“Prezidentdan sog‘lar o‘rtasidagi tanlovlarda biz ham qatnashishimizni so‘rardim” - ko‘zi ojizlar maktabi o‘quvchilari nimani xohlaydi?
Samarqand shahrida 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati mavjud. Ushbu dargoh yonidan o‘tib ketarkanmiz, “Nurli maskan” degan yozuvga ko‘zimiz tushadi. Shunday paytda ochig‘i ichkaridagi hayot, muhit ko‘pchilikni qiziqtiradi.
Samarqand shahrida 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati mavjud. Ushbu dargoh yonidan o‘tib ketarkanmiz, “Nurli maskan” degan yozuvga ko‘zimiz tushadi. Shunday paytda ochig‘i ichkaridagi hayot, muhit ko‘pchilikni qiziqtiradi.
Biz mazkur nurli maskanda bo‘lib, ko‘zi ojiz bolalarning qanday ta’lim-tarbiya olayotgani, ularning salohiyati, qobiliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. O‘z navbatida mazkur sohaning yutuq va kamchiliklari bilan ham yaqindan tanishdik.
Ushbu dargoh 1961 yilda tashkil qilingan bo‘lib, hozirgi kunda 250 ga yaqin o‘quvchi-yoshlar tahsil olmoqda. 25 ta fan, sport va madaniy to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Maktab direktori Abduhalim Meliyevning aytishicha, “Nurli maskan”ga o‘quvchilar olti-yetti yoshdan qabul qilinadi. O‘qituvchilarning qariyb to‘qson foizi ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi ustoz-murabbiylardir. Muassasa rahbari bu holatni o‘quvchilar qatlami ham xuddi shunday xastalik bilan kurashib kelayotgani uchun ular o‘zaro yaxshi til topishishi bilan izohladi.
– Men ko‘p yillar davomida turli ta’lim muassasalarida ishladim, ikki tumanda xalq ta’limi bo‘limlarini boshqardim. Biroq ushbu dargohga kelib, bu toifa insonlar haqida hech qanday tasavvurga ega emasligimni anglab yetdim. Ularni anglash, tushunishga ko‘p vaqt ajratdim. Xulosam shu bo‘ldiki, ko‘zi ojiz insonlarning ko‘ngli juda nozik. His-tuyg‘ulari, sezgilari ham shunga monand. Bizdan bir necha barobar eshitish, eslab qolish, sezish qobiliyati kuchli bo‘larkan. Bu afzalliklar bilan ular ham jamiyatda sog‘lom odamlar qatori o‘z o‘rnilarini topishlariga yordam beradi. Ularning ko‘pi bizdan odatda moddiy yordam kutadi, deb o‘ylaymiz. Yo‘q, ular qulaylik istashadi, xolos. Biz uchun ko‘cha-ko‘yda harakatlanish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi, o‘rganib ketganmiz. Biroq ular ham sayr qilishni, shahar aylanishni istashadi. Afsuski, bu borada biz anchagina orqadamiz. Shaharsozlikda, jamoat joylarda mana shunday insonlarning ham harakatlanishini hisobga olib qulaylik yaratsak foydadan xoli bo‘lmaydi, – deydi Abduhalim Meliyev.
Maktab o‘quvchisi Nazokat Butunboyeva badiiy adabiyotga qiziqishi balandligi, ushbu maktab o‘quvchilari ham eng yaxshi kitobxon ko‘rik-tanlovlarida qatnasha olishi mumkinligini bildirdi.
Nazokatning aytishicha, maktab o‘quvchilar darslardan tashqari fan va kasb-hunar to‘garaklariga alohida e’tibor berishadi. Xususan, qizlar uchun to‘quvchilik va pazandalik sirlari chuqur o‘rgatiladi. Chunki bu hunarlarni bilish ayniqsa, qizlar uchun mustaqil oila qurganda kerak bo‘ladi.
Internatning o‘z ovoz yozish studiyasi ham bor ekan. Maktab o‘quvchilarining aksariyati darsdan bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha, ushbu studiyaga oshiqishadi.
Navro‘z Qo‘yliyev, Jahongir Abduvaliyev kabi yosh iste’dod egalari maqom va estrada yo‘nalishidagi chiqishlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z muxlislarini topib ulgurgan, desak xato bo‘lmaydi.
Maskanda beshta sport to‘garagi faoliyat olib boradi. Futbol va sport zallari mavjud. Maktab o‘quvchilari ayniqsa, shaxmat-shashka musobaqalarida yaxshi natija ko‘rsatib kelishmoqda. Nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar ham sport bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatiga ega.
Maktab pedagogik jamoasi turli tanlovlar, grantlardan ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, zamonaviy ovoz yozish studiyasi ham xuddi shunday grant asosida tashkil qilingan.
Bundan tashqari, grant mablag‘lari hisobiga kichik sport zali ham barpo qilingan. Ayniqsa, brayl yozuvidagi kitoblarni nashr qilish, 3D shakldagi o‘quv va sport qurollarini tayyorlash uchun ham maktab jamoasi o‘z imkoniyatidan foydalanib kelayotgani tahsinga sazovor, deyishimiz mumkin.
Maktab o‘quvchilari nafaqat sport, madaniyat sohasida, balki fan olimpiadalarida ham salmoqli yutuqlarga erishib kelmoqda.
2022 yilda muassasa o‘quvchilarining uch nafari fan olimpiadasining respublika bosqichida g‘oliblikni egallagan. Xususan, Sherbek Islomov hamda Rayxona Sharafova ona tili va adabiyot fanidan birinchi, Murodjon Polvonov esa matematika fanidan ikkinchi o‘rinni egallagan. O‘sha yili maktab o‘quvchisi Mahbuba Halilova Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Maktab o‘qituvchilari Umida Suyunova “Sodiq xizmatlari uchun” medali, Bahriddin Isroilov esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
2023 yilda fan olimpiadasining respublika bosqichida Odina Shovdirova matematika fanidan 1-o‘rinni, Parvez Qudratillayev esa tarix fanidan 1-o‘rinni egallagan. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Ochig‘i, nurli maskan ichkarisida hayot nihoyatda qaynoq. Yaratganning xohishi sabab jiddiy sinov bilan kurashib yashayotgan bu yigit-qizlar hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun tinimsiz o‘qish-izlanishda, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Operator va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
11:25 / 29.09.2024
Samarqandda beshta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
11:14 / 24.09.2024
Samarqandda Treker piyodalar yo‘lakchasidan velosipedda o‘tayotgan 12 yoshli bolani urib yubordi
19:35 / 09.09.2024
Samarqand shahridagi ko‘pqavatli uyda gaz portladi
12:56 / 05.09.2024