Jahon | 20:29 / 30.01.2024
10566
9 daqiqa o‘qiladi

Ukrainani moliyalashtirishda qiynalayotgan Germaniya, Gurjistondagi rokirovkalar va Ilon Maskdan muhim yangilik - kun dayjesti

So‘nggi kun mobaynida jahonda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea va hodisalarning tafsilotlari bilan odatiy kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektoriga keng ko‘lamli bosqini tufayli halok bo‘layotganlar soni ortishda davom etmoqda. Ayni paytgacha qurbon bo‘lgan falastinliklar soni 26 ming 422 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 65 mingga yaqinlashmoqda.

Boz ustiga, sektorga insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilinishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

«Biz yana bir fojia bilan to‘qnash keldik. Biz Isroil tomonidan garovga olingan millionlab insonlarning halok bo‘lishi tahdidiga duch keldik. G‘azoga qo‘yilmayotgan insonparvarlik yordami va dori-darmonlar sektor ichidagi buyuk halokatning debochasi bo‘lishi mumkin. Jahon hamjamiyati 2 milliondan ziyod garovdagilar ocharchilik va epidemik kasalliklarga duch kelmasligining oldini olish uchun turli usullarni qo‘llayapti. Men falastinliklar qirilib ketmasligi uchun barchani choralar ko‘rishga chaqiraman», — degan Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Albaniya poytaxti Tirana shahrida.

Parijda G‘azo sektori bo‘yicha yangi bitim ma’qullangan. Unda Isroil, AQSh, Misr va Qatar vakillari qatnashgan, deb xabar beradi NBC telekompaniyasi.

G‘azo sektorida garovda ushlab turilgan isroilliklarni bosqichma-bosqich ozod qilish bo‘yicha loyiha HAMASga dushanba kuni yetkazilgan.

Yangi variantdagi kelishuv ikki oylik otashkesim, garovdagilarni isroilliklarni qamoqdagi falastinliklar evaziga yosh bolalar va ayollardan boshlab bosqichma-bosqich ozod qilishni nazarda tutadi.

Vengriya qo‘rqmayapti

Vengriya Yevropa Ittifoqining shantajlaridan qo‘rqmaydi, degan mamlakatning Yevropa Ittifoqi ishlari bo‘yicha vaziri Yanosh Boka.

U Financial Times nashrida chop etilgan maqolani sharhlagan. Maqolada aytilishicha, agar Vengriya hukumati Ukrainani moliyalashtirishni ma’qullashdan bosh torsa, Yevropa Ittifoqi Budapeshtga qattiq bosimlar o‘tkazishga tayyor. Strategiyaga ko‘ra, Vengriyaning «iqtisodiy ojizliklari» nishonga olinadi va uning milliy valutasi — forint kuchsizlantiriladi.

Bokaning aytishicha, Bryussel siyosiy bosim o‘tkazish uchun Yevropa Ittifoqi fondlaridan foydalanmoqda. 

Ukraina frontidagi askarlar soni qancha?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatni mudofaa qilishda ishtirok etayotgan harbiylar soni haqida gapirdi. Germaniyaning ARD telekanaliga bergan intervyusi asnosida Zelenskiy ayni paytda 880 ming odam harbiy xizmatga jalb qilinganini ta’kidladi.

Zelenskiy Ukrainada million kishilik miqyosdagi armiya faoliyat ko‘rsatayotganiga urg‘u bergan. Bir vaqtning o‘zida 30 mlndan ortiq inson mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov o‘z postida xavfsizlik va mudofaa sohasiga 1 mln kishi jalb qilinganini ta’kidlagandi. 2022 yilning yozida Ukraina qurolli kuchlari safiga 700 ming kishi safarbar qilinganini aytgan edi.

2023 yilning dekabrida Zelenskiy quruqlikdagi qo‘shinlar soni 600 mingga yaqin ekanini ta’kidlagan edi. Shunga yaqin — 617 ming rossiyalik askarlar haqidagi raqamni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham dekabr oyidagi jonli muloqotida keltirgandi. Putin ayni paytda front chizig‘ida 244 ming safarbar qilingan harbiylar mavjudligi, yana 486 ming harbiy Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolaganini qayd etgan edi.

Germaniya ukrainadan charchadi

Germaniya Ukrainaga yordam qilishdan charchadi va bir o‘zi bunday og‘ir yukni gardanida ortiq olib yurishi mumkin emas. Shu sababli 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitida GFR Kiyevga yordam masalasini teng taqsimlash taklifini o‘rtada tashlaydi, degan kansler Olaf Shols.

«Ukrainaga umumiy yordam hajmida Germaniyaning ulushi bu qadar katta bo‘lmasligi kerak. Ko‘p ishni bajarish barchamizning umumiy maqsadimiz bo‘lishi kerak, biroq boshqalar ham yanada ko‘proq ishlashi kerak», — degan Shols.

Sholsning qayd etishicha, Rossiya va Ukraina urushida «hal qiluvchi palla» kirib kelgan. Berlin hamon Kiyevni qo‘llashda davom etmoqda. 2024 yilda Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mlrd yevro ajratadi. Bu esa Yevropa Ittifoqidagi jami davlatlarning Kiyevga ajratayotgan umumiy yordamining yarmidan ham ko‘proq.

Germaniya — Yevropa Ittifoqi ichida Ukrainaning bosh homiysi va jahonda Kiyevga harbiy yordam bo‘yicha AQShdan keyingi ikkinchi davlat bo‘lib turibdi. 2023 yilda GFR Kiyevga 5,4 mlrd yevrolik harbiy yordam yetkazgan. Urushning so‘nggi ikki yilida Germaniyaning umumiy yordami 25 mlrd yevrodan oshgan. Bu Yevropadagi ikkinchi yirik homiy Daniyanikidan 5 barobarga ko‘proqdir.

Darvoqe, Yevropa Ittifoqi davlatlari elchilari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlarni Ukraina uchun sarflashni ma’qullashdi. Yevropa Ittifoqi bu mablag‘larni Ukrainani tiklash uchun moliyalashtirishga yo‘naltirmoqchi.

«Bayden chetga chiqsin»

Respublikachilar AQSh prezidenti Jo Baydendan Texas shtati Milliy gvardiyasini nazoratga olishdan hazir bo‘lishga chaqirdi. 26 ta shtatning bosh prokurorlari Texasning Meksika bilan chegarasini noqonuniy migrantlardan mustaqil qo‘riqlash huquqini himoya qilishini qo‘llab, Baydenga xat yo‘llashgan.

«Sizning harakatlaringiz juda oddiy: qonunga itoat qiling va chegarani qo‘riqlang. Biz sizga eslatib qo‘ymoqchimizki, siz Texas milliy gvardiyasini nazoratga olish uchun qonuniy vakolatlarga ega emassiz», — deyiladi xatda.

Ayova shtati bosh prokurori Brenna Berdning aytishicha, «agar Bayden ma’muriyati davlat chegarasini himoya qilish va amerikaliklarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘z ishini bajarishni istamasa, chetga chiqib, bu ishni shtatlarning o‘zlariga qo‘yib berishi kerak».

Gurjistondagi rokirovkalar

Gurjiston bosh vaziri Irakliy G‘aribashvili iste’foga chiqdi. U o‘z partiyasini 2024 yilgi saylovlarga tayyorlash maqsadida hukumat rahbarligidan ketdi.

«Jamoa bilan muhokama qilgan qarorimiz haqida ommani xabardor qilmoqchiman. Bugun men bosh vazir lavozimini tark etaman», degan G‘aribashvili.

Siyosatchi o‘z iste’fosini 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik va parlament saylovlari bilan izohlagan. G‘aribashvilining aytishicha, endilikda u hukmron partiya raisiga aylanadi.

O‘z navbatida, bosh vazir lavozimini hukmron partiya raisi Irakliy Kobaxidze egallaydi.

41 yoshli Irakliy G‘aribashvili Gruziya bosh vaziri lavozimiga ilk bor 2013 yilda kelgan edi. So‘ngra, 2015 yil dekabr oyida iste’foga chiqdi. 2021 yilda yana ushbu lavozimda ish boshladi. Bungacha mamlakat mudofaa vazirligini boshqargan edi.

Sadir Japarov yana saylanmoqchi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ikkinchi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini ilgari suradi. Bu xabarni uning matbuot kotibi Asqat Alago‘zov tasdiqlagan.

“Uzoq muddatli va strategik muhim loyihalarga start berilgani hisobga olinib, Sadir Japarovning yangi, kelgusidagi saylovlarda ishtirok etishi rejalashtirilmoqda va bu siyosatdagi izchil qadam bo‘ladi”, — degan u.

Japarov 2021 yilning yanvaridan prezidentlik lavozimini egallab kelmoqda. Kelgusidagi saylovlar yana 3 yildan so‘ng o‘tkaziladi. Qirg‘iziston konstitutsiyasiga ko‘ra, bir inson faqat bir marta 7 yillik muddatga prezident etib saylanishi mumkin.

Ilon Maskdan yana yangilik

Dunyoning eng boy odami Ilon Maskka tegishli Neuralink kompaniyasii inson miyasiga implantni muvaffaqiyatli payvand qilgan. Biznesmenning so‘zlariga ko‘ra, Telepathy (Telepatiya) deb atalgan qurilmadan olingan dastlabki ma’lumotlar ko‘p narsalarni va’da qilmoqda.

Maskning aytishicha, qurilma yordamida smartfon yoki kompyuterni fikr kuchi yordamida boshqarish imkonini beradi. Bu birinchi navbatda qo‘l-oyoqlari falaj bo‘lgan insonlar uchun yaratilgan.

«Tasavvur qiling, Stiven Hoking kompyuterda matn teruvchi yoki auksion dallolidan tezroq muloqot qila olgan bo‘lardi. Bizning maqsadimiz ham ana shu», — degan Mask.

Mavzuga oid