O‘zbekiston | 14:10 / 29.01.2024
15585
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident - havo ifloslanishi va Toshkent atrofida «yashil belbog‘» tashkil etish zarurati haqida gapirdi

Havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori boshqa hududlarga nisbatan ancha ko‘p bo‘lgan shaharlar sanab o‘tildi. 1 apreldan har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari ekologiya sohasidagi dolzarb masalalarni tahlil qildi.

2020 yildan buyon hududlarda 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, bu davrda qariyb 250 ming yangi uy-joylar qurildi.

Bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillardan atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqmoqda.

Ayniqsa, poytaxtda, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Angren, Bekobod va Quvasoy shaharlarida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori boshqa hududlarga nisbatan ancha ko‘p.

Ekologiya va iqlim vaziri Aziz Abduhakimov

Hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10 yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari mavjudligi qayd etildi.

Sanoat korxonalari «oyoqqa turishi» uchun ko‘plab yengillik va imtiyozlar berilgani, lekin ayrim korxonalar na soliqlar to‘lashni, na atrof-muhitni himoya qilishni o‘ylayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Aksariyat hollarda qurilish obektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan o‘tkazilmasdan amalga oshirilyapti.

Shu munosabat bilan 1 apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinishi belgilandi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologiya va iqlim o‘zgarishi vazirligiga hokimlar va tarmoq rahbarlari bilan birga:

  • joylarda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha har bir tuman va shaharning «master-reja»sini ishlab chiqish;
  • yil yakunida hudud va tarmoqlarning ekologik reytingi va ekologik pasportini e’lon qilib borish topshirildi. Natijalari bo‘yicha hokimlar aholiga murojaat qilishi belgilandi.

Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatishni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Yil yakuniga qadar 112 ta yirik sanoat korxonasi va barcha sement ishlab chiqaruvchilarda zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish va eskilarini almashtirish, havoga chang tashlash darajasi yuqori bo‘lgan korxonalarda filtrlarni yangilash muhimligi ta’kidlandi.

Yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan «yashil belbog‘» yaratib, jami 10 million tup daraxt ekish tashkil etiladi.

Qurilish korxonalari ham ijtimoiy mas’uliyatni his qilgan holda, Toshkentda «yashil belbog‘lar» tashkil qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga «noqonuniy kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 ta ko‘chat ekish» tizimini joriy qilish topshirildi.

Ohangarondagi 23 gektar va Yangiyo‘ldagi 37 gektarda joylashgan sobiq chiqindi poligonlari hududida «yashil bog‘lar» tashkil qilish boshlanadi.

Suvga zararli tashlanmalarni oqizayotgan va o‘zidan zararli chiqindilarni ko‘p chiqarayotgan korxonalar bilan ishlash bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarini to‘liq yashillik bilan qoplashni nazarda tutuvchi kamida 3 ming gektar «yashil belbog‘» va 200 gektar «yashil bog‘lar» tashkil qilinadi.

Poytaxt ko‘chalariga atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatiladi.

Poytaxtda og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda «Yevro-4»dan past yonilg‘idan foydalanishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqiladi.

Bosh vazirga 2025 yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tahlillarga ko‘ra, tirbandliklar ham havoning tozaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti. 

Chunki, harakatdagi avtomobilga qaraganda tirbandlikda turganlari havoni ko‘proq ifloslantiradi. 

Shu sababli, jamoat transportini rivojlantirish borasidagi ishlar yanada jadallashtiriladi.

Endilikda avtobuslar xarid qilishda ularning yo‘lovchi sig‘imiga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, metro vagonlari sonini oshirish bo‘yicha amaliy choralarni ham tezlashtirish lozim.

«Yashil energetika»ni qo‘llab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsadida aholini elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.

Mavzuga oid