Saylov arafasidagi portlashlar. Pokistonda 30 ga yaqin kishi halok bo‘ldi
Pokistonning Belujiston viloyatida Milliy majlis (parlamentning quyi palatasi) uchun saylovlar arafasida ikkita portlash sodir bo‘ldi. Kamida 27 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralangan.
Birinchi portlash Afg‘oniston bilan chegaradan 100 km janubi-sharqdagi Kvettadan 50 km masofada joylashgan Pishin shahrida, mustaqil nomzod Asfand Xon Kakarning ofisi oldida sodir bo‘lgan.
BBC muxbiri xabar berishicha, Kakar bu vaqtda o‘z tarafdorlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgandi. Portlash qurbonlari soni 14 kishini tashkil etgan, 25 kishi yaralangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda avtomobil va mototsikllar portlash kuchidan bo‘laklanib ketgani aks etgan.
Ikkinchi portlash esa sakkiz kishini hayotdan olib ketgan, uning tafsilotlari aniqlashtirilmoqda. Politsiya vakili AFP agentligiga aytishicha, portlash Killah-Saif-Ullahdagi bosh bozorda ro‘y bergan va DUI-F partiyasining saylovoldi ofisiga qarshi qaratilgan.
8 fevralga belgilangan saylov arafasidagi kunlarda Belujiston va Hayber-Paxtunxva viloyatlaridagi kuch ishlatish bilan bog‘liq bir qancha holatlar kuzatilgandi. Yanvar oyi oxirida Hayber-Paxtunxvada mustaqil nomzod Rehan Zeb Xon otib ketilgan, Pokiston xalq partiyasi nomzodiga ham hujum uyushtirilgandi.
Belujiston rasmiylari ovoz berish jarayoni reja bo‘yicha o‘tkazilishini ma’lum qilgan.
«Xotiringiz jam bo‘lsin, biz terrorchilarga bu muhim demokratik jarayonga putur yetkazish yoki uni buzishga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya yozgan viloyat axborot vaziri Jan Achakzay ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Mavzuga oid
17:10 / 25.12.2024
Pokiston Afg‘onistondagi nishonlarga havodan zarba berdi
17:38 / 24.12.2024
Turkiyada portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda portlash sodir bo‘ldi
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
00:15 / 22.12.2024