Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar rejali cheklovlar ekani ma’lum qilindi
Kecha, 18 fevral kuni 6,4 mln kWh defitsit kuzatilgan bo‘lib, buni taqsimlash uchun respublika bo‘ylab kunning tig‘iz vaqtida 400 MW'gacha cheklovlar kiritilgan. Energetika vazirligiga ko‘ra, shaxmat tartibidagi uzilishlar 2 soatdan oshmasligi kerak. Metan shoxobchalaridagi vaziyatga esa Buxoroda o‘nta gaz haydash agregatining avariyaviy o‘chishi ta’sir ko‘rsatgan. 17 fevralda ro‘y bergan avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlari 19 fevralga o‘tar kechasi yakunlangan.
Buxoro shahri, Qorako‘l va Olot tumanlarida 16 fevral kuni tushdan keyin boshlangan elektr tokidagi uzilish 1 sutkadan oshiqroq davom etgan. Bu haqda Kun.uz'ga mahalliy aholi vakillari ma’lum qildi.
Energetika vazirligining bildirishicha, Buxoro viloyatidagi 110 kW kuchlanishli “L-Gazli-1” va “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelgan.
Vazirlik matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev Kun.uz'ga bu borada ma’lumot berdi. Uning aytishicha, hozirda uzilishlar bartaraf etilgan.
“17 fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kW kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2”elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi tufayli “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8 ta hamda “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2 ta gaz haydash agregati favqulodda to‘xtagan.
Ular avariyaviy to‘xtagani hisobiga gaz bosimi nihoyatda pasayib ketgan. Gaz 7,5 ming metr pastdan qazib olinadi. O‘zi gaz bosimi past, agregatlar uni tepaga haydab beradi. Gaz bosimi minus harorat tufayli tushib ketgani bois “metan zapravka”lar faoliyatini birdaniga to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Agar hamma “metan zapravka”larga gaz bersak, ular gazni so‘rib oladi va aholi hamda ijtimoiy soha obektlariga gaz qolmas edi. Birinchi o‘rinda aholi va ijtimoiy soha obektlariga gaz yetkazib berish uchun “metan zapravka”lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritdik, ya’ni respublika bo‘yicha birato‘la to‘xtatdik.
Samarqand va Jizzaxda ham avariyaviy uzilish bo‘ldi. Buxorodagi avariyaga 17 fevraldagi kuchli shamol sabab bo‘lgan. Shamol ta’sirini bartaraf etish uchun kecha maxsus brigadalar ish olib borgan va eng oxirgi tiklash kecha 23:51da tugagan. Bu hududlarda hozir avariyaviy holat yo‘q, faqat 2 soatlik o‘zimiz kiritgan cheklovlar amal qilyapti. Cheklov 2 soatdan uzoq davom etmaydi”, – dedi u.
Hasan Toshxo‘jayev respublika bo‘yicha elektr toki va gaz yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ham ma’lumot berdi.
“Gaz bosimi pasayib ketgani uchun elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, generatsiya bilan shug‘ullanuvchi issiqlik elektr stansiyalarimizning ayrimlariga gaz yetkazib berish to‘xtatildi. Chunki ularning asosiy xomashyosi gaz, biz ma’lum miqdorda yetkazib bera olmaganimiz uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish ham pasayib ketdi. Biz eng ko‘pi bilan 400 MW'gacha cheklov kiritishga majbur bo‘ldik. Iqtisodiyotga ta’siri bo‘lmagan korxonalar faoliyati to‘xtatilyapti va o‘sha joylar o‘chirilyapti, ko‘pi bilan 50 ming iste’molchi elektr tokidan uzilyapti. Bu shaxmat tarzida amalga oshiriladi. 2 soat bir mahallada, yana 2 soat boshqa mahallada chiroq bo‘lmaydi. Shuning uchun kun davomida tok bo‘lmadi degan narsa bo‘lishi mumkin emas, biz markaziy elektr uzatish tarmog‘i faoliyatini tikladik, sutka davomida uzilish bo‘layotgan joylarda kichik stansiyalarda avariyalar bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, – deydi Toshxo‘jayev.
Vazirlik rasmiysi 19 fevral kuni AOKAdagi brifingda bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 18 fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 231,4 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 40,3 mln kubometr tabiiy gaz, 26,3 ming tonna ko‘mir hamda 10,7 ming tonna mazut yoqilgan.
Turkmanistondan esa 21,6 mln kWh elektr energiyasi import qilingan. Shunga qaramay, 18 fevralda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha defitsit 6,4 mln kWh'ni tashkil etib, mamlakatimiz bo‘ylab kunning tig‘iz vaqtida 400 MW'gacha cheklovlar kiritishga majbur bo‘lgan.
Energetika vazirligiga ko‘ra, elektr energiyasi va gaz ta’minoti bo‘yicha qandaydir muammolar paydo bo‘lsa, 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki Telegramʼdagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga, ko‘mir ta’minoti yuzasidan esa 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin.
O‘zgidrometning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga kirib kelgan sovuq havo massasi hafta davomida o‘z ta’sirini saqlab turadi.
Mavzuga oid
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
10:46 / 09.07.2024
Andijon, Farg‘ona va Surxondaryoda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi
16:48 / 06.07.2024
577 so‘mdan 998 so‘mgacha - IESlarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining tannarxi qancha?
14:04 / 03.07.2024