O‘zbekiston | 20:51 / 12.02.2024
10954
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo qoploni populyatsiyasini qayta tiklash niyatidamiz - Shavkat Mirziyoyev 

Inson omili ta’sirida O‘zbekiston hududida yo‘qolib ketgan yirtqich hayvon populyatsiyasi tiklanishi mumkin. 

Foto: Greatcats.ru

Ustyurt platosida yashagan va inson omili ta’sirida yo‘qolib ketgan Osiyo qoploni populyatsiyasini qayta iqlimlashtirish boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev BMT Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida aytib o‘tdi. 

Qayd qilinishicha, so‘nggi 50 yilda Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qush, 12 turdagi sut emizuvchi, jumladan, Turon yo‘lbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. 

«Bioxilma-xillikni kelajak avlodlar va barqaror rivojlanish uchun saqlash, inson hayotining tabiat bilan uyg‘unligini ta’minlash – bizning umumiy maqsadimizdir. Bu butun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirishni, muvofiqlashtirilgan va kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston transchegaraviy tabiiy parklar yaratish bo‘yicha mintaqa mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda va ular sonini keskin ko‘paytirish niyatidamiz. Bir vaqtlar Ustyurt platosi kengliklarida yashagan va inson omili ta’sirida yo‘qolib ketgan Osiyo qoploni populyatsiyasini qayta iqlimlashtirishni boshlash niyatidamiz. Olimlar va ekspertlarni bu yo‘nalishda hamkorlikka chorlab qolamiz», deyiladi tabrik nutqida. 

Osiyo qoploni (lot. Acinonyx jubatus venaticus) ilgari Yaqin Sharq va Hindistonning turli mintaqalarida keng tarqalgan, ammo hozirgi kunda faqat Eronda kichik populyatsiya shaklida omon qolgan. Osiyo qoplonlari tabiiy o‘lja sonining kamayib borishi, chorvadorlar va podachi itlar tomonidan ta’qib qilinishi, brakonerlik oqibatida deyarli yo‘qolib ketgan. 

Tashqi tomondan, u Afrika qoplonidan deyarli farq qilmaydi (ammo ular orasidagi genetik farqlar sezilarli), faqat juni qisqaroq, urg‘ochilari erkagidan kichikroq. 

2000-yillar ma’lumotlariga ko‘ra, tabiatda yashovchi Osiyo qoplonlari 50-100 boshni tashkil qiladi. 2017 yil holatiga ko‘ra, Eronda yovvoyi tabiatda ushbu turning 40 boshga yaqini yashamoqda, ulardan 20 boshi fotokamera-tuzoq yordamida suratga olingan.

Mavzuga oid