O‘zbekiston | 12:01 / 05.02.2024
4565
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev har yili bog‘cha tarbiyachilarining atigi 9 foizi malaka oshirayotganiga e’tiroz bildirdi

Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘cha mudiraligiga nomzodlarni saralash, ularni lavozimga tayinlash tizimini ishlab chiqish, barcha bog‘chalarda ovqat, davomat, badal puli kabi jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish kabi vazifalar berildi. Qolaversa, davlat rahbari PISA tadqiqotlaridagi past natijalarni ham tanqid qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev har yili bog‘cha tarbiyachilarining bor-yo‘g‘i o‘rtacha 9 foizi malaka oshirayotganiga e’tiroz bildirdi. Bundan tashqari, 12 mingta oilaviy bog‘chada davlat ta’lim standartidagi o‘quv-metodik materiallar yetarli emasligi qayd etildi.

Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘cha mudiraligiga nomzodlarni saralash, ularni lavozimga tayinlash tizimini ishlab chiqish, barcha bog‘chalarda ovqat, davomat, badal puli kabi barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, 250 ta davlat bog‘chasida ta’lim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi.

Bog‘chalarni milliy qadriyatlarimizga mos yagona standartlar asosida o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Mirziyoyev bu yili maktablar va maktab ta’limiga 46 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi reja qilinganini aytib, ammo ta’limda o‘tkazilgan PISA tadqiqotlarida past natija bo‘lganini tanqid qildi.

Matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan 2022 yilgi PISA xalqaro dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar hali ko‘pligini aniq ko‘rsatdi. Yoki 500 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilinib, haqiqiy bilim qay darajada ekani aniqlandi. Hozirda 1-11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida o‘quvchilarni yarmi ham “B1” darajaga ega bo‘la olmayapti”,– dedi u.

Shuningdek, ayrim hududlardagi malaka oshirish markazlarining faoliyati ko‘rinmayotgani ham e’tirozga sabab bo‘ldi.

Mavzuga oid