O‘zbekiston | 16:44 / 10.02.2024
10353
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida yo‘lovchilar uchun alohida yo‘lak ajratildi

Xalqaro aeroport kengayishi munosabati bilan transport vositalarining kirishi hamda yo‘lovchilarni tushirish va olish uchun alohida yo‘lak qilindi. Bu yo‘laklardan foydalanish bepul, ammo transport vositalari 10 daqiqadan uzoq qolishi mumkin emas. Avvalroq aeroportning estakada qismi binoning bir qismiga aylantirilishi ma’lum qilingandi.

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent aeroporti hududida mavjud terminalni kengaytirish maqsadida qurilish ishlari boshlangan. Shu munosabat bilan aeroport hududida ayrim cheklovlar joriy etilgan.

“Uzbekistan Airports”ning xabar berishicha, avtotransport vositalari, jumladan, taksilar va sayyohlik avtobuslari kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida yo‘lovchilarni tushirish va olish uchun alohida yo‘lak ajratilgan.

Ushbu yo‘lakdan foydalanish bepul, ammo yo‘lovchilarni tushirish va olish muddati 10 daqiqadan oshmasligi lozim. Aeroport xizmatining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, agarda transport vositalari bu vaqtdan ko‘proq qolsa, jarimaga tortiladi. Uzoqroq vaqtga to‘xtash kerak bo‘lsa, avtoturargohdan foydalanish lozim.

Shuningdek, terminalda rekonstruksiya ishlari tufayli Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish zaliga kuzatuvchilarning kirishi vaqtincha cheklangan. Istisno tariqasida, homilador va bolali ayollar, qariyalar va nogironlarga hamrohlik qiluvchi shaxslarga jo‘nab ketish zaliga kirishga ruxsat etiladi. Kuzatuvchilar o‘zlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat olib kelishlari kerak.

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbariyati va Toshkent xalqaro aeroporti ma’muriyati vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 8 dekabrda Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari boshlangani, estakadaga chiqish cheklanishi ma’lum qilingandi.

Keyinroq qurilish ishlari 2025 yilgacha davom etishi, aeroport qanday ko‘rinishga kelishi xabar qilingan. Ammo asosiy savollar ochiq qolgandi.

Kun.uz 2023 yil 10 dekabr sanasida qurilish-ta’mirlash loyihasiga oid bir qancha savollar bilan “Uzbekistan Airports”ga yuzlangan edi. Ammo shu vaqtgacha bu borada javob berilgani yo‘q. Kompaniya rekonstruksiya hududida OAV uchun ochiq press-tur tashkil qilishni, tegishli savollarga shu turda javob berilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid