O‘zbekiston | 22:05 / 31.01.2024
10981
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ikkita mashina to‘qnashuvida 9 yoshli piyoda og‘ir tan jarohatlari oldi

Tez kelgan KIA avval Damas bilan to‘qnashadi, so‘ng ota-bola va yana bir fuqaroni urib ketadi.

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida sodir bo‘lgan YTHda yo‘l chetidan otasi bilan ketayotgan 9 yoshli bola og‘ir tan jarohatlari olgan. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 31 yanvar kuni tush paytida sodir bo‘lgan.

M-41 avtomobil yo‘lining Sho‘rchi tumani hududidan o‘tuvchi qismida 21 yoshli haydovchi o‘ziga tugishli KIA mashinasini boshqarib kelib, o‘zidan oldinroqda harakatlanib, chapga burilayotgan Damas bilan to‘qnashgan.

KIA mashinasi Damas bilan to‘qnashuvdan so‘ng yo‘l chetida harakatlanib ketayotgan ota-bola va yana bir fuqaroni urib yuborgan. Oqibatda 9 yoshli bola “bosh miya yopiq jaroxati, bosh miya lat yeyishi, o‘ng yelka qismidan yopiq sinishi” tashhisi bilan tuman shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB tergov guruhi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘qnashuv qanday tarzda yuz bergani tasvirlangan video tarqaldi. Unda aholi maskani bo‘lgan joyda KIA katta tezlikda harakatlanib kelganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid