Jahon | 13:53 / 27.01.2024
16781
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tergov qo‘mitasi Il-76 qulagan joydan olingan videoni e’lon qildi

Rossiya tergov qo‘mitasi, RF tomoniga ko‘ra, Il-76 bortida bo‘lgan ukrainalik harbiy asirlarning jasadlari va hujjatlarining parchalari aks etgan videoni e’lon qildi.

Foto: AP

Rossiya tergov qo‘mitasi (RTQ) 26 yanvar, juma kuni Belgorod viloyatida Il-76 harbiy-transport samolyoti qulagan joydan ukrainalik harbiy asirlarning jasadlari va hujjatlari parchalari aks etgan videoni e’lon qildi.

Halok bo‘lganlar tanasining ayrim qismlarida xarakterli tatuirovkalar mavjud. Tergov qo‘mitasi ta’kidlashicha, ba’zi ukrainalik harbiy asirlar, jumladan «Azov» polki vakillari ham xuddi shunday belgilarga ega bo‘lgan. 

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi tergov qo‘mitasi jinoyat ishi materiallariga qo‘shilgan ashyoviy dalil sifatida halokat joyidan topilgani aytilayotgan halok bo‘lganlarning hujjatlarini (pasportlari, harbiy kartochkalari) ham ko‘rsatdi. 

Idora hisobotida aytilishicha, havo makonini obektiv nazorat qiluvchi radiolokatsion vositalar, shuningdek, tergov natijasida avvalroq samolyot Xarkiv viloyati Lipsi qishlog‘ida joylashgan zenit-raketa tizimidan otilgan raketa bilan urilgani aniqlangan. Bir kun avval Rossiya operativ xizmatlari halokat joyida zenit raketasining qoldiqlari topilgani haqida xabar bergan edi. 

RF TQ tomonidan ko‘rsatilgan tasvirlarning haqiqiyligini mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Ko‘p sonli asirlarning o‘limi haqida hali ishonchli ma’lumotlar yo‘q

Ayni paytda, harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab kotibi Dmitriy Usov Facebook’da Rossiya tomonidan taqdim etilgan, Belgorod yaqinida halokatga uchragan Il-76 samolyoti yo‘lovchilari ro‘yxatida ism-shariflari ko‘rsatilgan ukrainalik harbiy asirlarning qarindoshlari va yaqinlari bilan uchrashuvi haqida ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, uchrashuvda yig‘ilganlarga «Rossiya targ‘ibotchilari tomonidan aviahalokat joyidan ko‘rsatilgan videomateriallar» namoyish etilgan. Biroq, harbiy asirlarning qarindoshlari «haligacha e’lon qilingan jasadlarning bo‘laklarida ularning qarindoshlarini ko‘rsatadigan hech qanday maxsus belgilar topa olmadi».

Uchrashuvda ishtirok etgan bosh boshqarma boshlig‘i Kirill Budanovning yana bir bor ta’kidlashicha, Il-76 bortida kim bo‘lishi mumkinligi haqida ishonchli va to‘liq ma’lumot yo‘q. 

«Biz ko‘plab manbalardan bu borada mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlarni to‘playapmiz va sinchkovlik bilan tahlil qilyapmiz. Hozircha bu samolyotda shuncha odam bo‘lishi mumkinligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shu bilan birga, Rossiya propagandasi versiyasida aytilgan Il-76M samolyoti 65 nafar ukrainalik harbiy asirni almashish uchun olib ketgani masalasi hali ham ko‘p savollar tug‘dirmoqda», — dedi Budanov. 

Ukrainaning boshqa rasmiylari ham Il-76 bortida Ukraina qurolli kuchlarining asirga olingan askarlari borligiga shubha bildirdi. Oliy radaning inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitriy Lubinets so‘zlariga ko‘ra, hozircha u «shunday miqdordagi asirlarning o‘limi haqida ishonchli ma’lumotlarga ega emas». «Samolyotda Ukraina fuqarolari yoki Ukraina fuqarosi bo‘lmaganlar bo‘lganiga oid belgilarni ko‘rmadik», dedi Lubinets «Rada» telekanalida. 

Kiyev Rossiyadan asirlar bo‘lgan samolyot uchgani haqida ma’lumot olganini rad etdi 

Bundan tashqari, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 26 yanvar kuni Rossiya Ukraina tomonini bortida harbiy asirlar bo‘lgan Il-76 reysi haqida tegishli ravishda oldindan xabardor qilganini aytdi. 

Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolovning ta’kidlashicha, Ukraina tomoni Il-76 samolyoti bortida Ukraina qurolli kuchlari asirlari bilan parvoz rejasi haqida u zonaga kirishidan 15 daqiqa oldin rasman xabardor qilingan: «Ukraina tomoni rasman, ta’kidlayman, rasman ogohlantirildi. Samolyot zonaga kirishidan 15 daqiqa oldin ularga to‘liq ma’lumot uzatildi. Ular buni qabul qilib, Ukraina qurolli kuchlari bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotga ega ekanini tasdiqladi». Qo‘mita rahbari ta’kidlashicha, ushbu ma’lumotni olgandan so‘ng, ma’lum bir sektorga «havoda to‘xtash» buyrug‘i berilishi kerak edi.

Ukraina rasmiy vakillari bunday ma’lumot Rossiyadan olinmaganini ta’kidlamoqda. Xususan, Ukrainaning BMTdagi vakili o‘rinbosari Kristina Gayovishin BMT xavfsizlik kengashining Belgorod yaqinida halokatga uchragan Il-76 fojiasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida Ukrainaga asirlarni tashishda foydalaniladigan transportning soni va turi haqida ma’lumot berilmaganini aytdi. «Buning o‘zi Rossiyaning asirlar hayotini xavf ostiga qo‘yishga qaratilgan qasddan harakatlarini ko‘rsatishi mumkin», dedi u. 

Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Korochansk tumanida Yablonovo qishlog‘i yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan. Telegram’dagi «Vajnyye istorii» va «ChTD» kanallari Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib, Il-76 bortida almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj a’zosi va 3 nafar hamrohlik qiluvchi shaxs bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya mudofaa vazirligi halokatni «terror hujumi» deb atadi va buning uchun Kiyevni aybladi. 

Mavzuga oid