Iqtisodiyot | 14:12 / 01.02.2024
14848
2 daqiqa o‘qiladi

“Soliq qonunchiligi” Telegram boti ishga tushirildi

Foydalanuvchilar botdan soliq sohasiga oid kerakli yo‘nalishni tanlaganda havola orqali lex.uz bazasidan bu yo‘nalish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatning tegishli bandiga yetib borishlari mumkin.

Soliq qo‘mitasi “Soliq qonunchiligi” Telegram boti ishga tushirilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, bu botda soliqqa oid qonunchilik hujjatlari 30 ta asosiy yo‘nalishga ajratilib, har bir yo‘nalishni tartibga soluvchi jami 300 dan ortiq qonunchilik hujjatlari bilan lex.uz saytiga yo‘naltirilgan havola orqali tanishish mumkin bo‘ladi.

“Botning qulayligi shundaki, foydalanuvchi sohaga oid yo‘nalishni tanlaganda havola orqali mazkur yo‘nalish bo‘yicha qabul qilingan qonunchilik hujjatining tegishli bandi ochiladi”, – deyiladi xabarda.

Deylik, foydalanuvchi ta’limga oid qanday soliq imtiyozlari borligi haqida bilmoqchi bo‘lsa, botga kirib, taqdim qilingan yo‘nalishlar qatoridan “imtiyoz” bandini tanlaydi. Sohalar bo‘yicha (ulgurji va chakana savdo, ta’lim, ko‘chmas mulk, ta’lim, xizmat ko‘rsatish va hokazolar qatoridan) kerakli band tanlanganda, qabul qilingan qonunchilik hujjatining ta’lim imtiyozlariga oid qismi ochiladi.

Qo‘mita foydalanuvchilardan botni takomillashtirish yuzasidan takliflar berishni so‘ragan.

Mavzuga oid