Jo Bayden va uning o‘g‘li Hanterga nisbatan ochilgan ish barbod bo‘ldi
Ularni poraxo‘rlikda ayblagan maxfiy axborotchi yolg‘on guvohlik berganlikda ayblandi.
AQSh maxsus prokurori Devid Vays Federal qidiruv byurosining (FQB) sobiq maxfiy axborotchisi Aleksandr Smirnovni yolg‘on guvohlik berganlikda va yozuvlarni soxtalashtirganlikda aybladi.
Avvalroq, Smirnov Jo Bayden va uning o‘g‘li Hanter Ukrainaning Burisma energetika kompaniyasidan 5 million dollardan olganini ta’kidlagan, ushbu ma’lumot asosida Baydenlarga nisbatan ish ochilgan edi.
Smirnov 2020 yilda Hanter Baydenga nisbatan tergov paytida, Ukrainaning Burisma kompaniyasi rahbariyati uni yollaganini, bundan maqsad vitse-prezident bo‘lib ishlayotgan otasi Ja Baydendan foydalanish ekani haqida aytgan. Uning guvohlik berishicha, keyinchalik kompaniya vakillari yordam uchun Jo va Hanter Baydenga pul to‘lagan. Smirnov buni 2015 va 2016 yillarda kompaniya vakillari bilan uchrashganida bilib olganini ta’kidlagan.
Maxsus prokuror idorasining ta’kidlashicha, Smirnov Burisma vakillari bilan haqiqatan ham uchrashgan, ammo bu 2017 yilda, ya’ni Jo Bayden vitse-prezident bo‘lmagan paytda yuz bergan. Shuningdek, prokuror bayonotida aytilishicha, Smirnov Baydenni shaxsiy adovat va prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgani sababli poraxo‘rlikda nohaq ayblagan.
Smirnov 15 fevral kuni xorijdan Qo‘shma Shtatlarga qaytganidan so‘ng, Las-Vegas aeroportida qo‘lga olingan.
Maxsus prokurorning bayonotida aytilishicha, FQB sobiq axborotchisi aybdor deb topilsa, 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
2023 yil sentabrida AQSh Kongressi Vakillar palatasining sobiq spikeri, respublikachi Kevin MakKarti Vakillar palatasining qo‘mitalari AQSh prezidenti Jo Baydenga impichment jarayonini boshlashi mumkin bo‘lgan tergov ishlarini boshlaganini e’lon qildi.
Respublikachilarga ko‘ra, Bayden 2009-2017 yillarda vitse-prezident bo‘lib ishlagan vaqtida o‘g‘li Hanterning xorijiy tijorat loyihalaridan daromad olgan. Bunda Aleksandr Smirnov ko‘rsatmalari asos qilib olingan edi.
Mavzuga oid
14:42
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024