AQShda rekord o‘rnatish uchun havoga uchirilgan 1,5 millionta shar – Klivlenddagi ekologik falokat qanday sodir bo‘lgandi?
1986 yilda AQShdagi shaharlarning birida sharlar festivali o‘tkaziladi. Unda tashkilotchilar Ginnessning rekordlar kitobiga kirish uchun havoga 1,5 millionta shar uchirmoqchi bo‘lishadi. Oxir-oqibat bu ish ko‘plab YTHlarga, parvozlarning to‘xtab qolishiga va shahar hamda uning atrofi bo‘ylab jiddiy ekologik falokat sodir bo‘lishiga olib keladi.
Bugun insoniyat ongli ravishda atrof-muhitni plastik chiqindilar bilan ifloslantirib boryapti. Ayniqsa polietilendan ishlab chiqarilgan yelim paketlar dunyo bo‘ylab quruqlikda va suv olamida turli jonzotlar hayoti uchun juda katta xavf tug‘dirmoqda.
Joylarda plastik paketlarga qarshi “kurash” ketmoqda. Jumladan, ularning o‘rniga qog‘oz paketlar yoki ko‘p marta ishlatsa bo‘ladigan matodan tikilgan to‘rxaltalar ishlatish tavsiya etilmoqda. Biroq ko‘rilayotgan choralarni yetarli deb bo‘lmaydi.
AQSh tarixida, hali Yer yuzida plastik chiqindilar masalasi dolzarb bo‘lmasidan ancha avval oddiy rezina sharlar tufayli ekologik muammo kelib chiqqan edi.
Insoniyat o‘shandayoq ayrim narsalarning Yer yuzi bo‘ylab to‘xtovsiz sochilishi ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunib yetishi kerak edi. Biroq boshqa holatlarda bo‘lgani kabi, AQShdagi hodisa hech kimga ibrat bo‘lmadi.
Yo‘q, qisman ibrat bo‘ldi. O‘shanda ekologik va boshqa muammolarga duchor bo‘lgan amerikaliklar hodisadan so‘ng aqllarini yig‘ib olishdi va zinhor bir vaqtning o‘zida osmonga millionlab shar uchirmaydigan bo‘lishdi. Bu hodisa 1986 yilda Ohayo shtatidagi Klivlend shahrida sodir bo‘lgandi.
Hodisadan avval
Barchasi 1984 yilda AQShning Los-Anjyeles shahrida o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlaridan boshlangandi. O‘shanda bu shahar o‘z tarixida ikkinchi marta olimpiya musobaqalarini o‘tkazgandi (birinchisi 1932 yilda o‘tkazilgan).
Ma’lumot uchun, 1980 yilda Moskvada o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlariga sovet armiyasining Afg‘onistonga bostirib kirishiga qarshi norozilik sifatida AQSh boshchiligidagi 100 dan oshiq davlat sportchilari kelmaydi. Bunga javoban, 1984 yilda Los-Anjyelesda o‘tkazilgan olimpiya musobaqalariga SSSR boshchiligidagi sotsialistik lagerga kiruvchi sanoqli davlatlar o‘z sportchilarini yubormaydi.
Los-Anjyelesda olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi paytida havoga ichiga gaz to‘ldirilgan ko‘plab sharlar uchiriladi va ular yordamida “Welcome” (Xush kelibsiz) so‘zi yoziladi.
Oradan bir yil o‘tgach, 1985 yilda Kaliforniya shtatidagi Anaxaym shahrida joylashgan Disneylend majmuasining 30 yillik yubileyi sharafiga havoga 1 mln (!) dona shar uchiriladi. Bu ish o‘sha paytda ko‘p shar uchirish bo‘yicha rekord natija edi.
Los-Anjyelesda ham, Disneylendning yubileyida ham sharlar uchirish shousini “Balloonfest” kompaniyasi o‘tkazib bergandi.
1986 yilda Ohayodagi Klivlend shahrida joylashgan United Way of Cleveland fond kompaniyasi sharlar festivalini o‘tkazishga va unda havoga bir paytning o‘zida 2 mln dona shar uchirishga qaror qiladi.
Sharlar festivalini o‘tkazishdan maqsad Disneylendda o‘rnatilgan rekordni yangilash va Ginnessning rekordlar kitobiga kirish bo‘lgan.
Kompaniya e’lon berib, bu ish uchun xayriya pullarini yig‘adi. Shahar ma’muriyatidan ruxsat olingach, “Balloonfest” kompaniyasiga tadbirni o‘tkazib berish yuzasidan buyurtma berishadi. Festivalga “Balloonfest-86” deb nom beriladi.
Shar uchirishga tayyorgarlik
United Way of Cleveland boshida “Balloonfest” kompaniyasiga havoga 2 mln dona shar uchirish bo‘yicha buyurtma bergandi. Biroq kompaniya tadbir kuni noqulay ob-havo kuzatilishi ehtimoli tufayli ularni 1,5 mln donaga qisqartiradi.
Rejaga ko‘ra, Klivlendda sharlar shunchaki qo‘yib yuborilmasdi. Ular havoga uchirilib, pishiq arqondan to‘qilgan juda katta to‘r ichiga qamalishi, so‘ng trosslar yordamida to‘r havoga ko‘tarilishi va oxirida qo‘yib yuborilishi kerak edi.
Tadbir 27 sentabrga mo‘ljallangandi. “Balloonfest” ishlarni ertaroq boshlaydi. Avval shahar markazida atrofi panjara bilan o‘ralgan maxsus joy qilinadi.
So‘ng yengil arqondan to‘qilgan o‘lchami juda katta bo‘lgan ulkan to‘r olib kelinib, arqonlar yordamida maxsus joyga bog‘lanadi. Shundan keyin sharlar geliy gazi bilan to‘ldirilib, qo‘yib yuboriladi. Ular borib to‘rga ilinib qolaveradi.
Tashkilotchilar barcha sharlarni shishirib, to‘r ostiga to‘plab, so‘ng havoga uchirishni reja qilgandi. Kompaniya xodimlari bilan barcha sharlarni shishirib ulgura olmasdi. Shu sababli vaqtni tejash maqsadida shahar aholisi yordamga chaqiriladi.
Yordam berishni istagan odamlar kuni bo‘yi shar shishirishadi. Bu ishda ayniqsa talabalar jonbozlik ko‘rsatadi. 2 500 nafar talaba gazballonchalar yordamida sharlarni shishirishda yordam beradi. Shu tariqa to‘r to‘lib boraveradi.
Tadbir bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan 27 sentabr kuni ertalab telekanallar shar shishirish jarayonini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda ko‘rsata boshlaydi.
Falokat
Bir necha kun avval meteorologlar tadbir o‘tkaziladigan kunda havo sovib ketishi, kuchli shamol esishi va yomg‘ir yog‘ishi haqida ogohlantirishgandi. Biroq tashkilotchilar bayramni ortga surishni xohlamaydi.
Ko‘ngillilar sharlarni shishirib qo‘yib yuborar ekan, qariyb 1,5 mln dona shar to‘rga ilinib, juda ulkan massani hosil qiladi. Shar shishirish yakuniga yetib, uni uchirishga tayyorgarlik boshlangach, ulkan to‘r kuchli shamol tufayli yirtilib ketadi.
Boshqa manbaga ko‘ra sharlar bilan to‘lgan ulkan to‘r havoga ko‘tarilayotganda binolardan biri uning arqonini kesib yuboradi. Oqibatda to‘r teshilib, sharlar ochiqqa chiqib keta boshlaydi.
Ichi geliy bilan to‘ldirilgan sharlar ochiq havoga uchib chiqqach kuchli shamol tufayli ular tezlik bilan atrofga tarqay boshlaydi. Qisqa vaqt ichida shahar ko‘chalari va atrofini shishirilgan sharlar qoplab oladi.
Pastda shar uchirish marosimini tomosha qilish uchun kelgan odamlar jarayonni hayajon bilan kuzatardi. Hodisa guvohi bo‘lgan mahalliy gazeta muxbiri Jyeyn Kaxun shundaay eslagandi:
"Sharlarni shishirayotgan ko‘ngillilarning soni ikki yarim ming atrofida edi. Bundan tashqari, atrofda ularning ishini ko‘plab odamlar kuzatib turardi. Ish yakunlanayotgani uchun odamlar hayajonlanardi.
Ulkan to‘r ichidagi rang-barang sharlar katta naqshinkor gumbazni eslatardi. Shu paytda kimdir signal berdi va to‘r bog‘langan arqonni bo‘shata boshlashdi. Sharlar osmonga ko‘tarila boshladi. Biroq shu paytda to‘r gumbaz binolardan birining minorasi ortiga o‘tdi, lekin u yerdan sharlar yaxlit emas, bo‘laklarga bo‘lingan holda chiqdi. Shundan so‘ng ular shamol yo‘nalishi bo‘ylab har yoqqa tarqala boshladi”.
Aslida geliy bilan to‘ldirilgan sharlar tepaga qarab uchadi. Biroq o‘sha kuni tushdan keyin havo sovib ketadi va yomg‘ir yog‘a boshlaydi. Shu sababli sharlar tepaga emas, yerga tusha boshlaydi.
Kuchli shamol ularni juda katta hududga sochib yuboradi. Shahar ichi va atrofida ko‘chalar, tomlar, suv yuzalari, hamma yoq sharga to‘lib ketadi.
Millionlab shar havoda uchib yerga tushar ekan, shahar aholisining quvonchi ichiga sig‘masdi. Chunki yerga yomg‘ir aralash shar yog‘ardi. Shuningdek, rekord o‘rnatgan tashkilotchilar ham xursand edi.
Falokat oqibatlari
1,5 mln dona shar hamma yoqni qoplab olgach, birinchi navbatda Klivlend shahri va uning atrofidagi ko‘chalarda, yo‘llarda transportlar harakati izdan chiqadi.
Oqibatda, 50 dan oshiq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ladi. Shundan so‘ng darhol shahar ichidagi yirik ko‘chalar va uning atrofidagi yirik magistral yo‘llar yopiladi.
Sharlar nafaqat yerda harakatlanayotgan transport vositalariga, balki samolyotlar parvoziga ham xalaqit qiladi. Shu sababli Klivlend aeroportida bir necha soat uchishi va qo‘nishi lozim bo‘lgan samolyotlarning barcha parvozlari bekor qilinadi.
Shahar yaqinidagi Eri ko‘li va daryo butunlay sharlar bilan qoplanadi. Bu ikki kishining o‘limiga sabab bo‘ladi.
Gap shundaki, o‘sha kuni ko‘lda qutqaruvchilar bedarak yo‘qolgan ikki baliqchini qidirayotgandi. Qidiruv ishlariga qayiqlar bilan birga vertolyot ham jalb qilingandi.
Havoda uchib yurgan sharlar tufayli ko‘lning yuzasini sharlar qoplab oladi va qutqaruvchilar baliqchilarni topa olishmaydi. Havoda uchib yurgan son-sanoqsiz sharlar sababli vertolyotning ham parvozi to‘xtatiladi. Oqibatda, baliqchilarni topib bo‘lmaydi va ular halok bo‘ladi.
Ko‘p o‘tmay halok bo‘lgan baliqchilardan birining xotini tadbir tashkilotchisi bo‘lgan United Way of Cleveland va Balloonfest kompaniyalarini sudga berib, 3,2 mln dollar tovon puli talab qiladi.
Havoga chiqib ketgan 1,5 millionta shar Klivlend va uning atrofiga tushgandan so‘ng ma’lum muddat o‘tib, ularning barchasi yoriladi va hamma yoqni rezina bo‘laklari bosib ketadi.
Bundan shahar kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, oqova suv tashkilotlari, fermerlar zarar ko‘radi. Shahar tozaligi uchun mas’ul bo‘lgan kompaniya xodimlari yorilgan sharlarni yig‘ishtirib olish uchun uzoq vaqt ancha mablag‘ va kuch sarflaydi.
Yorilgan sharlar oqova suv quvurlarga tiqilib, muammolar keltirib chiqaradi. Fermerlar esa o‘z yerlarini tozalash uchun jiddiy ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, yorilgan sharlar tufayli shahar atrofidagi yovvoyi tabiat jonzotlari, ko‘ldagi suv hayvonlari va qushlar nobud bo‘ladi.
Bundan tashqari, havodan yerga tushayotgan sharlar otlar saqlanayotgan fermaga tushadi va qimmatbaho arab otlarini hurkitib yuboradi. Oqibatda ularning bir qanchasi jarohatlanadi va otlarning egasi tashkilotchilarni sudga beradi.
Garchi yakuni ko‘ngilsizliklar va ekologik falokat bilan tugagan bo‘lsa ham Klivlendda shar uchirish tashkilotchilari o‘z maqsadiga yetadi – rekord o‘rnatiladi.
Biroq bu ishni Ginnessning rekordlar kitobiga kiritish oson bo‘lmaydi. Avvaliga rekordlarni qayd etuvchilar bunga rozi bo‘lmaydi.
Ancha payt davom etgan tortishuvlardan so‘ng Klivlenddagi sharlar festivali 1988 yilda chop etilgan Ginnessning rekordlar kitobiga “Bir paytning o‘zida havoga eng ko‘p shar uchirilgan” deb kiritiladi.
Aytgancha, o‘shanda juda ko‘p shar uchib, qo‘shni Kanada hududiga ham o‘tadi va ular yorilgach atrof shar bo‘laklariga to‘lib ketadi. Shunda Kanada hukumati amerikaliklardan atrof-muhitni tozalab qo‘yishni yoki xarajatni to‘lab berishni talab qiladi.
Amerikaliklar Kanada hududini ham tozalab beradi. O‘shanda ular Kanada hududidan 3 tonna og‘irlikdagi shar bo‘laklarini yig‘ishtirib olgan edi.
Klivlendda tashkilotchilar sharlar festivali uchun 500 ming dollar sarflashni mo‘ljallashgandi. Oxir-oqibat atrof muhitga, mulkdorlarga, kommunal soha va obodonlashtirish kompaniyalarga va boshqa ishlarga yetkazilgan zarar miqdori 7 mln dollardan oshib ketadi.
Xulosa shuki, Klivlenddagi hodisa insonning ko‘ngilxushligi uchun amalga oshiriladigan turli ishlarning barchasi ham xayrli yakun topmasligini va atrof-muhitga juda katta zarar yetkazib qo‘yish mumkinligini ko‘rsatdi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.