irlashmoqda”, – deyilgan xabarda.

Mavzuga oid