Jahon | 15:45 / 20.02.2024
13432
5 daqiqa o‘qiladi

«Bu bir askarning boshqasiga qarshi urushi emas». Braziliya prezidenti G‘azodagi voqealarni holokostga tenglashtirdi

Braziliya prezidenti Lula da Silva Isroilni G‘azoda genotsid amalga oshirishda ayblagach, Isroil TIV uni persona non grata deb e’lon qildi, Braziliya esa Isroildagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib oldi.

Braziliya prezidenti Luis Inasio Lula da Silvaning G‘azodagi voqealar yuzasidan qilgan chiqishi Isroil bilan munosabatlarda murakkablik yuzaga keltirdi. U Isroilni G‘azo sektoridagi falastinliklarni genotsid qilishda ayblab, bo‘layotgan ishlarni Adolf Hitlerning yahudiylarni qirib tashlash uchun qilgan vahshiyligi bilan qiyosladi.

«G‘azo sektorida bo‘layotgan ishlar — urush emas, bu genotsid», – degan Lula da Silva yakshanba kuni Addis-Abebada bo‘lib o‘tgan Afrika ittifoqi sammitidagi chiqishi vaqtida jurnalistlarga.

«Bu bir askarning boshqasiga qarshi urushi emas. Bu yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan armiya hamda ayollar va bolalar o‘rtasidagi urush», – deya qo‘shimcha qilgan u.

«Aslida, bunaqasi avval ham bo‘lgan: Hitler yahudiylarni o‘ldirib yuborishga qaror qilganida», – dedi Braziliya prezidenti.

Lula da Silva g‘arb davlatlarining BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligiga (UNRWA) moliyaviy yordam ko‘rsatishni to‘xtatish borasidagi qarorini ham tanqid qilgan.

U shanba kuni Falastin bosh vaziri Muhammad Shtayye bilan uchrashib, Braziliya UNRWA’dagi ulushini oshirishini bildirgan va boshqa mamlakatlarni ham shunga chaqirgandi.

U shuningdek mojaroni ikki xalq uchun ikki davlat tuzish orqali hal qilishga chaqirgan, unga ko‘ra Falastin «nihoyat to‘liq va suveren davlat sifatida tan olinishi» lozimligini ta’kidlagan.

Isroilning reaksiyasi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisi bu so‘zlarni «sharmandali va dahshatli» deb atab, Braziliya prezidenti «qizil chiziqni bosib o‘tgani»ni bildirgan.

«Bu Holokostni qadrsizlantirish va yahudiy xalqiga hamda Isroilning o‘zini o‘zini mudofaa qilish huquqiga hujum qilishga urinish. Isroil va natsist Hitlerni solishtirish — qizil chiziqni kesib o‘tishdir. Isroil xalqaro huquqqa rioya etgan holda o‘zini himoya qilish va o‘z kelajagini ta’minlash uchun to‘liq g‘alabaga qadar kurashadi», – deyilgan Netanyahuning bayonotida.

Isroil TIV rahbari Israel Kats Braziliya prezidenti Luis Ignasiu Lula da Silva bu so‘zlari uchun uzr so‘ramagunicha Isroilda persona non grata bo‘lishini ma’lum qildi.

«Biz unutmaymiz va kechirmaymiz. Bu jiddiy antisemit ayblovdir. O‘z nomimdan va Isroil Davlati fuqarolari nomidan prezident Lulaga xabar yo‘llaymanki, u o‘z so‘zlaridan qaytmagunicha Isroilda qabul qilinmaydi», – deya uning so‘zlarini keltirgan Isroildagi i24 telekanali.

Vazir Braziliya elchisi Federiko Mayyer bilan Quddusdagi «Yad Vashem» holokost yodgorlik kompleksi hududida uchrashgan. «Men sizni natsistlar va Hitlerning yahudiylarga, jumladan mening oilam a’zolariga qilgna ishlari to‘g‘risida hamma narsadan ko‘ra ko‘proq so‘zlovchi joyga olib keldim», – degan u va Isroilning HAMAS bilan urushini natsistlar jinoyatiga tenglashtirishni sharmandalik deb atagan holda.

Braziliya prezidenti uzr so‘ramoqchi emas. Elchi chaqirib olindi

Lula da Silva G‘azo sektordagi harbiy amaliyotni tanqid qilgani va uni Holokost bilan tenglashtirgani uchun Isroildan uzr so‘ramoqchi emas, deya xabar berdi dushanba kuni CNN Brasil davlat rahbarining xalqaro ishlar bo‘yicha maxsus maslahatchisi Selsu Amorima.

«Biz doim katta hurmat bilan va ikki davlat tuzish yechimini (Isroil va bo‘lajak Falastin davlati) himoya qilib gapirganmiz, biz uzr so‘raydigan gap bo‘lgani yo‘q», – degan Isroil hukumatining Lula da Silvani persona non grata deb e’lon qilishiga javoban.

«Isroil o‘zini yakkalanib qolish holatiga tushirdi», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Folha de S.Paulo nashri yozishicha, Braziliya prezident mamlakat elchisi Frederik Meyyerni maslahatlashuv uchun chaqirib olgan. 

Xabarda qayd etilishicha, bu qaror diplomatik munosabatlar darajasiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Braziliyaning Tel-Avivdagi elchixonasini vaqtincha Braziliyaning Isroildagi muvaqqat ishlar vakili boshqarib turadi.

Mavzuga oid