Jamiyat | 15:13 / 31.01.2024
3276
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘zenergoinjiniring» AJ xitoylik sheriklar bilan qo‘shma korxona tashkil qilish hamda xalqaro ta’lim muassasasini ta’sis etish to‘g‘risida kelishib oldi

Hozirgi kunda elektr energetikasini qayta qurishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hisoblanadi. O‘zbekiston bu sohada katta salohiyatga ega, so‘nggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarini rivojlantirishda salmoqli qadam tashlandi. Ahamiyatlisi, qisqa muddat ichida O‘zbekiston bu sohada e’tiborga loyiq natijalarga erishdi hamda 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy generatsiya quvvatlaridagi ulushini 25 foizgacha yetkazish bo‘yicha bemalol bajarish imkoniyati mavjud bo‘lgan ulkan rejalarga ega (boshqa mamlakatlar bunga o‘nlab yillar mobaynida erishgan).  

Mazkur ulkan loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro yondashuvlarga ega bo‘lgan injiniring tashkilotlari, loyiha institutlariga, shuningdek elektr energetikasi hamda yangi texnologiyalar bo‘yicha xalqaro darajadagi malakali kadrlar tayyorlashga ehtiyoj sezilmoqda. Ushbu omillarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2024 yil 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga muvaffaqiyatli amalga oshirgan keng miqyosdagi davlat tashrifi doirasida «O‘zenergoinjiniring» AJ xitoylik sheriklar bilan qator kelishuvlarga erishdi.  

«O‘zenergoinjiniring» AJ va EPPEI o‘rtasida qo‘shma korxona

«O‘zenergoinjiniring» AJ va Xitoyning elektr energetikasida rejalashtirish va injiniring instituti (EPPEI) rejalashtirish, injiniring va maslahatlashuvlar sohasida birgalikda qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida kelishib oldi. Korxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

·       Zamonaviy sharoitlarni, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilishni inobatga olgan holda mamlakat elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqish. O‘zbekiston elektr energetikasini rivojlantirishning samarali va asoslangan rejalarini ishlab chiqish uchun Plexos, DigSILENT xisoblash tizimlari va boshqa shu kabi zamonaviy, xalqaro tan olingan uslublar va amaliyotlardan foydalaniladi.   

·       Xalqaro yondashuvlar va standartlarni qo‘llagan holda loyihaoldi, texnik va iqtisodiy injiniring o‘rganishlari, loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqish, bazaviy va yakuniy loyihalashtirish, loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, adaptatsiyalash va boshqalar.

  • Elektr energetikasi sohasi, shu jumladan, loyihalash, qurilish va foydalanish bo‘yicha texnik maslahatlar berish, loyihalarni boshqarish bo‘yicha maslahatlar berish, elektr energetikasi sohasida yangi texnologiyalarni qo‘llash masalalari bo‘yicha muhandislik maslahatlari berish. 
  • Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shu jumladan, elektr energetikasi sohasi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha seminarlar, treninglar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.

Xalqaro ta’lim muassasasi

"O‘zenergoinjiniring" AJ hamda Energy China International dastlabki investitsiya qiymati 30 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan O‘zbekiston elektr energetikasi va yangi texnologiyalar sohasida xalqaro ta’lim muassasasini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldi. 

Ushbu ta’lim muassasasi elektr energetikasining murakkab vazifalarini yecha olish va O‘zbekiston elektr energetikasiga yangi texnologiyalarni joriy qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlaydi. Buning uchun ta’lim muassasasiga xalqaro miqyosdagi professor-o‘qituvchilarni jalb qilish, ta’lim muassasasini zamonaviy, zarur texnikalar bilan jihozlash, shuningdek xalqaro akkreditatsiya olish rejalashtirilmoqda. 

Kompaniyalar to‘g‘risida

"O‘zenergoinjiniring" AJ elektr energetikasi sohasida muhandislik tadqiqotlari, loyihalashtirish va maslahatlashuvlarga ixtisoslashgan O‘zbekistondagi eng yirik loyiha instituti hisoblanadi. Korxona yaqinda xususiylashtirilgan, hozirgi kunda samaradorlik va vakolatlarni oshirish bo‘yicha qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar "O‘zenergoinjiniring" aksiyadorlik jamiyatini Markaziy Osiyodagi yetakchi injiniring korxonasiga aylantirishga qaratilgan. Xususan, ushbu o‘zgarishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 

  • Korxonani boshqarish bo‘yicha xalqaro boshqaruv tamoyillariga asoslangan samarali tashkiliy tuzilmani shakllantirish.
  • Korxonani boshqarish hamda uning operatsion faoliyatiga zamonaviy raqamli axborot tizimlarini joriy qilish.
  • Xalqaro ekspertiza va tajribaga ega bo‘lgan professional mutaxassislarni jalb qilish.
  • Xodimlarni yangi yondashuvlar, yangi texnologiyalar va xalqaro standartlar bo‘yicha o‘qitish.

Ikkinchi tomondan, "O‘zenergoinjiniring" aksiyadorlik jamiyatining xitoylik sheriklari injiniring va elektr energetikasi sohasida Xitoy va jahon miqyosida yirik ishtirokchilar hisoblanadi. Jumladan, EPPEI Xitoy va jahonda elektr energetikasi sohasidagi yetakchi institutlardan biri hisoblanadi. Institut elektr energetikasi sohasida 60 yillik tajribaga hamda turli sohalardagi, shu jumladan energotizimlar rivojini rejalashtirish, elektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish, shuningdek yangi texnologiyalarni tadqiq qilish va ishlab chiqish sohasida keng vakolatlarga ega. Energy China International jahondagi eng yirik energetika kompaniyalardan biri bo‘lgan China Energy Engineering Group Corporation Limited kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya elektr stansiyalarini qurish va ekspluatatsiya qilish, elektr energetikasi uchun kadrlarni tayyorlash bo‘yicha katta tajribaga ega.

Xulosa

O‘zbekiston elektr energetikasi sohasini qayta qurish bo‘yicha ulkan rejalarni amalga oshirishda EPPEI tajribasi va vakolati katta ahamiyatga ega. EPPEI ishtirokida qo‘shma korxona tashkil qilish O‘zbekistonga Xitoyning elektr energetikasi sohasidagi ilg‘or tajribasi va texnologiyalariga keng yo‘l ochadi. Bu mamlakatning elektr energetikasini rivojlantirish sur’atlarini jadallashtirishga, uning samaradorligi va ishonchliligini oshirishga, shu jumladan, mamlakat elektr energetikasi tizimiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari yirik quvvatlarining joriy qilinishiga ko‘maklashadi. Qo‘shma korxona ikki mamlakat yetakchi institutlari tajribasi va vakolatlarini birlashtiradi. 

“O‘zenergoinjiniring" AJ va Energy China International o‘rtasidagi kelishuv O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishdagi muhim qadam bo‘ladi. U zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydigan, O‘zbekiston elektr energetikasi rivojiga hissa qo‘sha oladigan zamonaviy ta’lim muassasasini tashkil etishga ko‘maklashadi.