Jahon | 15:20 / 20.02.2024
8775
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev: Polsha bilan chegarani to‘sib qo‘yish - xavfsizlikka tahdid

Ukraina-Polsha chegarasini to‘sib qo‘yish har ikki davlat uchun ham og‘ir ijtimoiy-siyosiy oqibatlarga olib keladi, deb hisoblaydi Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov. 

Foto: Omar Marques/AA/picture alliance

Ukraina va Polsha chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarini to‘sib qo‘yish har ikki davlat uchun ham og‘ir ijtimoiy-siyosiy oqibatlarga olib keladi, shuningdek, «mudofaalanayotgan davlat xavfsizligiga» to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid soladi, deya xabar berdi Ukraina jamoatchilikni rivojlantirish, hududlar va infratuzilma vazirligi 19 fevral, dushanba kuni idora boshlig‘i Aleksandr Kubrakovga asoslanib.

«Bunday harakatlar Rossiya deb atalmish umumiy dushmanga qarshi turishimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», — deyiladi xabarda. Unda, shuningdek, Ukraina infratuzilma vaziri Polsha milliy xavfsizlik byurosi rahbari Yatsek Severa bilan «blokadaga yo‘l qo‘yilmasligi» bo‘yicha shoshilinch muzokaralar olib borgani aytiladi. 

«Biz polshalik hamkasblarimizdan bunday holatlarning oldini olish va muammoni bir butun holda hal qilish uchun aniq harakatlarni kutamiz», — dedi Kubrakov. 

Polshada Ukraina bilan chegarani to‘sib qo‘yish davom etmoqda 

Bir kun avval OAVda 18 fevral kuni polshalik namoyishchilar Ukrainadan mamlakatga kirib kelayotgan, ichida yo‘lovchilar bo‘lgan poyezdlar va avtobuslarni to‘sib qo‘yishga uringani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. 

9 fevral kuni polshalik fermerlar Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import qilinishiga qarshi norozilik sifatida u bilan chegarani yana to‘sib qo‘yishni boshladi. Bu Yevrokomissiya 2022 yilda Rossiyaga qarshi urush fonida joriy qilingan Ukrainadan tovarlar importiga boj va kvotani to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni bir yilga uzaytirishni taklif qilganidan keyin sodir bo‘ldi. 

Ukrainaga qo‘shni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fermerlari fikricha, soddalashtirilgan yuk tashish tartibi ularning mahsulotlarini arzonlashtirib yuboradi.

Mavzuga oid