«Maoshimiz 1000 dollardan oshgan» - Mo‘ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlarga nimalar taklif etilmoqda?
Orol mintaqasidagi muammolar mamlakat tibbiyoti uchun qator vazifalarni keltirib chiqargani bor gap. Xususan, hududning Mo‘ynoq tumani aholisi hayoti, ularning yashash sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbarining 2022 yil 17 mayda imzolangan «Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari to‘lanishi belgilab berilgan edi. Ushbu farmonning ijrosi qisqa muddatda amaliyotda bo‘y ko‘rsatib, hududdagi tibbiyot muassasalarida ko‘plab yosh va malakali tor soha mutaxassislari ish boshladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Mo‘ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlar bilan suhbatlashib, ularning ish faoliyati va hayot tarzi bilan yaqindan tanishdi.
Mo‘ynoqda boshqa hududlardan borgan 22 nafar shifokor mehnat qilmoqda
Ayni paytda Mo‘ynoqda qo‘shni Xorazmdan tortib, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Andijon kabi viloyatlardan kelib mehnat qilayotgan shifokorlarni uchratish mumkin.
Tuman tibbiyot muassasalarida 71 nafar shifokor faoliyat yuritib, ularning 22 nafari prezidentning tegishli farmoniga asosan boshqa hududlardan kelib ishlayotgan tor soha mutaxassislaridir.
«Hali qaytib ketish niyatim yo‘q»
Shulardan biri Andijon viloyatining Izboskan tumanidan Sojida Qamariddinova. Sojida opa oliy ta’lim muassasasini tamomlagach, bir muddat o‘zi yashaydigan hududdagi shifoxonada ishlagan. Prezident farmonidan so‘ng bugun Mo‘ynoqqa kelib, shifokor sifatida faoliyat yuritmoqda.
«Hali bu yerdan Andijonimga qaytib ketishni o‘ylaganim yo‘q. Turmush o‘rtog‘im ham shu yerda ishli bo‘ldi. Bolalarim maktabga joylashdi. O‘zim oila shifokori bo‘lib Mo‘ynoq ahliga tibbiy xizmat ko‘rsatyapman», — deydi Sojida Qamariddinova.
«Mo‘ynoqliklar bizni yaxshi ko‘radi»
Ko‘pchilik dastlab yaqinlardan olisda faoliyat yuritishni o‘ylab, biroz ikkilanishi mumkin. Namanganning Norin tumanidan Mo‘ynoqqa kelib ishlayotgan shifokor Nigora Qodirova ham shundaylar sirasidan edi. Ammo bugun u qaroridan xursand.
Hududlardan kelib, faoliyat yuritayotgan shifokorlarni mo‘ynoqliklar juda yaxshi ko‘radi. Shu sababdan farzandining tana harorati ko‘tarilsa yoki tomog‘i og‘rib qolsa, yaqin qadrdoni kabi shifokorlarning xonadoniga ham borishadi, uylariga kirib kelganda ochiq chehra bilan qarshi olishadi.
Mo‘ynoqda ishlayotgan shifokorlar oilasi
Mo‘ynoq tumaniga kelib ishlayotgan barcha tibbiyot xodimlari 200 foizlik ustamadan tashqari, tumanning chekka hududlarida ishlasa, uy-joy bilan ta’minlanadi. Qolaversa, farzandlarining ta’lim olishi uchun ham sharoitlar yetarli.
— Kelishimizdan oldin Mo‘ynoqni yashash uchun og‘ir hudud deb o‘ylardik. Bu yerda insonlar uchun, ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishida yaratilgan sharoitni ko‘rib fikrimiz o‘zgardi, — deydi xorazmlik Jumagul Sapayeva. — Turmush o‘rtog‘im bilan shu yerda ish boshladik. Men tumandagi 32-sonli oilaviy poliklinika oila shifokoriman. Turmush o‘rtog‘im ham ushbu muassasada yarim stavkada, shuningdek, tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi xirurgi lavozimida ham ishlaydi.
Ikkimizning ham maoshimiz 1000 AQSh dollaridan oshib ketgan. Turmush o‘rtog‘im navbatchilik kunlariga qarab 20 million so‘mgacha pul oladi ba’zi oylarda. Oilaviy daromadimizni jamlasak, ancha-muncha summa bo‘ladi. Rizqimiz shu yerga sochilgan ekan, terib yuribmiz.
Hali ham shifokorlarga talab yuqori
Tuman tibbiyoti mas’ullarining ma’lum qilishicha, Mo‘ynoq tumani tibbiyoti uchun hali ham ixtisoslashgan tor soha mutaxassislariga ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, nevropatolog, o‘smirlar vrachi, immunolog, onkolog, gastroenterolog, pulmonolog, allergolog, bolalar LOR vrachi, maktab pediatri, diagnostika vrachlari, infeksionist, reanimatolog, travmatolog, transfuziolog, navbatchi pediatr kabi mutaxassisliklar uchun tumandagi tibbiyot muassasalarida jami 26 ta to‘liq stavkadagi vakant o‘rinlari mavjud.
«Agar ushbu soha mutaxassislari boshqa hududlardan kelib ishlash istagini bildirsa, oylik maoshlariga 200 foiz ustama, zaruratga qarab uy-joy va qo‘shimcha to‘lovlar taqdim etiladi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Mavzuga oid
07:37 / 24.06.2024
Toshkentdagi tibbiyot muassasasida juda ko‘p miqdorda budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi
10:01 / 21.06.2024
Hindistonda milliy tibbiyot imtihoni mojaroga sabab bo‘ldi – savollar oldindan sizdirilgan bo‘lishi mumkin
13:41 / 04.06.2024
O‘zbekiston ekoturistik zonalarida yagona birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi joriy etiladi
08:28 / 04.06.2024