Jahon | 15:41 / 09.02.2024
55945
6 daqiqa o‘qiladi

Putinning Taker Karlsonga intervyusi. Asosiy gaplar

Amerikalik jurnalist Putinga keskin savollar berishni va’da qilgandi. Amalda u Bucha, Mariupol va Navalniyni tilga olmadi. Rossiya prezidenti esa doimgi gaplarini takrorladi.

Foto: Gavriil Grigorov/TASS

Amerikalik mashhur teleboshlovchi Taker Karlson 9 fevralga o‘tar kechasi o‘z saytida va tvitterda Rossiya prezidenti Putin bilan 2 soatlik intervyusini e’lon qildi. Bu intervyu uchun Karlson bir necha kun oldin Moskvaga uchib kelgandi. Uni Kremlda qabul qilishdi, rus propagandachilari jurnalistning har qadamini hijjalab yoritib borishdi.

Suhbatdan avval Karlson amerikaliklar Ukrainadagi urush haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lishi uchun Putinga o‘tkir savollar berishini aytgandi. Ammo Karlson intervyu davomida rossiyalik suhbatdoshiga noqulay savollar bera olmadi. Masalan, u Mariupol va Buchadagi harbiy jinoyatlar yoki qamoqda qolayotgan Aleksey Navalniy haqida so‘ramadi.

Quyida Putinning intervyudagi asosiy gaplari keltiriladi.

Ukrainani «denatsifikatsiya» qilish haqida

Biz hali Ukrainadagi maqsadlarimizga erishib bo‘lmadik. Ulardan biri mamlakatni denatsifikatsiya qilish edi. Ya’ni, turli millatchi guruhlar faoliyatini cheklash haqida so‘z bormoqda. Bu g‘oyani saqlab qolishga intilayotgan odamlardan voz kechish kerak. Balki bu sizni ajablantirar, lekin biz Istanbuldagi muzokaralar vaqtida Ukrainada neonatsizmni kuchaytirmaslik borasida kelishuvga erishgandik ham. Xususan, buni qonunda cheklash nazarda tutilgandi.

Aytmoqchimanki, buni muzokaralar vaqtidayoq qilish mumkin ekan. Bu ishni amalga oshirish Ukrainani rivojlangan davlat sifatida kamsitib qo‘ymaydi. Axir qaysidir davlatda natsistlarni propaganda qilishga ruxsat berishganmi? Yo‘q axir.

Bu haqda Zelenskiy bilan gaplashgandim. «Volodya, nima qilyapsan? Sening otang fashizmga qarshi jang qilgan, u frontovik, sen nega Ukrainadagi neonatsistlarni qo‘llayapsan?» degandim. U nima deganini esa aytmay qo‘ya qolay, to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Evan Gershkovichni ozod qilish bo‘yicha

Bu borada qiladiganimizni qilib bo‘ldik, limit ham tugab ketgandir. Lekin bizning ezgulik bilan uzatgan qo‘limizga munosib javob berishmadi. Siz aytgan odam, janob Gershkovich vatanida bo‘lishi mumkin, buni hamkorlar bilan muhokama qilishga tayyormiz. Hamkorlar deganda maxsus xizmatlarni nazarda tutyapman. Axir uni Rossiya qamoqxonasida ushlab turishdan ma’ni yo‘q. Biz Amerika maxsus xizmatlari bizning maxsus xizmatlarni qanoatlantiradigan yo‘lni topishini istaymiz.

Yangi jahon urushi xavfi haqida

NATO davlatlari global urush va yadro konflikti haqida gapirib, o‘z fuqarolarini biz bilan qo‘rqitishga urinmoqda. Ammo fikr qiladigan odamlar bu feyk ekanini juda yaxshi biladi. Rossiya o‘z qo‘shinlarini Polshaga faqat bu davlatdan bizga hujum qilingan vaqtdagina yuborishi mumkin. Nega? Chunki bizning Polshada ham, Latviyada ham, hech qayerda manfaatlarimiz yo‘q. Bizga buning keragi ham yo‘q.

AQShning urushga aralashuvi haqida

Hayron qolaman, sizning qiladigan ishingiz yo‘qmi? Chegarada muammolaringiz bor, migratsiya bilan, 33 trillion dollarga yetgan tashqi qarz bilan bog‘liq muammolaringiz bor. Aftidan, qiladigan ishingiz yo‘q, shuning uchun Ukrainadagi urushga aralashyapsiz.

Axir bugungi kundagi voqealardan kelib chiqib, yaxshisi biz bilan kelishish kerak emasmi? Tushunganingizdek, Rossiya o‘z manfaatlari uchun oxirigacha kurashadi. Sog‘lom fikrlab, bizning davlatimiz, manfaatlarimizni ham hurmat qilib qaror qabul qilish kerak.

Foto: RF prezidenti matbuot xizmati

«Shimoliy oqim»dagi portlashlar haqida

«Shimoliy oqim»ni kim portlatdi? Siz, albatta. Isbot bormi, deysiz. Odatda bunday holatlarda ishga aloqadorlardan izla deyishadi. Hozirgi holatda aloqadorlar ko‘p, ammo hamma ham Boltiq dengizi tubiga tushib quvurlarni portlata olmaydi.

Boris Jonson haqida

Ukraina hukumati Britaniya sobiq bosh vazirining gapiga kirgani yoki talabini bajargani achinarli. Janob Araxamiya «Biz 1,5 yil avval harbiy harakatlarni to‘xtatishimiz mumkin edi, lekin inglizlar bizni ko‘ndirishdi va biz rad etdik», degandi. Hozir janob Jonson qayerda? Urush esa davom etyapti.

Ukraina bilan muzokaralar haqida

Ukraina prezidenti muzokaralarni taqiqlab qo‘ygan. Bu cheklovni bekor qilsin, bo‘ldi. Biz hech qachon muzokaralardan voz kechmaganmiz. Ular esa ommaviy tarzda bosh tortishgan.

Rossiya va Ukraina xalqlari haqida

Ukrainadagi oxiri ko‘rinmayotgan safarbarlik, talvasa, ichki muammolar... Ertami kechmi biz, albatta, kelishamiz. Hozirgi kun uchun g‘alati tuyular, lekin xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar tiklanadi. Ko‘p vaqt kerak bo‘ladi, lekin tiklanadi. Hozir bo‘layotgan voqealar fuqarolar urushini eslatadi. G‘arbdagilar rus xalqining bir qismini boshqasidan ayirdi deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Yo‘q, birlashish sodir bo‘ladi.

Mavzuga oid