O‘zbekiston | 08:21 / 18.02.2024
5707
3 daqiqa o‘qiladi

FVV aholini tomdan tushishi mumkin bo‘lgan qor va muzlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarini qorli va sovuq kunlarda ko‘chada ehtiyotkorlik bilan harakatlanishga, binolar tomidan tushishi mumkin bo‘lgan qor va muzlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi havoning sovishi va qor yog‘ishi munosabati bilan ko‘chada ehtiyot bo‘lish va tomidan qor massalari hamda muz tushishi mumkin bo‘lgan binolardan masofa saqlash kerakligini eslatdi.

Vazirlik binodan chiqayotganda, tomlarda qor massalari, sumalaklar va muzlarning to‘planishi, ularning tushishi mumkin bo‘lgan joylarni chetlab o‘tishga e’tibor berish kerakligi, bolalarni xavfli deb hisoblangan joylarda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini ta’kidladi.

Vazirlik tavsiyalari:

  • Qor massalari, sumalak va muzlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan tomlari baland uylarga yaqinlashmaslik va bolalarning bunday joylarda o‘ynashi hamda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish kerak emas;
  • Agarda xavfli joyda panjarasi, ogohlantiruvchi belgilari mavjud bo‘lsa, ulardan o‘tishga urinmaslik, xavfli joyni boshqa yo‘l bilan aylanib o‘tish kerak;
  • Quloqchin taqqan holda ko‘chada yurish, tomdan tushayotgan qor massalari shovqinini eshitmaslikka olib kelishi mumkin;
  • Piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab harakatlanayotganda, yuqori qavatlarda shubhali shovqin eshitilsa, to‘xtash kerak emas, boshingizni ko‘tarib va u yerda nima bo‘lganini o‘ylab ko‘rish kerak. Ehtimol, bu qor massalari yoki sumalak va muzlar tushayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday vaqtda qochib ketish qiyin, imkon qadar tezroq bino devoriga yopishish kerak, bu xavfsiz bo‘lishga xizmat qiladi.
  • Avtotransport vositalarini tomi baland binolar yoki tepasida qor massalari, sumalak va muzlar bo‘lgan inshootlar yaqiniga qo‘yish kerak emas.
  • Agar odam tomdan tushgan qor massalari, sumalak va muzlar tufayli jarohatlansa, darhol tez yordam chaqirish kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda 17 fevral kuni Tashkent Index avtomobil bozorida sotilayotgan avtomobillar ustiga temir konstruksiyali soyabon (naves) qulagani haqida xabar berildi. Qayd etilishicha, soyabon yog‘gan qor og‘irligiga bardosh bera olmagan va 6 ta avtomobilga shikast yetgan.

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda yakshanba kuni harorat kechasi −3…−8 darajagacha pasayadi, kunduzi −3…+2 daraja atrofida bo‘ladi. Shimolda esa kechalari −11…−16 daraja sovuq bo‘lishi mumkin. Dam olish kunlari hududlarda asosan qor yog‘ishi, yo‘llarda yaxmalak hosil bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid