Putin Il-76 samolyoti Amerikaning Patriot raketasi bilan urib tushirilganini aytdi
U, shuningdek, agar samolyot tasodifan urib tushirilgan bo‘lsa ham, «bu baribir jinoyat ekanini» qo‘shimcha qildi.
Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti Belgorod viloyatida Amerikaning Patriot zenit-raketa majmuasi yordamida urib tushirildi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u ukrainalik harbiy asirlarni olib ketayotgan edi.
«Samolyot Amerikaning Patriot tizimi tomonidan urib tushirilgan, bu allaqachon aniqlandi. Ekspertiza buni tasdiqladi», dedi Putin. Shuningdek, u Rossiya sodir bo‘lgan voqea yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilishini aytdi.
Shu bilan birga, Putin Ukraina Qurolli kuchlari samolyotni ehtiyotsizlik tufayli urib tushirgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi.
«Ukraina Qurolli kuchlari o‘zining 65 nafar harbiy xizmatchisi bo‘lgan samolyotimizni urib tushirdi. Siz nima uchun bunday qilishganini so‘radingiz. Bilmayman. Men tushunmayapman», dedi Putin. U, shuningdek, agar samolyot tasodifan urib tushirilgan bo‘lsa ham, «bu baribir jinoyat ekanini» qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, prezident Rossiya sodir bo‘lgan voqealarga qaramay, mahbuslar almashinuvini to‘xtatish niyatida emasligini ma’lum qildi. Shuningdek, u rossiyalik va ukrainalik mahbuslar nisbati «birga o‘n» ekanini aytdi.
«Bizning harbiylarimiz orasida minglab asirlar bor, ularniki o‘n minglab, balki yuz minglab. Agar Ukraina tomoni bunga tayyor bo‘lsa, biz baribir yigitlarimizni qaytaramiz. Ular bunga tayyor ekanini bildirmoqda», deb qo‘shimcha qildi Putin.
24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Yablonovo qishlog‘i yaqinida Il-76 harbiy-transport samolyoti halokatga uchradi. Halokatdan so‘ng Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot urib tushirilgani, uning bortida ayirboshlash uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy asir bo‘lganini ma’lum qildi. Departament voqeani terakt deb atadi va bunda Ukrainani aybladi.
31 yanvar kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Rossiya Mudofaa vazirligi bu «195 ga 195» formulasi bo‘yicha amalga oshirilganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa 207 kishi, jumladan, tinch aholi vakillari ham vatanga qaytishi haqida yozdi.
Mavzuga oid
08:10
Apple BBC, The Insider va "Exa Moskvy" podkastlarini Rossiyada yashirib qo‘ydi
22:30 / 14.11.2024
Putin Rossiyada YouTube faoliyati sekinlashgani bilan «shug‘ullanishga» va’da berdi
19:27 / 14.11.2024
O‘zbekistondagi mehmonxonada vafot etgan rossiyalik jurnalist qonida is gazi izlari topildi – OAV
15:42 / 14.11.2024