O‘zbekiston | 16:50 / 31.01.2024
10925
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda bolalar haqini “tuya qilgan” bog‘cha mas’ullari ishdan olindi

Buxoro shahridagi 71-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga berilishi kerak bo‘lgan 12 kg pishirilgan go‘sht va 4 kg baliq mahsuloti oshpazlar yuvinish xonasidagi vannada yashirib qo‘yilgani aniqlandi.

Foto: Videodan kadr

Buxoro shahridagi 71-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarga berilishi kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, boshqarma tomonidan 24 yanvar kuni maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni sog‘lom ovqatlantirish va oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish holati ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda tarbiyalanuvchilarga berilishi kerak bo‘lgan 12 kg pishirilgan go‘sht va 4 kg baliq mahsuloti oshpazlar yuvinish xonasidagi vannada yashirib qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, taomnomada tushlik uchun ajratilgan 75 kg o‘rniga atigi 20 kg baliq mahsuloti tayyorlanayotgani aniqlangan. Oshpazlarning shaxsiy buyumlari saqlanadigan shkaf va tashkilotning bo‘sh turgan xonasidan ham yashirib qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari topilgan.

Holatga bog‘chaning xo‘jalik ishlari mudiri, hamshira, oshpaz va boshqa mas’ullar tayinli izoh bera olishmagan.

Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, o‘z vazifasini suiiste’mol qilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri, bosh oshpazi, oshpazi, hamshira va metodisti bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Ayni paytda holatga qonuniy baho berish uchun tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid