«Nomzodlar uchun asosiy talab – til bilish» - prezident xorijdan o‘zbekistonlik ishchilarga buyurtma borligi haqida
Germaniya, Kanada, Koreya va Yaponiya kabi davlatlardan o‘zbekistonlik ishchilarga buyurtma bor. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
«Germaniya, Kanada, Koreya, Yaponiyadan ishchilarga buyurtma bor, nomzodlar uchun asosiy talab, bu – til bilish. Lekin Andijonda chet tilini yaxshi biladigan 1,5 mingga yaqin yoshlar bor, xolos.
Shu munosabat bilan xorijdagi ish beruvchilar talabi asosida 5 ming yoshlarni davlat va xususiy markazlarda kasb va tilga o‘qitish, 1 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimini Germaniyaga maqsadli tayyorlash muhimligi qayd etildi», deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot va moliya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklariga chet tili sertifikati olgan yoshlarga o‘qish xarajatini 50 foizgacha qoplashni yo‘lga qo‘yish, nemis va fransuz tili bo‘yicha B-2 sertifikatini olgan har bir o‘quvchi uchun xususiy o‘quv markazlarini subsidiyalash tartibini joriy etish topshirildi.
Raqamlashtirish vazirligiga viloyat IT eksportini 50 million dollarga yetkazib, kamida 1 ming nafar dasturchiga xalqaro bozorga chiqishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.
- Bundan oldinroq, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniya o‘zbekistonliklar uchun 50 ming bo‘sh ish o‘rni taklif qilayotganini xabar qilgandi.
- Bundan tashqari, Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun 37 mingta bo‘sh ish o‘rni taklif qilmoqda. Shuningdek, o‘zbekistonliklarga Kanadada ishlash imkoni yaratilishi mumkin, Yaponiyaning yirik savdo tarmog‘i O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb etishni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid
17:57 / 23.12.2024
Qozog‘istonda yo‘lda buzilib qolgan avtobusdan o‘zbekistonliklar qutqarildi
17:17 / 23.12.2024
AQSh rekord sondagi O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qildi
23:25 / 22.12.2024
Rossiyada safar sumkasi ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
23:49 / 20.12.2024