O‘zbekiston | 16:46 / 30.01.2024
3573
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan fermerga “yordam” bermoqchi bo‘lgan ETK muhandisi ushlandi

Unga Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Prokuratura departamenti

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani holati bo‘yicha dalolatnomani yo‘q qilib berishni va’da qilgan muhandis ushlangan. Bu haqda bosh prokuratura huzuridagi departament habar bermoqda.

Departamentning Sayxunobod tuman bo‘limi hamda DXXning Guliston tuman bo‘linmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Sayxunobod tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi M.S. “P-K.” fermer xo‘jaligida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani holati bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani yo‘q qilib berishi evaziga ushbu fermer xo‘jaligi rahbarining ukasidan 400 dollar va 1 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, prokuratura departamenti va DXX xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda Yangiyo‘lda 12 mln evaziga dalolatnomani, Samarqand tumanida 5 mln so‘m evaziga qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan ETK xodimlari ushlangandi.

Mavzuga oid