Jahon | 19:40 / 17.02.2024
23915
8 daqiqa o‘qiladi

«Biz xuddi kinoda yashayotgandik va Aleksey unda bosh qahramon edi» – Navalniy o‘limi haqida nimalar deyishdi?

Foto: Yevgeniy Feldman / «Meduza»

16 fevral kuni Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy vafot etdi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida siyosatchini xotirlab maydonlarga chiqishdi, Rossiya elchixonalari oldida uning suratini ko‘tarishdi. Mashhur insonlar uning o‘limi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Jo Bayden. AQSh prezidenti

Menga Aleksey Navalniy vafot etganini xabar qilishdi. Bir tomondan ajablanganim yo‘q, ikkinchi tomondan bu xabarni jahl bilan qabul qildim. U korrupsiya va Putin rejimiga qarshi mardlarcha kurashdi. Bunga javoban Putin uni zaharladi, soxta ish ochib qamatdi va uni izolyatsiya qilishga urindi.

U qamoqda bo‘lsa ham haqiqatning baland ovozlaridan biri bo‘lib qolaverdi. Birinchi suiqasddan keyin xorijda qolishi mumkin edi, ammo Rossiyaga qaytdi. Vataniga va Rossiyaga qattiq ishondi.

Navalniyning o‘limi uchun mas’uliyat Putinning gardanida. U nafaqat Ukrainada bo‘lgani kabi boshqa davlat fuqarolariga, balki o‘z davlatidagi odamlarga ham hujum qiladi. Navalniy bilan bo‘lgan holat Putinning qanchalik ayovsizligidan dalolat.

Volodimir Zelenskiy. Ukraina prezidenti

Hozirgina Rossiya qamoqxonasida Aleksey Navalniy vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Shubhasiz, u Putin tomonidan o‘ldirildi. Xuddi minglab ushbu mavjudot sabab ezilgan boshqa odamlar kabi. Putinga kim o‘lishining farqi yo‘q, u uchun asosiysi o‘z o‘rnini saqlab qolish. Putin mag‘lub bo‘lishi, hamma narsasidan ayrilishi va qilgan ishlari uchun javob berishi kerak.

Emmanuel Makron. Fransiya prezidenti

Bugungi Rossiyada erkinlik ruhidagi insonlar gulagga yuboriladi va o‘limga hukm qilinadi. Aleksey Navalniy o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildiraman, uning mardligi va vataniga sodiqligiga tan beraman. Xayolim uning oilasi va rus xalqi bilan.

Rishi Sunak. Britaniya bosh vaziri

Bu dahshatli xabar, rus xalqi uchun katta fojia. Aleksey Navalniy butun hayoti davomida Rossiya demokratiyasining asosiy himoyachisiga aylandi va aql bovar qilmas mardlik ko‘rsatdi. Xayollarim bu og‘ir dard bilan yashashiga to‘g‘ri keladigan Navalniyning ayoli va rus xalqi bilan.

Yevropa komissiyasi yetakchilari Ursula fon der Lyayyen va Jozef Borrel bayonoti

Biz Rossiyadan Navalniyning xavfsizligini ta’minlashni ko‘p marta talab qildik. Unga nisbatan qamoqxona ma’muriyati tomonidan amalga oshirilgan ruhiy va jismoniy bosim bas qilinishini talab qilib keldik. Uni prezident Putin va uning rejimi asta-sekinlik bilan o‘ldirdi. Ular uchun o‘zgacha fikrlaydigan odamdan ko‘rqinchliroq hech kim yo‘q.

Rossiya hukumati va siyosiy rahbariyatini javobgarlikka tortish uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilamiz. Rossiya hukumatidan Navalniy o‘limi bilan bog‘liq barcha detallarga oydinlik kiritishi, qolgan siyosiy mahbuslarni esa tezda ozod qilishni talab etamiz.

Ali Karimli. Ozarboyjon Milliy fronti partiyasi yetakchisi

Muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘ldirilishi Rossiya tarixidagi eng sharmandali sahifalardan biri. U qat’iyatli inson va ajoyib siyosatchi edi. Rossiya rejimi uni dushman deb qabul qildi, o‘z ichki qarorini qabul qildi-da, xalqi va dunyo jamoatchiligi o‘rtasidagi ko‘prikni yoqib yubordi. Ular hukumatdagi oxirgi kunlarigacha qatag‘onni davom ettirib, sanksiyalar ostida yashashadi.

Dmitriy Muratov. Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi

Bu dahshatli xabar. Tromb (agar chindan shunday bo‘lsa) 27 martalab jarima izolyatoriga joylashtirish oqibatidir. Izolyator (SIZO) yashay bo‘lmaydigan sharoit, yeb bo‘lmaydigan ovqat, havo yetishmaydigan va doim sovuq joy. Uch yil davomida uni qiynab kelishdi. Navalniyning shifokori inson tanasi bunday narsalarni ko‘tara olmasligini aytgandi. Navalniyning jazo muddatiga suiqasdni ham qo‘shishdi...

Boris Nadejdin. Rossiya prezidentligiga nomzodi o‘tmagan siyosatchi

Xabar yolg‘onligiga hamon umid qilyapman. Aleksey Navalniy Rossiyadagi men bilgan eng qat’iyatli insonlardan biri edi.

Navalniyning o‘limi haqida u ko‘p marta tanqid qilgan rossiyalik boshqa muxolifatchi Maksim Kats ta’sirli nekrolog e’lon qildi.

Bugun Aleksey Navalniy o‘ldi. U Rossiya siyosati uchun unikal inson edi va Putin rejimini demontaj qilish uchun hech qanday xavfdan qo‘rqmay kurashdi. U faqat qonuniy siyosat bilan shug‘ullandi va hech kimni otishga chorlamadi. Ammo u ayovsiz kurashgan raqibi hech ikkilanmay otishi, bu ishni odatda orqavarotdan amalga oshirishini juda yaxshi bilardi ham.

Bu raqib bilan u belgilagan qandaydir «qizil chiziqlar» bilan kurashish belgilangan, ammo Aleksey bularning hech birini qabul qilmasdi. U faqat o‘zining insoniy qoidalariga bo‘ysunardi xolos. Aleksey 24 yil davomida Putin davrida siyosat bilan shug‘ullandi. 2013 yil Moskva meri bo‘lishiga sal qoldi. 2018 yil esa prezidentlikka nomzod bo‘ldi, ammo uni saylovga qo‘yishmadi. 2021 yil uni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi va keyin qamoqqa tiqishdi. Mana, 2024 yilda u o‘ldi.

Aleksey u haqida ishlangan va «Oskar» olgan filmida agar uni o‘ldiradigan bo‘lishsa, aslo taslim bo‘lmaslik kerakligini aytgandi. Xuddi o‘limi haqida bayonotni oldindan tayyorlab qo‘ygandek. Ha, u mana shunday inson edi.

Navalniy zaharlanganidan keyin ham, bir yil davomida jarima izolyatoridagi dahshatli sharoitda qolganida ham odamlarni ruhlantirishda, hazillashishda davom etdi. Oxirgi damlarini o‘tkazgan, odatda retsidivistlar va eng og‘ir jinoyatlar sodir etganlar saqlanadigan Polyarniy tomondagi qamoqxonada ham bu ishini davom ettirdi.

U to‘laligicha erkinlikka erishgandi. Uning qarorlariga qo‘shilmasang ham oxirigacha borishini bilib turarding kishi. U muxolifat yetakchisi edi. Uni nimagadir ko‘ndirishga urinishar, lekin oxir-oqibat qarorni mustaqil qabul qilib, odamlarni ergashishga chorlar va odamlar ergashardi ham.

Navalniy xuddi biz bilan doim qoladigandek edi. Uni «Novichok» bilan zaharlashadi, qamoqqa tiqishadi, jamoasi a’zolari, advokatlarini ta’qib qilishadi. Ammo u tvitterga kirib hazillashishda davom etadi.

Ba’zan biz xuddi Hollivud filmida yashayotgan, Navalniy esa undagi bosh qahramondek ko‘rinar, yo‘l oxirida esa u ozodlikka chiqib Rossiya prezidenti kursisini egallaydigandek tuyulardi. Hozir ham xuddi uning o‘limi haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqadigandek. U yana o‘z o‘limi haqida xabarni ham hazilga buradigandek.

Ha, u bizni o‘z harakatlari bilan mana shunday yashashga o‘rgatdi. Ammo... u o‘ldi, endi oramizda yo‘q. Men esa nekrolog yozdim. Bunga hamon ishonolmayapman, menimcha, siz ham...

Mavzuga oid