O‘zbekiston | 14:00 / 27.01.2024
4521
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston suv va salomatlik muammolari bo‘yicha xalqaro protokolga qo‘shildi

BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi saytida O‘zbekistonning suv va salomatlik muammolari bo‘yicha protokolga qo‘shilishi haqida maqola e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

«Dunyo» xabariga ko‘ra, maqolada O‘zbekiston BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining Suv va sog‘liqni saqlash muammolari bo‘yicha protokoliga qo‘shilgan dunyodagi yigirma to‘qqizinchi va Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylangani qayd etildi.

Protokolga qo‘shilish O‘zbekistonning o‘sib borayotgan aholisini suv bilan yuqadigan kasalliklardan himoya qilish hamda suv ta’minoti, sanitariya, gigiyena va sog‘liqni saqlash sohalaridagi harakatlarni yanada rag‘batlantirish va optimallashtirish uchun katalizator bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan O‘zbekistonning suv va sanitariya bo‘yicha inson huquqlarini himoya qilishga yordam beradigan suv va salomatlik muammolari bo‘yicha protokolga qo‘shilganini olqishladi. U Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari hamda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasiga a’zo davlatlarni suv va sog‘liqni saqlash xizmatlarini iqlim o‘zgarishiga chidamliroq qilish uchun ushbu amaliy vositaga qo‘shilishga chaqirdi.

«Protokolning yangi ishtirokchisi sifatida mamlakat suv, sanitariya, gigiyena va sog‘liqni saqlash bo‘yicha keng qamrovli maqsadlarni belgilash va ushbu maqsadlarga erishishda muntazam hisobot berib borish majburiyatini oladi. BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi protokol bo‘yicha yuqoridagi majburiyatlarning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor», - deyiladi maqolada.

Mavzuga oid