O‘zbekiston | 15:26 / 03.02.2024
17230
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Jalolobod aholisiga yordam ko‘rsatdi

Elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgan Jalolobod viloyati aholisiga Andijondan 20 tonna suyultirilgan gaz (ming dona ballon) yetkazib berildi.

Foto: Kun.uz manbasi

Shu kunlarda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida elektr energiyasi bog‘liq muammolar yuzaga kelgan. Hududda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

O‘zbekiston qo‘shni respublikaning bu hududida yashovchi aholi uchun yordam qo‘lini cho‘zgan. Bu haqda Kun.uz'ning Andijon viloyati hokimligidagi manbasi ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, bugun – 3 fevral kuni Andijondan Qirg‘izistonga 20 tonna suyultirilgan gaz mahsuloti (1000 dona ballon) yetkazib berilgan.

“Hududgazta’minot” AJ Andijon viloyati filiali boshlig‘i o‘rinbosari va boshqa vakillar Xonobod chegara posti orqali gaz mahsulotini Jalolobod viloyati elektr tarmoqlari korxonasiga 9 ta avtomashinada olib borishgan. Ularni chegarada Jalolobod viloyat elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Damir Tuxtagulov kutib olgan.

Avvalroq bunday ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev topshiriq bergani, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov qirg‘izistonlik hamkasbi bilan telefon muloqotida bu haqda ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2 fevralga o‘tar kechasi Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida portlash sodir bo‘lib, 3 kishi og‘ir jarohatlandi. Portlash oqibatlarini bartaraf etishga 5-7 kun vaqt ketishi aytilmoqda.

Mavzuga oid