O‘zbekiston | 12:26 / 01.02.2024
7601
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga direktor tayinlandi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Natalya Suratovna Nadirxanova Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tibbiyot fanlari doktori Natalya Nadirxanova 1969 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1993 yil Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Buxoro shahar markaziy shifoxonasi tug‘uruq bo‘limida shifokor sifatida boshlagan. 

U turli yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali shoshilinch ginekologiya bo‘limi mudiri, Buxoro viloyat perinatal markazi direktori hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, direktori kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.

2018 yil martida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, davlat rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil sentabrida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Aholi reproduktiv salomatligi markazi hamda Ona va bola skrining markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilgan edi.

Mavzuga oid