O‘zbekiston | 12:34 / 30.01.2024
2283
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltita hududida 1,8 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Toshkent shahri, Navoiy, Namangan, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tabiiy resurs tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Departamentning G‘ozg‘on shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda «G.S.» MChJ mas’ul shaxslari toshni qayta ishlash zavodining elektr transformatoriga qasddan tashqi ta’sir o‘tkazib, 667,3 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda YaTT «Q.J.» umumiy ovqatlanish shoxobchasini elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 306,4 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Departamentning Namangan tuman bo‘limi tomonidan tuman ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «N.T.» va «N.» MChJ rahbarlari hech qanday hujjatsiz umumiy ovqatlanish oshxonasini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, jami 260,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Shu kabi departamentning Bo‘stonliq tuman bo‘limi tomonidan IIB va ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.S. dala hovlisini to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr hisoblagichdan tashqari o‘g‘rilik yo‘li bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, jami 241,8 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Buxoro shahrida esa YaTT «B.A.» va fuqaro J.B. novvoyxona va bilyardxona binosini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, 185,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro J.X. o‘zi yashab turgan uy tomorqasidagi issiqxonani hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida gaz tarmog‘iga ulab, jami 177,1 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid