Ta’lim muassasalarida gazlangan va energetik ichimliklarni ichish va sotish taqiqlanishi mumkin
Maktab, kollej, litsey va oliygohlarda gazlangan va energetik ichimliklar hamda o‘ta tuzlangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish va sotishni cheklash rejalashtirilmoqda. Prezident farmoniga ko‘ra, hukumat yil oxirigacha bu borada qaror loyihasini ishlab chiqishi kerak.
Prezident farmoni bilan, O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom oziqlanishni ta’minlashning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hududida kuchli gazlanib shirinlashtirilgan va energetik ichimliklar hamda o‘ta tuzlangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol va realizatsiya qilish bo‘yicha cheklovlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasiga 2024 yil 4-choragigacha bu borada hukumat qarori loyihasini tayyorlash topshirilgan.
Bundan tashqari, strategiyada sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish, bunda to‘yingan yog‘li mahsulotlar, osh tuzi, shakar va yog‘li mahsulotlarning o‘rnini bosuvchi kerakli mikro-makroelementlar va oqsilga boy mahsulotlarning (meva-sabzavot, dukkakli, rezavor, baliq, sutli mahsulotlar, asal va boshqalar) iste’molini oshirishni targ‘ib qilish maqsadi ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ovqatlanish amaliyotlarini ko‘rib chiqish va aholining tushuncha va bilimlaridagi bo‘shliqlarni aniqlash borasidagi birlamchi tadqiqotlar va izlanishlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, yosh bolalar va go‘daklarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash ham strategiyaning sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib va tashviqot qilish ishlarini tashkil etish maqsadlaridan o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi maktablarga 500 metrga yaqin hududlarda shakarli, gazlangan va energetik ichimliklar hamda tez tayyorlanadigan taomlar savdosini taqiqlashni taklif qilgan edi.
Mavzuga oid
16:09 / 04.11.2024
Olimlar miyaning qarishini sekinlashtiradigan o‘yinni aniqladi
16:41 / 08.10.2024
Apple aqlli soatlari kasallikni bir necha kun oldindan prognoz qila olishi ma’lum bo‘ldi
15:59 / 07.10.2024
Spirtli ichimliklar yosh va sog‘lom odamlar yuragi uchun ham xavfli - tadqiqot
21:01 / 09.09.2024