Rossiya asirlar Il-76 samolyotiga kirayotgani aks etgan videoni e’lon qildi
Videoda, Rossiya tomoniga ko‘ra, Belgorod yaqinida halokatga uchragan Il-76 bortiga ukrainalik harbiy asirlarning joylashtirilayotgani tasvirlangan.
26 yanvar, juma kuni kechqurun Rossiya tergov qo‘mitasi o‘zining Telegram-kanalida harbiy aerodromdagi kuzatuv kamerasidan olingan video parchasini e’lon qildi. Rossiya tomoni ta’kidlashicha, videotasvirda ukrainalik harbiy asirlarning keyinchalik 24 yanvar kuni Belgorod viloyatida halokatga uchragan Il-76 transport samolyotiga o‘tirgani ko‘rsatilgan.
Videoyozuv sifati pastligi sababli, bularning barchasi aynan qachon va qayerda suratga olinganini aniqlashning imkoni bo‘lmaganidek, unda aynan nima sodir bo‘layotganini tushunishning ham deyarli imkoni yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, yozuv harbiy aerodromdagi kuzatuv kamerasi orqali olingan. Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot Moskva shimoli-sharqidagi Chkalov aerodromidan uchayotgan bo‘lgan.
Bir daqiqadan sal ko‘proq davom etadigan video ikki qismdan iborat. Video birinchi qismida qorli yo‘l bo‘ylab samolyotga yaqinlashib kelayotgan avtomobillar karvonini ko‘rish mumkin. Ikkinchi qismda samolyotning yaqindan ko‘rinishi ko‘rsatilgan, uning yonida odamlar va mashinalar harakati kuzatiladi. Videoda sodir bo‘lgan hamma narsa RF tergov qo‘mitasining bayonoti bilan bog‘liq ekanini aniqlash imkoni yo‘q.
Tanib olish mumkin bo‘lgan yagona narsa - signalizatsiya o‘rnatilgan mashina, undan keyin oltita avtozak kelgan. Videoda suratga olish sanasi va vaqtini ko‘rsatuvchi titrlar yo‘q. Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati xabar e’lon qilingan paytda qo‘shimcha ma’lumot taqdim etmagan.
Putin Ukrainani samolyotni urib tushirganlikda aybladi
26 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti ilk bor Il-76 halokatiga izoh berdi. Uning da’vo qilishicha, samolyot Ukraina harbiylari tomonidan xorijda ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimi yordamida urilgan. «Buni samolyotlari parchalari elementlaridan ko‘rish mumkin. Bizning havo hujumidan mudofaa tizimimiz o‘z samolyotiga zarba bera olmaydi. U yerda «do‘st-dushman» tizimi o‘rnatilgan va operator tugmani qanchalik bosmasin, bizning havo hujumidan mudofaa tizimimiz ishlamaydi», dedi Putin Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan talabalar bilan uchrashuvda.
«Ehtimol, bular Patriot Amerika tizimi yoki Yevropaniki, katta ehtimol bilan fransuzlarniki. Lekin bir necha kundan keyin aniq javob beriladi», - deya qo‘shimcha qildi Putin. Unga ko‘ra, Ukraina mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasi Rossiya Federatsiyasi harbiy asirlarni olib ketayotganini bilgan.
Jurnalistlar tanib olish tizimi ishini tahlil qildi
«Meduza» nashrining «Tahlil» bo‘limi sharhiga ko‘ra, elektron tanib olish tizimining ishlash mantig‘i Putin ta’riflaganidan farq qiladi. Jurnalistlar ta’kidlashicha, u faqat havo hujumidan mudofaa operatorlari uchun jangovar vaziyatda nishonni aniqlashda yordamchi bo‘lib, o‘z samolyotlarini «do‘stona o‘q» deb atalgan holda yo‘q qilish holatini kamaytirish uchun mo‘ljallangan hamda bunday tizimlar ishi - «har doim dushman nishonlarini aniqlash, yo‘q qilish samaradorligi va o‘z samolyotlari xavfsizligi o‘rtasidagi murosaga erishishdir».
«Nazariy jihatdan tanib olish tizimi «keraksiz» signallarni uzib qo‘yishi kerak, biroq jangovar vaziyatda, operatsiya hududida nishonlar ko‘p bo‘lib, radioshovqinlar ham mavjud bo‘lsa, tanlov qiyin bo‘lishi mumkin», deb ta’kidlaydi «Meduza». Bundan tashqari, nashr yozishicha, Rossiya armiyasi bugungi kunda 1970-yillarda ishlab chiqilgan juda eskirgan «Parol» tanib olish tizimidan foydalanmoqda. Yangi tizimni sinovdan o‘tkazish urush boshlanishi bilan yakunlangani haqida hech qanday dalil yo‘q.
Ukraina dastlabki xulosalar chiqarishdan tiyilishni so‘ramoqda
Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Aleksey Danilov Il-76 qulashi sabablari haqida erta xulosa chiqarishdan ogohlantirib, barcha holatlar aniqlanishini kutishga chaqirdi. Bu haqda u 26 yanvar kuni Ukraina radiosiga ma’lum qildi.
«Yakuniy xulosani kutamiz. Vaziyat Ukraina oliy harbiy-siyosiy rahbariyati nazoratida. Biz nima bo‘layotganini va qayerda bo‘layotganini tushunamiz. Ko‘p vaqt qolmadi. U yerda nima bo‘lganini aniqlagunimizcha kutish kerak», - dedi u. Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rossiya Federatsiyasi hozirda «boshqa barcha harakatlaridan keyin» o‘zini aybsiz deb ko‘rsatishga harakat qilmoqda, degan taxminni bildirdi.
Rossiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan BMT xavfsizlik kengashining avvalgi yig‘ilishida tomonlar Il-76 samolyoti qulashi bilan bog‘liq yaqinda yuz bergan fojia bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilmasdan, o‘zaro ayblovlar almashgan edi.
Belgorod viloyatida Il-76 bilan sodir bo‘lgan fojia tafsilotlari
Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Korochansk tumanida Yablonovo qishlog‘i yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan. Telegram’dagi «Vajnyye istorii» va «ChTD» kanallari Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib, Il-76 bortida almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj a’zosi va 3 nafar hamrohlik qiluvchi shaxs bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya mudofaa vazirligi halokatni «terror hujumi» deb atadi va buning uchun Kiyevni aybladi.
Ukraina hukumati xalqaro mustaqil ekspertlar tomonidan Belgorod viloyatida Il-76 samolyoti qulagan joyni tekshirishni talab qilmoqda. 25 yanvarda Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusovning aytishicha, idora ma’lumotlariga ko‘ra, Belgoroddagi o‘likxonaga bor-yo‘g‘i besh jasad yetkazilgan, bu esa samolyot ekipajidagi xodimlar soniga to‘g‘ri keladi.
Ayni vaqtda, Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) Il-76 samolyotining Belgorod viloyatida qulashi holati yuzasidan tekshiruv boshladi. Urush qonunlarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochildi, deb yozadi «RBK-Ukraina» va «Ukrainskaya pravda» maxsus xizmatga tayanib. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Kiyev Il-76 halokati bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilishini aytgan edi.
Mavzuga oid
08:10
Apple BBC, The Insider va "Exa Moskvy" podkastlarini Rossiyada yashirib qo‘ydi
19:27 / 14.11.2024
O‘zbekistondagi mehmonxonada vafot etgan rossiyalik jurnalist qonida is gazi izlari topildi – OAV
15:42 / 14.11.2024
Rossiyadan Venesuelagacha: tabiiy boyliklar bo‘yicha eng boy davlatlar
23:24 / 13.11.2024