O‘zbekiston | 14:05 / 29.01.2024
3612
2 daqiqa o‘qiladi

5 ta hududda qariyb 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlangani fosh etildi

G‘ozg‘on va Buxoro shaharlari hamda Olmazor, Namangan, Bo‘stonliq tumanlarida elektr energiyasidan, Kattaqo‘rg‘on shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Joylarda tabiiy resurs tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning G‘ozg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.S.” MChJ mas’ul shaxslari toshni qayta ishlash zavodining elektr transformatoriga qasddan tashqi ta’sir o‘tkazib, 667,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Olmazor tumanda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa YaTT “Q.J.” umumiy ovqatlanish shoxobchasini elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 306,4 mln so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lgan.

Shu kabi, tarmoqqa noqonuniy ulanish orqali Namangan tumanida “N.T.” va “N.” MChJ rahbarlari 260,2 mln so‘mlik, Bo‘stonliq tumanida fuqaro B.S. 241,8 mln so‘mlik, Buxoro shahrida YaTT “B.A.” hamda fuqaro J.B. 185,2 mln so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro J.X. o‘zi yashab turgan uy tomorqasidagi issiqxonani hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida gaz tarmog‘iga ulab, jami 177,1 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Oldinroq Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganlarga jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid