O‘zbekiston | 13:51 / 14.02.2024
3553
3 daqiqa o‘qiladi

Varshava shahrida O‘zbekiston-Polsha parlamentlararo muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Muzokaralarda bir qator sohalarda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Foto: Dunyo

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Polshaga tashrifi doirasida mamlakat parlamenti quyi palatasi (Seym) raisi o‘rinbosari Kristof Bosak va Senat vitse-marshali Mixal Kaminskiy bilan uchrashuv o‘tkazgan. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan. Ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, hududlararo aloqalarni faollashtirish, savdo, transport yo‘laklari, yashil iqtisodiyot va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.

Tomonlar ikki davlatning siyosiy, savdo-iqtisodiy doira vakillari o‘rtasidagi aloqalar faollashganini qayd etgan holda, davlatlararo hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun samarali shartnomaviy-huquqiy bazani yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston va Polsha parlamentlarining sarmoyalarni jalb etish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari o‘rtasidagi aloqalar ko‘lamini kengaytirish, ta’lim va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari xususida fikr almashilgan.

Seym spikeri o‘rinbosari Kshishtof Bosak O‘zbekiston tomoniga Polsha parlamenti bilan konstruktiv muloqot, o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash tarafdori ekani uchun minnatdorlik bildirgan.

Senat vitse-marshali Mixal Kaminskining ta’kidlashicha, Polsha ikki davlat manfaatlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdori.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi barqarorlik Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish va integratsiya jarayonlarini faollashtirishning kaliti hisoblanadi. “Markaziy Osiyo davlatlarida barqaror xavfsizlikni ta’minlash Polsha tomoni manfaatlariga to‘liq javob beradi”, degan u.

Polsha tomoni joriy yilning mart oyidan boshlab Toshkent – Varshava havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston-Polsha hamkorligini ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etgan.

Mavzuga oid