Jahon | 21:35 / 27.01.2024
10682
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukraina bo‘yicha yangi strategiyani tayyorlamoqda - OAV

Unda boy berilgan hududlarni qaytarib olish nazarda tutilmagan va asosiy e’tibor mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Foto: Bill O'Leary/The Washington Post

Oq uy Ukrainadagi urush uchun yangi strategiyani ishlab chiqmoqda, u boy berilgan hududlarni qaytarib olishni nazarda tutmaydi, lekin asosiy e’tibor Ukraina Qurolli Kuchlariga Rossiya hujumlarini qaytarishda yordam berishga, mudofaa qobiliyatini va Ukraina iqtisodiyotini uzoq muddatli mustahkamlashga qaratilgan. Bu haqda The Washington Post (WP) Oq uy rasmiylariga tayanib yozdi.

Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, g‘oya Ukrainaga jang maydonida o‘z mavqeini saqlab qolish imkoniyatini berish, biroq «uni 2024 yil oxirigacha ancha kuchliroq bo‘lishi uchun boshqa yo‘lga yo‘naltirish»dan iborat.

O‘tgan yilgi strategiyada AQSh va ittifoqchilar Ukrainaning sharqiy va janubiy qismlarini egallab olgan rus qo‘shinlarini chekinishga majbur qiladi degan umidda Kiyevga texnika yuborgan va jangchilarini tayyorlagan edi. Biroq, bu reja asosan Rossiyaning oldingi chiziqdagi kuchli mustahkamlangan mina maydonlari va xandaqlar tufayli barbod bo‘ldi. Shu sababli yangi strategiya o‘tgan yilga nisbatan keskin o‘zgargan.

Endi G‘arb davlatlari Kiyevdan so‘nggi paytlarda ancha muvaffaqiyatli bo‘lgan taktikaga e’tibor qaratishini istamoqda: masofadan o‘qqa tutish, Qora dengiz flotini tiyib turish, raketa zarbalari va diversiya orqali rossiyaliklarni Qrimga «bog‘lab qo‘yish».

AQSh rejasi qariyb o‘ttiz davlat yordamida tayyorlangan, ularning har biri Ukraina uchun aniq majburiyatlarni belgilagan. AQSh bu kelishuvni 2024 yil bahorida e’lon qilishi mumkin. 10 yilga mo‘ljallangan hujjat Ukraina qurolli kuchlarining qisqa muddatli harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Rossiya agressiyasini to‘xtata oladigan kuchlarni yaratishni kafolatlaydi.

WP suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bu ukrainaliklar shunchaki mudofaa xandaqlarini qazib, «uning ichida yil bo‘yi o‘tiradi» degani emas. Uning qo‘shimcha qilishicha, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan kichik aholi punktlari bo‘yicha har ikki tomonda ham «hudud almashinuvi» bo‘ladi, «raketa va dronlar» uchiriladi, rus qo‘shinlari fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilishda davom etadi.

Biroq, bu reja siyosiy xavflarni ham o‘z ichiga oladi - ukrainaliklar frontdagi turg‘unlikdan noroziligini bildira boshlashi mumkin va G‘arb davlatlari rahbarlari Ukrainadagi urushni moliyalashtirishda o‘z fuqarolarining sabr-toqati cheksiz emasligini yaxshi tushunadi.

Mavzuga oid