Jahon | 20:28 / 05.02.2024
5785
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati Ukrainaga yordamni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasini kelishib oldi

Prezident Jo Bayden qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi va Kongressdan uni qabul qilishni kechiktirmaslikni so‘radi. 

Foto: Getty Images

AQSh senatorlari Ukraina, Isroilga yordam berish va AQSh janubiy chegarasini mustahkamlash uchun mablag‘larni birlashtirgan umumiy qiymati 118 milliard dollarlik qo‘shimcha moliyalashtirish bo‘yicha uzoq kutilgan ikki partiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha kelishib oldilar. 

AQSh prezidenti Jo Bayden qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi va Kongressdan uni qabul qilishni kechiktirmaslikni so‘radi, deb xabar berdi BBC. 

Dastlabki ovoz berish hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, biroq qonun loyihasi ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar palatasida jiddiy qarshiliklarga duch kelishi hozirdan ma’lum. 

Senatorlar o‘tgan kuzdan beri kelishuvga erisha olmagan edi. Asosiy sabab respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi Meksika bilan chegarani mustahkamlash choralari va immigratsiya siyosatini kuchaytirish borasidagi kelishmovchiliklar bo‘ldi. Respublikachilar avvalo Meksika bilan chegarada nazoratni kuchaytirishni talab qilib, Ukrainaga har qanday qo‘shimcha yordamni muhokama qilishdan bosh tortayotgan edi. 

Qayd qilinishicha, qo‘shimcha mablag‘larning umumiy miqdori 118 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. Shundan senatorlar 60,06 milliard dollarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga, 14,1 milliard dollarni Isroilga yordam berishga, 20,23 milliard dollarni Meksika bilan chegara xavfsizligini ta’minlashga, 4,83 milliard dollarni Hind-Tinch okeani mintaqasidagi AQSh hamkorlarini qo‘llab-quvvatlashga, 2,44 milliard dollarni AQSh markaziy harbiy qo‘mondonligiga va 2,44 milliard dollarni Qizil dengizdagi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflashni taklif qilmoqda. 

Qonun loyihasi konservativ respublikachilar qarshiligiga duch kelishi kutilmoqda. Ular prezidentlik saylovida Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lishi kutilayotgan Donald Trampning pozitsiyasiga tayanadi. U allaqachon senatorlar muhokama qilayotgan chegara haqidagi taklifga qarshi ekanini aytgan. U noyabrdagi prezidentlik saylovida chegara masalasidan Baydenga qarshi foydalanmoqchi va qonun loyihasida noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ko‘zda tutilgan choralarni yetarli emas deb hisoblaydi. 

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil kuzidan beri Kongress Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yangi budjetni qabul qila olmayapti. Bu vaqt ichida avval ajratilgan mablag‘lar deyarli tugab, Amerikaning Kiyevga harbiy yordami hajmi sezilarli darajada qisqargan.

Mavzuga oid