O‘zbekiston | 18:48 / 25.01.2024
8738
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi yakunlandi

Davlat rahbari XXR raisi Si Jinping bilan muzokara o‘tkazdi. So‘ng yetakchilar Qo‘shma bayonot qabul qildilar, ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi yakuniga yetdi. 

Davlat rahbari 24 yanvar kuni Pekin shahrida XXR raisi Si Jinping bilan muzokara o‘tkazdi. So‘ng yetakchilar Qo‘shma bayonot qabul qildilar, ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolandi. 

Tashrifning birinchi kunida ushbu mamlakat Davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan va Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, CNPC va CITIC korporatsiyalari, Xitoy Eksport-import banki rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. 

Davlat tashrifining ikkinchi kuni Xitoyning innovatsiyalar poytaxti – Shenchjen shahrida ishbilarmonlik tadbirlari bayrog‘i ostida o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan hududlararo aloqalarni muhokama qildi. 

Mirziyoyev Xitoy yirik biznesining 600 dan ziyod vakillarini yig‘gan qo‘shma Investitsiya forumida ishtirok etdi hamda Ipak yo‘li fondi, «SANY» va «CSG» kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. 

Shu bilan birga, elektomobillar ishlab chiqaruvchi «BYD» kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni birgalikda ishlab chiqarishga start berdi. 

Shu bilan Xitoyga davlat tashrifi dasturidagi tadbirlar yakunlandi. 

Aeroportda oliy martabali mehmonni Guandun muzofotining rasmiy shaxslari kuzatib qo‘ydi, davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Mavzuga oid