Havoning keskin sovishi O‘zbekistonda ertapishar piyoz hosiliga salbiy ta’sir qilishi mumkin - EastFruit
Bir necha kunlik iliqlikdan keyin havoning soviy boshlashi natijasida ertapishar piyoz hosilining bir qismi yo‘qotilishi va mahsulot sifati ham yomonlashishi mumkin. Bundan tashqari, sovuqlar keyinchalik hosil yig‘ish muddatining kechikishiga olib keladi.
Markaziy Osiyodagi piyozning yirik eksportchilari bo‘lgan mamlakatlar: Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonda havoning keskin sovishi hosildorlikka sezilarli darajada ta’sir qilishi mumkin.
EastFruit ekspertlariga ko‘ra, sovuq ob-havo mart oyida ushbu mamlakatlarning janubiy hududlarida yig‘ib olinadigan ertapishar piyoz, karam va sabzi kabi sabzavotlarning hosiliga ziyon yetkazishi ehtimoli bor. Bundan tashqari, donli mevalar va yong‘oqlar hosilining bir qismi ham xavf ostida qoladi.
Meva-sabzavot biznesi bo‘yicha xalqaro ekspert Baxtiyor Abduvohidovning aytishicha, so‘nggi paytlarda viloyatlarda havo juda issiq – kunduzi harorat 20 darajadan ham oshib ketgan. Natijada, ko‘plab hududlarda bodom allaqachon gullashni boshlagan va boshqa danakli mevalarning kurtaklari shishib chiqqan.
Prognozlarga ko‘ra, hafta oxirida hattoki Tojikistonning janubiy viloyatlarida ham harorat –7-10 darajagacha soviydi. O‘zbekiston va Qozog‘istonda vaziyat ancha og‘irroq bo‘lishi mumkin: ushbu mamlakatlarda harorat kechasi –12-13 darajagacha tushishi, kunduzi ham sovuq davom etishi kutilmoqda.
Mutaxassisning fikricha, ertapishar piyoz allaqachon unib chiqqan, bu esa hosilning bir qismi yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.
Agronom Sergiy Albaning so‘zlariga ko‘ra, sovuqning piyozga ta’siri hosilning rivojlanish bosqichiga bog‘liq.
«Agar piyoz hosili sovuqqa qadar oltidan ortiq barg hosil qilgan bo‘lsa, u o‘qini tashlab yuborishi mumkin», – deydi u.
Latvijas dārznieks sabzavot yetishtiruvchilar uyushmasi mutaxassisi Marit Gailitning qo‘shimcha qilishicha, sovuqning piyoz ekinlariga ta’siri ham piyozning xilma-xilligi va gibridiga, ham plantatsiyaning umumiy holatiga bog‘liq.
«O‘tgan mavsum tajribasidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, ertapishar piyoz hosilining bir qismi yo‘qotilishi mumkin. Mahsulot sifati ham yomonlashadi. Bundan tashqari, sovuqlar keyinchalik hosilni yig‘ish muddatining kechikishiga olib keladi», deyiladi EastFruit maqolasida.
Mutaxassislarning xulosa qilishicha, havoning sovishi Markaziy Osiyo piyoz bozoridagi keskinlikni biroz yumshatadi. Respublikalarda mahsulot zaxiralari yuqoriligicha qolmoqda va narxlar nisbatan past. Ertapishar piyoz hosilining bir qismi yo‘qotilishi va yig‘im-terim muddatining kechikishi omborlarda to‘plangan mahsulotlarning katta zaxiralarini sotish uchun bir necha qo‘shimcha kunlarni ta’minlaydi.
Shuningdek, sovuq havo yopiq joylarda saqlanadigan piyoz yo‘qotilishini kamaytiradi. Har holda, bu hodisa bozor uchun ijobiy bo‘lib, asta-sekin o‘sib borayotgan piyoz narxining mustahkamlanishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq, joriy yilning 16 fevral kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17–19 fevral kunlari esa respublikaning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi, havo harorati kechalari –8 darajagacha pasayishi mumkinligi xabar qilingandi.
Mavzuga oid
07:35 / 20.12.2024
Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
14:06 / 12.12.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 16 foizga oshdi
20:23 / 10.12.2024