Jahon | 14:01 / 19.02.2024
4243
2 daqiqa o‘qiladi

Litva mudofaa vaziri F-16 iyunda Ukrainaga yuborilishini kutmoqda

Birinchi F-16 qiruvchi samolyotlari Ukrainaga iyun oyida yetib kelishi mumkin, dedi Litva Mudofaa vazirligi rahbari Arvidas Anusauskas. Sentyabr oxirigacha 12 ukrainalik uchuvchi mashg‘ulotlardan o‘tishi kutilmoqda. 

Foto: Mindaugas Kulbis/AP Photo/picture alliance

Amerikaning birinchi F-16 qiruvchi samolyotlari iyun oyida Ukraina qurolli kuchlariga topshiriladi, deb hisoblaydi Litva mudofaa vaziri Arvidas Anusauskas. «O‘ylaymanki, iyun oyida biz ularni Ukrainada ko‘ramiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi Foreign Policy jurnali 18 fevral, yakshanba kuni.

Litva vaziri tilga olgan sanalarni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etgan boshqa bir yevropalik rasmiy nashrga tasdiqladi. 

Foreign Policy ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev hukumati AQSh moliya yili oxirigacha, ya’ni oktyabr oyigacha F-16 samolyotlarida 12 nafar uchuvchi o‘qitilishini kutmoqda. 

Niderlandiya F-16’ni Ukrainaga topshirishga jadallik bilan tayyorlanmoqda 

Bir kun avval Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte DW nashriga bergan intervyusida uning mamlakati Daniya, Britaniya va boshqa koalitsiya davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga 24 ta F-16 qiruvchi samolyotini berish niyatida ekanini esladi. «Bu juda katta olg‘a siljish», dedi u. Ukrainalik uchuvchilarni o‘qitish va jangovar samolyotlarni yetkazib berishga tayyorlash «yuqori tezlikda» davom etmoqda, dedi Ryutte, ammo u aniq yetkazib berish sanasini aytishdan bosh tortdi. 

Belgiya va Norvegiya ham Kiyevga F-16 samolyotlarini yuborishga va’da berdi, ular gap qancha samolyot haqida ketayotganini ochiqlamadi. Daniya 2024 yilning ikkinchi choragida Ukrainaga oltita ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotni topshirishni rejalashtirmoqda. 

2023 yil noyabr oyi boshida Ruminiyadagi Feteshti harbiy-havo kuchlari bazasida ukrainaliklarni F-16 samolyotlarida o‘qitish markazi ochildi. Uchuvchilarni tayyorlash bir necha oy davom etishi kutilmoqda. 

 

Mavzuga oid