O‘zbekiston | 15:58 / 10.02.2024
17280
11 daqiqa o‘qiladi

Avtobus saroylaridagi bitmagan metan-shoxobchalar: Hukumat darajasidagi loyihaga kim to‘sqinlik qilyapti?

Toshkentdagi avtobus saroylari hududida metan-shoxobchalar qurish uchun bir nechta tadbirkorga ajratilgan yerlar qaytarib olingan. “Toshshahartransxizmat” xususiy sheriklarni o‘z vaqtida ustav fondini shakllantirmaslikda ayblayapti, tadbirkorlar esa sarmoya kiritishlariga to‘siqlar bo‘lganini aytmoqda.

Hukumat qarori bilan boshlangan loyiha

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil mart oyidagi 129-sonli qaroriga ko‘ra, poytaxtdagi avtobus saroylari filiallarida shu (2017)ning o‘zida siqilgan tabiiy gaz (metan) shoxobchalar tashkil etish belgilangan. Shunga muvofiq “Toshshahartransxizmat” AJ tadbirkorlarga DXSh asosida shoxobchalar qurish taklifi bilan chiqqan.

Keyinchalik avtobus saroylarida shoxobcha qurish taklifi sarmoyadorlar tomonidan qabul qilinib, loyihalarni realizatsiya qilishga kirishilgan. Ammo bugungi kunga kelib, 2020 yilda bu ishga bosh qo‘shgan ikki tadbirkor afsusda. Ularning Kun.uz’ga murojaat qilib aytishicha, deyarli qurilishi yakunlangan joylarini mas’ullar ulardan tortib olyapti.

Birinchi holat “MAXX PETROL-OIL” MChJ rahbari Jamshid Mahkamov bilan bog‘liq. Mahkamov egalik qiladigan kompaniya 8-avtobus saroyi filialida shoxobcha qurishi va bu shaxobchada gaz yetkazib berishi kerak bo‘lgan “Tashbus Petrol” MChJning 70 foiz ulushdori hisoblangan(Statistika agentligining 2024 yil 10 fevraldagi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqt bu MChJ 100 foiz “Toshshahartransxizmat” AJga tegishli. 2020 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan “MAXX PETROL-OIL” MChJ faoliyati tugatilgan). Uning aytishicha, kelishuvga asosan metan-shoxobchani qurish ishlari 2020 yil iyul oyidan boshlanishi reja qilingan.

Yunusoboddagi 8-avtobus parkida ishni boshlaganimizdan keyin biroz vaqt o‘tib, ishni boshlab davom etayotganimizda [8-avtobus saroyining] bizga qo‘ygan majburiyatlari bor edi. Ya’ni SSSR vaqtidan qolgan dizel “zapravka”si bo‘lgan, shuni ko‘chirib berish sharti bor edi, chunki biz u yerda qurilish qilishni reja qilgan edik. Tezlik bilan shu dizel “zapravka”sini ko‘chirib berdim. Keyin zudlik bilan hududdagi hamma joyi bo‘lmasa ham, deyarli yarmidan ko‘p qismi eski asfalt bilan qoplangan edi, men uni bilganim yo‘q. Tez-tez shu yerni aslfalt qilib beringlar deb shoshilinchda aytib qolishdi, o‘sha hududni asfalt qilish kerak bo‘ldi. Rozi bo‘lib, shuni qilib berdim.

Oradan 2 kun o‘tib, prezident tashrifi bo‘lib qoldi. [Qurilish qilayotgan hududning] yonida yangi bino qurib bitkazilgandi, shu yerga kelib qolganlarida [AGTKS quriladigan] joyga ham kirib qoldilar. O‘sha vaqtda men safarda edim, keyin menga xabar keldi: bu joy boshqa joyga ko‘chirilishini, o‘rniga qandaydir institut qurilishini aytishdi. “Mayli, agar prezidentga shunday taklif qilingan bo‘lsa, kutamiz, menga ham taklif bilan chiqishar, balki”, – dedim. Chunki hududga sarmoya kiritib qo‘ygandim. 1,25 mlrd miqdorida xarajat qilib, qurilish ruxsatnomalarini olib, tayyor qilib qo‘ygandim. Bosqichma-bosqich ishlab ketayotgan vaqtimda ishimiz to‘xtadi”, – deydi Jamshid Mahkamov.

Haqiqatan ham 2020 yilning 16 oktyabr sanasida prezident Yunusobod tumaniga tashrifi doirasi 8-avtobus saroyi filialida bo‘lgan va o‘rnida qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etishni taklif qilgan. Bu bo‘yicha Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 14-sonli buyruq ham qabul qilingan.

Orada kutishlar bilan yana salkam 3 yildan keyin tadbirkorga aloqaga chiqilib, qurilish uchun ruxsat berilgan. Mahkamovning aytishicha, u bu orada barcha hujjatlarni yana qayta yangilagan, 1,5 oy qurilish qilgan va ishlar yana to‘xtatilgan: bunga sarmoyadorlarning o‘z vaqtida loyihaga investitsiya kiritmagani asosiy sabab qilib olingan.

“Toshshahartransxizmat” AJ boshlig‘i Anvar Jo‘rayev avgust oyida ta’sischilar bilan o‘tkazgan yig‘ilishida shu vajni keltirib, ustavdan chiqib ketishlarini so‘ragan.

Umumiy shartnomada 1 yil ichida sarmoya kiritmaganimni aytishyapti, menga hali 1 yil bo‘lmadi. 2020 yil 2 oy, 2023 yilda yana 2 oy – jami ishlagan vaqtim 4 oy. 4 oy ichida 2 marta hamma hujjatlarni yangiladim. Bu hujjatlarni yangilash ham juda qiyin narsa ekan, men buning ichiga kirib bildim. Kim buyruq berdi bunday deb so‘rasak, hokimiyat deyishyapti. Hokimiyat bu tadbirkorlardan joylar olib qo‘yiladi degan ekan. Hech qanday asos yo‘q”, – deydi u.

Ikkinchi holat. Jamshid Mahkamovdan tashqari, shoxobchasidan ayrilayotgan yana bir tadbirkor bor. Uning vaziyati biroz farq qiladi. “Lulu LLC” MChJ rahbari Oybek Mengliyev 2021 yilda 1-avtobus saroyi filiali bilan qurilish bo‘yicha shartnomaga erishgan. Unga ko‘ra, qurilish yakunlangach gaz yetkazib berish bilan “Multi Gas System” MChJ shug‘ullanishi, uning 70 foiz ulushiga ““Lulu LLC” MChJ egalik qilishi kerak bo‘lgan(Statistika agentligining 2024 yil 10 fevraldagi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqt bu MChJ ham 100 foiz “Toshshahartransxizmat” AJga tegishli. 2020 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Lulu LLC” MChJ hozir ham mavjud). Ammo bir yil vaqt davomida filialdagi ijaraga berilgan joy shoxobcha barpo qilinishi uchun bo‘shatib berilmagan.

Korxona mas’ullari tomonidan bizga qurilish ishlari uchun kelishuvda belgilangan yerni ajratib berishga 2022 yilning may oyiga kelib ruxsat berishdi. Ungacha bo‘lgan muddatda bizdan oldin ijaraga olib ishlatgan korxona bilan shartnomasini bekor qila olishmadi. 2022 yilning may oyida 2023 yil aprel oyigacha, ya’ni 11 oy davomida hujjatlashtirish jarayoni davom etdi. Ungacha esa qurilish ishlarini olib borishning imkoni bo‘lmadi. Shu sababli bunga qadar biror investitsiya kiritishning iloji bo‘lmadi.

Shuncha ketishimizga oddiy bir misol: Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasidan tegishli xulosani olishning o‘ziga 6 oydan ko‘proq muddatni yo‘qotganmiz. Ya’ni o‘sha vaqtda har xil bahona, sabablarga ko‘ra, biz tomondan berilgan arizalarga o‘z vaqtida javob berilmagan, hujjatlar o‘z vatqida ko‘rib chiqilmagan. Shuning uchun biz ishimizni o‘z vatqida tugata olmaganmiz.

Biz, ya’ni investor tomonidan qancha so‘rov, qistovlarga qaramasdan korxona rahbari sifatida o‘zimga biriktirilgan ishlarni imkoniyat doirasida bajarganmiz. 2023 yilning aprel oyiga kelib, qurilish uchun ruxsatlarni to‘liq olganmiz. Shu vaqtdan ishni boshlagan bo‘lsak, 27 iyulga qadar 3 mlrd 700 mln so‘mlik ishni bajarib bo‘lganmiz”, – deydi Mengliyev.

Oybek Mengliyevning aytishicha, shoxobcha qurilishining 80 foizi yakunlangan, faqatgina pardozlash ishlari qolgan, xolos.

Tadbirkorga ko‘ra, “Toshshahartransxizmat”ning sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev investorlar tomonidan sarflangan summalarni hisoblatib, Toshkent shahar hokimiyati hisobidan qoplatish uchun kelishishga uringan. Lekin tadbirkorlarning xarajatlari to‘liq summa chiqmagani sababli bu ijobiy hal etilmagan.

Kun.uz avvalroq holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ raisi (endilikda sobiq) Anvar Jo‘rayevning o‘zi bilan bog‘langan edi. U o‘zi rahbarlik qilayotgan kompaniya to‘rtta tadbirkor bilan sudlashayotganini aytgandi.

2019 yildan keyin 4 nafar tadbirkor bilan gaz “zapravka” qurish bo‘yicha shartnoma tuzganmiz. Ustav fondimiz 70/30, ya’ni 30 foizni “Toshshahartransxizmat” va 70 foizini tadbirkor shakllantirishi kerak edi. “Toshshahartransxizmat” tomonidan 30 foizi to‘liq shakllantirilgan, 4 nafar tadbirkordan birortasi shakllantirmagan.

2023 yilda 4 nafari bilan uchrashganimizda har xil vajlar keltirishgan, lekin shakllantirishmagan.

Biz ularni ustavdan chiqarib tashlashlari uchun o‘rnatilgan tartibda sudga murojaat qildik. Qonuchilikka ko‘ra, 1 yil davomida ustav fondini shakllantirishlari kerak edi. Lekin bu ish amalga oshmagan. 3 yil davomida birorta ish bo‘lmagan, vaholanki, biz ularga yer ajratgan edik.

Ana endi bu yil [2023 yil nazarda tutilmoqda – tahr.] gazda yuradigan mingta avtobus bo‘lgani uchun katta ehtiyojimiz bor. Shuning uchun ularni sud qarori bilan ta’sischilar ro‘yxatidan chiqarib yuborib, o‘zimiz 2024 yilning birinchi choragidan boshlab qurilishni yakunlab, ishga tushirmoqchimiz. Mingta avtobusimiz bor, o‘zimiz “zapravka” qilamiz endi”, – degandi Jo‘rayev.

Shu o‘rinda qiziq savol tug‘iladi, “zapravka” qurilishi masalasi nima uchun avvalroq hal qilib qo‘yilmagan? Vaholanki, tadbirkorlar bilan 2020 yilda shartnoma qilingan.

Anvar Jo‘rayevga ko‘ra, bundan avval ham tadbirkorlar bilan uchrashilgan, 2023 yilda dolzarb bo‘lgani uchun masala ko‘ndalang qo‘yilgan. Lekin tadbirkorlar buni rad etdi: ularning aytishicha, ustavni shakllantirish va vaqtida investitsiya kiritish bo‘yicha uchrashuvlar bo‘lmagan.

Hozirda tadbirkorlar va AJ o‘rtasidagi sud Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida, keyinroq apellyatsiya instansiyasida ham ko‘rib chiqilgan va ish “Toshshahartransxizmat” foydasiga hal qilingan. Fuqarolar apellyatsiya shikoyati Oliy sudga murojaat qilishgan. 1-avtobus saroyi filiali bilan qurilish bo‘yicha shartnoma qilgan tadbirkor Oybek Mengliyevga tegishli "Lulu LLC" MChJ ishda yutqazgan. "Maxx Petrol-oil" MChJga oid ish taftish instansiyasida ko‘rilmoqda.

Loyihani boshida turgan “Toshshahartransxizmat” AJning raisi Anvar Jo‘rayev esa juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish va mansab sohtakorligi kabi jinoyatlarda ayblanib, qamoqqa olingan.

Shunday qilib, Hukumat talabi bilan boshlangan loyiha boshi berk ko‘chaga kirib qolgan: milliardlab mablag‘ tikkan tadbirkorlar sarson, avtobuslar metan “zapravkalari” taqdiri noma’lum.

Ma’lumot uchun, Toshkentda mingdan oshiq metan gazida harakatlanadigan avtobuslar bor. Ular hozir ham boshqa avtomobillar qatori umumiy “zapravka”lardan foydalanishmoqda. Rejaga ko‘ra, yaqin yillarda ularning soni yanada oshadi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid