Jahon | 21:45 / 17.02.2024
7525
2 daqiqa o‘qiladi

Shols Yevropa Ittifoqi a’zolarini Ukraina uchun kafolatlar bo‘yicha kelishib olishga chaqirdi

U 2024 yilda Kiyevga qo‘shimcha 7 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratishga va’da berdi.

Foto: Johannes Simon/Getty Images

Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa Ittifoqi davlatlarini Ukraina bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik bitimlari tuzishga chaqirdi. Bu haqda u xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi chog‘ida bayonot berdi.

«Bir narsa aniq: biz yevropaliklar hozir va kelajakda xavfsizligimiz uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak», deb uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Politico.

Shols Germaniya tomonidan Ukrainani sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi. Chunki u «Rossiyaga qarshi ishonchli, tiyib turuvchi faktor» hisoblanadi. U 2024 yilda Kiyevga qo‘shimcha 7 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratishga va’da berdi.

«Men Yevropaning boshqa poytaxtlarida ham xuddi shunday qarorlar qabul qilinishini juda xohlayman», dedi Germaniya kansleri. U, shuningdek, iqtisodiy tanglik davrida mudofaa xarajatlarining oshishi bilan bog‘liq siyosiy qiyinchiliklarni tan oldi: «Bu oson emasligini bilaman. Bu yerda tanqid ham bor, Moskva esa olovni kuchaytirmoqda», dedi Shols.

16 fevral kuni Germaniya kansleri va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Germaniya bunday hujjatni imzolagan ikkinchi davlatga aylandi. Ilgari Buyuk Britaniya, Germaniyadan keyin esa Fransiya ham shunday qilgan.

Hujjat o‘n yilga mo‘ljallangan bo‘lib, sakkiz qismdan iborat - xavfsizlik, harbiy va iqtisodiy yordam sohasidagi hamkorlik, islohotlar va siyosiy hamkorlik, «kelajakdagi tajovuz» holatlarida qarshi chora-tadbirlar, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar va Ukrainaning Yevropa integratsiyasi.

Mavzuga oid