Xalqaro sudning Isroil ustidan vaqtinchalik qarori, Vashingtonga bosh ko‘targan Texas va ish berayotgan boykot - kun dayjesti
So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalar, bayonotlarning kundalik sharhi bilan odatdagidek dayjestimiz orqali tanishtiramiz.
Isroil ustidan sud
BMT Xalqaro sudi G‘azodagi falastinliklarni himoya qilish uchun Isroilni choralar ko‘rishga majburlovchi muvaqqat qaror chiqardi. Lekin sud hozircha G‘azodagi harbiy operatsiyani to‘xtatishga chaqirmagan.
«Isroil Genotsid to‘g‘risidagi konvensiya ostiga tushuvchi barcha harakatlarning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rish kerak», — degan sud raisi Joan Donohyu Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga nisbatan da’vo arizasi bo‘yicha qarorni o‘qir ekan.
Haagadagi BMT Xalqaro sudi Isroilning «ishni tugatish» to‘g‘risidagi iltimosnomasini rad etgan va genotsid to‘g‘risidagi ishni mazmunan ko‘rib chiqishga kirishish to‘g‘risida ham qaror chiqargan.
«Sud Janubiy Afrikaning ayrim talablari konvensiya moddalari ostiga tushadi, deb hisoblaydi. Isroil iltimosnomasi rad etiladi. Ish mazmunan ko‘rib chiqiladi», – degan Donohyu.
Sudda Janubiy Afrika tomonidan ilgari surilgan ayblovlarga baho beriladi.
«Isroil tomoniga genotsidda ayblovlar asosli ravishda o‘z isbotini topgan. Biroq genotsid ro‘y bergan-bermagani to‘g‘risidagi so‘nggi qaror keyinroq e’lon qilinadi», — deyiladi muvaqqat sud qarorida.
JARning vaqtinchalik sud taqiqi o‘rnatish talabnomasi ko‘rib chiqilgan va ijroga qaratilgan. Sud Isroilga humanitar yordam yetkazishni ta’minlash uchun samarali choralar qo‘llashga buyruq bergan. Qarorlar 15 ta yoqlov, 2 ta qarshi ovoz bilan qabul qilingan. Isroil bir oy ichida Xalqaro sudga qabul qilingan qarorlarning joyida bajarilayotgani haqida hisobot taqdim etishi kerak.
Falastin tashqi ishlar vaziri Riyoz al-Malikiy Haagadagi BMT xalqaro sudi tomonidan chiqarilgan qarorlardan qoniqqanini aytgan.
«Sudyalar faktlar va qonunlarga ko‘ra ish tutishdi. Ular xalqaro qoidalar va insonparvarlikni yoqlab qaror chiqarishdi», – degan vazir.
Texas bosh ko‘tardi
AQShning Texas shtati gubernatori Greg Ebbot Meksika bilan chegaradagi to‘siqlar olib tashlanishi talabi tufayli AQSh federal hokimiyati bilan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan potensial qarama-qarshilikka tayyor ekanini ma’lum qilgan.
«Bu ehtimoli juda past voqea ro‘y beradigan bo‘lsa, so‘nggi oyda nima bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lsak, o‘sha ish — aynan to‘siqlarni o‘rnataverishda davom etamiz», — degan Ebbot.
Greg Ebbott AQSh konstitutsiyasining 3-paragrafi 10-punkti 1-moddasini ishga tushirgan. Unga ko‘ra, federal hokimiyatga qaramasdan shtatda harbiy holat joriy etish mumkin.
Texas gubernatorining o‘rinbosari Den Patrik prezident Jo Baydendan texaslik kuchishlatarlar bilan ziddiyatga bormaslikka chaqirgan. Siyosatchi Baydenni «yo‘ldan qochib turish»ga chaqirgan va shtat huquqni muhofaza qiluvchi organlariga o‘z ishini bajarishga — ya’ni chegarani migrantlar oqimidan himoya qilishga qo‘yib berishni so‘ragan.
Shtat hokimiyati noqonuniy migratsiyaga qarshi «Yolg‘iz yulduz» operatsiyasi o‘tkazilishini e’lon qilgan. Shtatning Meksika bilan chegarasida tikanli simlardan qo‘shimcha to‘siq o‘rnatiladi.
Bayden va rasmiy Vashington zudlik bilan to‘siqlar olib tashlanib, migrantlarni Amerikaga kiritishni talab qilmoqda, shtat milliy gvardiyasini federallashtirib, Texasga «keskin javob qaytarish» bilan tahdid qilmoqda.
AQShning 25 ta shtati Texasni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilib bo‘ldi.
Ekspertlarning fikricha, Texas va federal hokimiyat o‘rtasidagi mojaro mamlakat butunligiga darz yetkazmaydi, biroq Trampga yordam berishi mumkin. Demokratlarning janubiy shtatlardagi muammolarni hal qilish istagi yo‘qligi Trampga yordam berishi va uning atrofida oq tanli amerikaliklarni birlashtirishi mumkin.
AQSh Vakillar palatasi spikeri demokrat Mayk Jonson ham mamlakatning janubiy chegaralardagi xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi shartnoma hozirgi ko‘rinishida «barbod bo‘lishi aniq»ligini aytgan.
Avvalroq Tramp respublikachi kongressmenlarni Ukrainaga qo‘shimcha yordam berilishini ma’qullash evaziga chegaradagi nazorat kuchaytirilishini bog‘lovchi shartnomani qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirgan edi.
Joy Bayden administratsiyasi Texas shtati gubernatorining AQSh chegarasini himoya qilish borasidagi xatti-harakatlarini «xavfli» deb atagan.
Qizil dengizdagi vaziyat
Xitoy Erondan Yamanning qonuniy sunniy hukumatiga qarshi bosh ko‘targan isyonchi shia husiychilarni Qizil dengizdagi hujumlardan qaytarishni so‘ragan. Bu haqda Reuters Erondagi to‘rt manbasiga hamda vaziyatdan xabardor diplomatga asoslanib yozmoqda.
Husiychilarning o‘zlari G‘azo sektoridagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun deya iddao qilayotgan hujumlari Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi dengiz orqali yuk yetkazish va sug‘urta baholarning keskin oshishiga olib kelgan. Bu yo‘ldan Xitoyning kemalari ham keng foydalanadi.
Xitoy rasmiylari rasmiy Tehronni agar XXR bilan bog‘liq kemalarga hujum qilinsa yoki mamlakat manfaatlariga qandaydir yo‘llar bilan ziyon yetkazilsa, nihoyatda g‘azablanishini tushuntirib qo‘yishgan.
Xitoyga jo‘natilayotgan tasvirlar
Ukraina bo‘ylab o‘rnatilgan va Xitoyda ishlab chiqarilgan kuzatuv kameralari olingan ma’lumotlarni ishlab chiqaruvchilarning serverlariga yoki Xitoy davlat operatoriga uzatayotgani ma’lum bo‘lgan.
Gap Xitoyda ishlab chiqarilgan va Ukrainada keng tarqalgan Dahua va Hikvision kameralari haqida bormoqda. Bunday kameralarga Rossiya josuslari ham ulanishi mumkinligi qayd etilgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati mamlakat bo‘ylab bunday kameralarning 10 mingdan ziyodini bloklashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq yana yuz mingdan ziyod kameralar ishlab turibdi.
Boykot ish bermoqda
Turkiyada Coca-Cola kompaniyasi mahsulotlariga qarshi boykotning rasmiy natijalari ma’lum qilindi. Isroilning G‘azoga hujumidan so‘ng ko‘plab davlatlarda Isroilga yon bosuvchi kompaniyalarning mahsulotlariga boykot e’lon qilingan, ularning orasida Coca-Cola kompaniyasi ham bor.
Gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchi korporatsiyalar o‘zlarining 2023 yildagi daromadlari xususida hisobotlarni taqdim eta boshlagach, ommaviy boykotning natijalari yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Turkiyada Coca-Cola distribyutorining savdolari 2023 yilning IV choragida 22 foizga pasaygan, deb xabar beradi Bloomberg.
Mavzuga oid
13:18 / 23.12.2024
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024
Suvsiz qolayotgan g‘azoliklar, Polshaga borishdan cho‘chiyotgan Netanyahu va G‘arbiy Afrikaning yagona valutasi - kun dayjesti
14:33 / 20.12.2024
Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti
13:16 / 19.12.2024